Maktablarda yangi o‘quv yilida darslar gibrid shaklida bo‘lishi mumkin. Bu qanday tashkil etiladi?
2021/2022 o‘quv yilida maktab yoshidagi bolalar orasida kasallik tarqalishi holatlari ko‘paygani sababli dars jarayoni gibrid shaklda davom ettirilishiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi.
Bunda maktabda yuzaga keladigan vaziyatga qarab maktab Sanitariya-epidemiologiya nazorati markazlari taklifiga asosan mahalliy kengashlar qarorlariga ko‘ra ayrim maktablar karantinga yopilib masofaviy tizimga o‘tkazilishi mumkin.
Bunday holatlarda o‘quvchilar ta’limni vaqtincha masofaviy shaklda uydan davom ettiradi. O‘quvchining masofadan ta’lim olishiga imkoniyat yaratish maqsadida Milliy teleradiokompaniyasi telekanallari orqali “Onlayn maktab” loyihasi doirasida efirga uzatilayotgan darslar davom ettiriladi.
Xalq ta’limi vazirligi an’anaviy ta’limni to‘liq tiklanishi uchun barcha tizim xodimlarini tezroq vaksina olishlarini so‘rab qolgan. Chunki hech qanday eng zamonaviy masofaviy ta’lim tizimi ham bevosita maktabdagi ta’lim o‘rnini bosa olmaydi.