Maktablarda o‘rnatilayotgan kuzatuv kameralari uchun ota-onalardan pul yig‘ish mumkin emas
Muxbirimizning “Bugun zamon talabiga mos ravishda maktablarda kuzatuv kameralari o‘rnatilmoqda. Bizga murojaat qilayotgan ota-onalarning ko‘pchiligi maktabga o‘rnatilayotgan kamera uchun pul yig‘ilayotgani va buning qanchalik qonuniyligini so‘rashmoqda. Aslida kamera uchun mablag‘ qayerdan ajratilishi kerak”, degan savoliga Samarqand shahar xalq ta’limi bo‘limi mudiri Nigora Sa’dinova quyidagicha javob berdi:
- Bu borada rejali ishlar belgilangan. Joriy yilning yozida “Xavfsiz shahar” tadbiri asosida o‘quvchilarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida ichki ishlar va Samarqand shahar hokimligi tomonidan ayrim maktablarning kirish joyiga hamda ko‘chalarga kameralar o‘rnatish ishlari amalga oshirilgan. Yaqinda Xalq ta’limi vazirligi tomonidan maktablarga kameralar o‘rnatish bo‘yicha yangi loyiha ishlab chiqilgan.
“Xavfsiz maktab” deb nomlangan ushbu loyihaga ko‘ra, kameralar chet el investitsiyasi hisobiga o‘rnatilishi belgilangan. Hozir loyihaning birinchi bosqichi Toshkent shahrida amalga oshirilmoqda. Ikkinchi bosqichda Samarqand shahri maktablariga kuzatuv kameralari o‘rnatilishi nazarda tutilgan. Bu loyiha investorlarga bog‘liq bo‘lgani uchun maktablarga kamera o‘rnatish ishlari vaqtincha to‘xtab turibdi.
Shunday ekan, ota-onalardan kamera uchun pul yig‘ish noqonuniydir. Agar birorta ta’lim muassasasi ota-onalardan pul yig‘ayotgan bo‘lsa, biz bunga qarshi chora ko‘rishga tayyormiz.