Maktablar reytingi: Paxtachi, Jomboy, Toyloq yuqori, Qo‘shrabot, Urgut, Kattaqo‘rg‘on tumanlari past o‘rinlarni band etdi

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan umumta’lim muassasalarining milliy reytingi e’lon qilindi.

Milliy reytingda viloyatimizdan Paxtachi, Jomboy, Toyloq tumanlari yuqori natijani ko‘rsatgan bo‘lsa, Qo‘shrabot, Urgut, Kattaqo‘rg‘on tumanlari past natija qayd etdi.

Qayd etilishicha, viloyatdagi 581 maktab oliy toifali o‘qituvchilarga ega, 662 ta maktab esa yo‘q. Shuningdek, 141 ta maktabda birinchi toifali o‘qituvchi ham yo‘q.

Maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish ko‘rsatkichi yuqori hududlar sifatida – Paxtachi tumani (13,20 foiz), Samarqand (12,03 foiz) va Kattaqo‘rg‘on (10,65 foiz) shaharlari ko‘rsatilgan.

OTMlarga kirishda past ko‘rsatkichli hududlar – Kattaqo‘rg‘on (5,5 foiz), Samarqand (5 foiz), Urgut (2,4 foiz) tumanlari deb topilgan.

Mahalliy byudjetdan maktab ta’limini rivojlantirish uchun qilingan xarajatlar bo‘yicha Jomboy, Kattaqo‘rg‘on, Oqdaryo, Qo‘shrabot, Bulung‘ur tumanlarida yaxshi natija qayd etilgan.

Ammo respublikadagi o‘rtacha xarajat 30,23 ming so‘m bo‘lgani holda, viloyatda o‘rtacha xarajat 9,26 ming so‘mga to‘g‘ri kelgan.