Maktabni isitish uchun barcha choralar ko‘riladi
Kecha, 20 yanvar kuni zarnews.uz saytida Paxtachi tumani Tinchlik mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro Sakson Suvonovning “Nevaralarimiz qachon issiq xonalarda ta’lim oladi?” sarlavhali murojaati e’lon qilindi.
Murojaat tuman xalq ta’limi bo‘limi tomonidan o‘rganildi. Mazkur umumiy o‘rta ta’lim maktabi 2014 yilda 300 o‘ringa mo‘ljallanib, zamonaviy usulda qurilgan. O‘quv binosida ikkita “KOT-30” rusumli isitish qozonlari, shuningdek, 2020 dekabr oyida isitish tizimida suv aylanishini yaxshilash maqsadida ikkita “YeRA-32” rusumli suv aylantiruvchi (sirkulyar) nasoslari o‘rnatilgan. Shu bilan birga maktabga 25 tonna ko‘mir yetkazib berilgan.
Tuman xalq ta’limi bo‘limi ekspluatatsiya guruhi tomonidan murojaat qilingan kunning o‘zidayoq, ya’ni 20 yanvar kuni joyiga chiqib o‘rganilganida issiqlik tizimida nosozliklar yo‘qligi aniqlandi. Issiqlik qozonini me’yor darajasida isitib turish yuzasidan maktabning mavsumiy o‘t yoquvchilariga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
A.Nosirov,
Paxtachi tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri o‘rinbosari.