Maktablarning necha foizi yangi o‘quv yiliga tayyor?

Yangi 2020-2021 o‘quv yili boshlanishiga bir oydan ortiqroq vaqt qoldi. Xo‘sh, bugun viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi umumta’lim maktablarining nechtasi yangi o‘quv yiliga tayyor? Bu borada qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Saidahmad Usmonov rahbarligida ZOOM platformasi orqali o‘tkazilgan onlayn yig‘ilishda ushbu savollar o‘rtaga tashlandi.

Ta’kidlash joizki, bugungi kunda umumta’lim maktablarining yangi o‘quv yili va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holatini onlayn nazorat qilib borish bo‘yicha Xalq ta’limi vazirligi tomonidan stat.uzedu.uz portali joriy qilindi. Bugungi kunda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi 1238 ta umumta’lim maktablarining barchasini stat.uzedu.uz bazasiga kiritish ishlari davom etmoqda. Shu bilan birga, maktablarda yangi o‘quv yili va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha aniq ma’lumotlar ham joylashtirib borilmoqda.

Darhaqiqat, ayni paytga qadar 400 dan ortiq umumta’lim maktablari yangi o‘quv yiliga tayyor. Qolgan umumta’lim maktablarida, jumladan, 53 ta maktabda investitsiya dasturi hamda Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qurilish-ta’mirlash ishlari davom etmoqda.

Bundan tashqari, viloyatdagi 124 ta maktabda isitish tizimini ta’mirlash, 57 ta maktabda yakka tartibda qozonlar sotib olish, 90 ta maktabni joriy ta’mirlash ishlarini olib borish, 62 ta maktabda hojatxona qurish va ta’mirlash, 7 ta maktabni toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, 35 ta maktab atrofini to‘siq devor bilan o‘rash, 2 ta maktabga yong‘in xavfsizligi signalizatsiyasi o‘rnatish, shuningdek, 2 ta maktab filiallarini ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi. Yangi o‘quv yili va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlariga mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 23,185 milliard so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan.

S.Usmonov onlayn yig‘ilishda tuman va shahar maktablarida yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ishlarining holati bo‘yicha xalq ta’limi bo‘limi mudirlarining hisobotini tingladi. Shuningdek, stat.uzedu.uz portaliga ma’lumotlarning kiritilish holatiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Maktablarda ta’lim sifati va samaradorligini oshirish bo‘yicha Xalq ta’limi vaziri tomonidan qabul qilingan buyruqlar ijrosini o‘z vaqtida ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalar berildi.

Boshqarma boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Qo‘ldosh Saidov umumta’lim maktablarida variativ o‘quv rejalarini keng joriy etish, ushbu yo‘nalishdagi amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar haqida to‘xtaldi.

Ta’kidlanganidek, Xalq ta’limi vazirining 2020 yil 15 iyundagi “Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida variativ o‘quv rejalarni tajriba-sinovdan  o‘tkazish to‘g‘risida”gi 144-sonli buyrug‘iga asosan yangi o‘quv yilidan 4 chorak davomida 7-,8-,9-,10-,11-sinflar uchun 12 ta yo‘nalish bo‘yicha variativ o‘quv rejalari joriy etiladi.

Onlayn yig‘ilishda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ishlarini o‘z vaqtida yakunlash, mavjud muammolarni ijobiy hal etish bo‘yicha kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.