Maktabga ajratilgan 7 million 290 ming so‘mlik maishiy jihozlarni talon-taroj qilganlar qonun oldida javob berdi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar sudi tahririyatga ushbu hukmlarni taqdim qildi.
Majburiy ijro byurosi Kattaqo‘rg‘on shahar bo‘limining elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini nazorat qilish sho‘’basi davlat inspektori O.Tayirov o‘ziga tegishli hududda istiqomat qiluvchi fuqaroning elektr energiyasidan qarzi mavjudligini aytib, xonadon egasidan 450 ming so‘m oladi, ammo to‘lov amalga oshirilganligi haqida iste’molchiga chek bermaydi va undirilgan mablag‘ni shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuboradi.
Kattaqo‘rg‘on tuman “Qoradaryo” elektr ta’minoti korxonasi boshlig‘i M.Mingboyev faoliyati davomida iste’mol qilingan elektr energiyasi to‘lovini hisob-kitob qilish, korxonada debitor va kreditor qarzdorlikni undirish kabi vazifalarga sovuqqonlik bilan qaraydi.
U 2017 yil 1 iyundan 2018 yil 1 aprelga qadar ulgurji iste’molchilarga yetkazib berilgan jami 8 milliard 584 million so‘mlik elektr energiyasi uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida undirish choralarini ko‘rmaydi. Natijada 1 milliard 326 million so‘mlik muddati o‘tgan debitor qarzdorlik kelib chiqishiga sababchi bo‘ladi. Bu borada iqtisodiy sudga da’vo arizasini kiritish, qarzdor korxona, tashkilot va muassasalar bilan solishtirma dalolatnomalar tuzish kabi ishlarga bepisand munosabatda bo‘ladi.
Korxona hisobchisi G‘.Qaxorov esa sarf qilingan elektr energiyasi uchun kelib tushgan mablag‘lar hisobini olib borish, korxonaning buxgalteriya hisobotlarini tayyorlash, qarzdor iste’molchilar ro‘yxatini shakllantirib elektr energiyasi sotish bo‘limi hamda korxona rahbariga taqdim qilish kabi vazifalarini bajarmasdan xizmat mas’uliyatini suiiste’mol qiladi. Oqibatda korxona byudjetiga katta miqdorda zarar keltiradi.
Kattaqo‘rg‘on shahridagi 11-ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi sobiq rahbari M.Nosirova direktorning xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari K.Aminov bilan til biriktirib, maktabga Yaponiya granti asosida ajratilgan jami 7 million 290 ming so‘mlik maishiy jihozlarni o‘zlashtirib, bu qilmishini yashirish maqsadida maktabga shu turdagi boshqa - arzon jihozlarni keltirib qo‘yadi.
Ular bu kabi qing‘ir ishlarini davom ettirib, maktabda farroshlik vazifasida aslida ishlamagan xodimlar nomiga yillar davomida jami 19 094 390 so‘m mablag‘ oylik maoshi yozib, ish haqi tabellariga soxta ma’lumotlar kiritadi. Shu zayl aksiyadorlik tijorat “Agrobank” Kattaqo‘rg‘on shahar filiali xodimi O.Muhammadiyev yordamida byudjet mablag‘larini noqonuniy o‘zlashtiradi.
Yuqorida aniqlangan holatlar jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar sudining ochiq sayyor sudida ko‘rildi va qoidabuzarlarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari asosida choralar ko‘rildi. Byudjetdan o‘zlashtirilgan mablag‘lar qaytarildi.