Maktablar reytingi: 7-o‘rin natija emas, tizimda muammolar talay, ularga barham berish shart
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Xalq ta’limi vazirligi tomonidan maktablar reytingini aniqlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va o‘tkazilgan tadqiqotlar natijalari e’lon qilindi.
Viloyat xalq ta’limi boshqarmasida zoom platformasi orqali ushbu natijalarning viloyatdagi ahvoli tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari X.Ochilov, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi viloyat bo‘limi boshlig‘i G‘.Boboxolov, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Sh.Sultonov ishtirok etdi.
Samarqand viloyati maktablar reytingida uch pog‘ona yuqorilab, 10-o‘rindan 7-o‘rinni band etgan. Viloyatdagi 16 ta tuman (shahar)lar orasida yuqori uchtalikni egallagan Kattaqo‘rg‘on shahar, Paxtachi va Oqdaryo tumanlari hamda viloyatda eng oxirgi o‘rinlarda bo‘lgan Ishtixon, Kattaqo‘rg‘on va Past Darg‘om tumanlari xalq ta’limi bo‘limlarining ish faoliyati tahlil qilindi.
Tahlil natijalari bo‘yicha oxirgi o‘rinlarda bo‘lgan xalq ta’limi bo‘limlari hamda maktablarda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan «Yo‘l xaritasi» ishlab chiqildi. Reytingda yuqori natija ko‘rsatgan maktablarning ish tajribasini ommalashtirish, birinchi o‘rinni egallagan umumta’lim muassasalari direktorlarini mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 10 baravari miqdorida bir martalik rag‘batlantirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.