Maktabdor bo‘lish martabasi

Samarqand davlat universitetining shuhratini olamga tanitgan insonlar ko‘p bo‘lgan va hozir ham bor. Bu qutlug‘ dargohning keyingi yuz yillik tarixida ana shunday insonlardan biri, professor Mavlon Jo‘raqulov bo‘lganligini faxr tuyg‘usi bilan ayta olamiz. Chunki ustozning butun umri, kechirgan hayoti, amalga oshirgan ezgu ishlari universitet bilan bog‘liq bo‘ldi.

Nurotaning uzoq bir qishlog‘idan ilm istagida Samarqand sari intilgan ustozga taqdir universitet eshigini ochdi. Zamonasining dorilfununi bo‘lgan bu qutlug‘ dargoh unga tarix ilmidan saboq, rizq, oliy rutba – insoniylik martabasini berdi. Unga sodiq bo‘lgan shogird ham butun umrini universitet uchun baxshida etdi. Ustozni tanigan, bilgan, ilmidan, yaxshiligidan bahra olgan har bir inson bu yozganlarimiz ayni haqiqat ekanligini tasdiqlaydi.

Ustoz oliy dargohda bir insonning qo‘lidan kelishi mumkin bo‘lgan barcha ishni qildi. Oddiy assistentlikda ish boshlab, o‘qituvchi, katta o‘qituvchi, dotsent, professor, kafedra mudiri, fakultet dekani, prorektor, rektor lozimlarida ishladi va uning barchasini sharaf bilan uddaladi. O‘zining rahbarlik salohiyati bilan universitet tarixida sezilarli iz qoldirdi. Ta’lim-tarbiya jarayonini takomillashtirish, kadrlar tayyorlash sifatini yaxshilash, universitetning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash ishiga munosib hissa qo‘shdi. Oliy ta’limni boshqarishda o‘ziga xos rahbarlik maktabini yaratdi.

Ustozning rektorlik faoliyatidagi bir holatni ko‘pchilik yaxshi eslaydi. Domla ishga barvaqt kelar, 9 qavatlik binoning oldida qo‘yilgan  karavotga kelib o‘tirardi. Bu yer o‘ziga xos xalq qabulxonasi edi. Xodimlarni ham, muammo bilan keluvchilarni ham o‘sha yerda qabul qilardi, vazifalarni ham o‘sha yerda taqsimlardi. Hamma bunga o‘rgangandi. Soat 9 larda kabinetiga kelib, asosiy ishini boshlardi…

Ustoz universitetda o‘tgan umri davomida hech kimnikiga o‘xshamagan yaxshilik maktabini yaratdi. Ilm yo‘lida u kishidagi chidamni, dars berish usullarini, rahbarlik san’atini egallagan shogirdlar ko‘pchilikmiz. Yaxshilik ko‘rganlarining esa son-sanog‘i yo‘q.

Domlaning insonparvarlik xislatlarini eslar ekanmiz, beixtiyor o‘tgan asrning 70-yillari yodimizga keladi. O‘sha paytlari mazkur yodnomaning mualliflaridan biri sifatida (Behzod To‘raqulov) Moskvada Tarix ilmiy tadqiqot institutida tahsil olganman. Mavlon Jo‘raqulovichning malaka oshirishga yoki xizmat safari bilan Moskvaga 3-4 marta kelganlarini eslaymiz. Har kelganlarida holimizdan albatta, xabar olar, restoranlarga olib chiqib, qornimizni to‘yg‘azar, yana 50 so‘mgacha pul ham berib ketardi. Bu pulning qadrini ko‘rsatish uchun taqqoslash mumkin. O‘shanda 1 AQSh dollari 67 tiyinga to‘g‘ri kelardi. Yoki bir oylik aspirantlik stipendiyamiz 125 so‘m bo‘lardi va bu pul samolyot bilan Samarqandga bir marotaba borib kelishga yetardi.

Ustoz O‘zbekiston tarixi ilmida arxeolog olim sifatida tanildi. Uning nega aynan ana shu sohani tanlagani haqida o‘ylaganingizda hayratga tushasiz. Zukkoligi va uzoqni ko‘ra bilgan tadqiqotchi bo‘lganiga qoyil qolasiz. Jahon tamaddunida o‘z o‘rni bo‘lgan O‘rta Osiyo, uning, shubhasiz, yuragi sanaladigan Samarqandning qadimiy madaniyati hamon dunyo ma’rifatparvar ahlining diqqatini tortib kelayotganini ko‘rib turganingizdan keyin ustozning donishmand bir inson bo‘lganiga imkon keltirasiz.

Zarafshon vohasi arxeologiyasi bilan shug‘ullangan olim nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalarini yozdi, soha tadqiqiga oid o‘nlab monografiya, darslik va qo‘llanmalar e’lon qildi. O‘ziga ustoz va hamkasb hisoblagan mashhur arxeologlar – V.M.Masson, V.A.Shishkin, David Lev, Yahyo G‘ulomov, Ahmadali Asqarov, O‘tkir Islomov singari olimlar qatoridan munosib o‘rin egalladi. Payti kelib o‘zi ham Samarqandda arxeologlar maktabini yaratdi, shogirdlar tarbiyaladi. Ustozning serqirra va sermazmun faoliyatini bir so‘zga jamlaydigan bo‘lsak, Samarqanddagi maktabdor olimu murabbiylardan biriga aylandi.

Ustoz 88 yil umr ko‘rdi. Umrining oxirgi kunlariga qadar universitet haqida qayg‘urdi, mavridi kelganda o‘zining beminnat maslahatlarini berib turdi. Ulug‘larga xos salobat, donishmandlik, bosiqlik, fikrda teranlik oxirgi nafasigacha u kishining doimiy hamrohi bo‘ldi.

Bu tabarruk insonning sidqidildan qilgan mehnati zoye ketmadi. Vatan ham, xalq ham shunga yarasha siyladi. «Shavkatli mehnati uchun», «Mehnat faxriysi» medallari, «Oliy maktab a’lochisi», «O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi a’lochisi», «O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim fidoyisi» nishonlari, «Mustaqillik» esdalik nishoni va «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi» unvoni bilan taqdirlagani bu bag‘ri keng insonga xalqimiz va uning birinchi rahbarining e’tibori, ehtiromining dalili bo‘ldi.

Ustoz bugun oramizda yo‘q. Ammo siymosi bir lahza bo‘lsa-da, ko‘z o‘ngimizdan ketgan emas. Pandu nasihatlari yodimizdan ko‘tarilmagan. Bu o‘gitlar, hayot saboqlari bundan keyin ham biz bilan birga bo‘ladi. Biz bu ulug‘ zotni faqat ezgu amallari bilan birga eslaymiz, minnatdorlik tuyg‘usi bilan yodga olamiz. Haqlariga duoda bo‘lamiz.

Ustozning ruhlari shod, oxiratlari obod bo‘lsin!

 

Behzod TO‘RAQULOV,

Suyun KARIMOV.