Maktabni kim obod qiladi?
Ayni kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda “O‘qituvchi majburiy mehnatga jalb qilindi” degan iddaolarga tez-tez duch kelyapmiz. Albatta, ushbu holatlarning har biri e’tibor markazida bo‘lib, holat o‘rganilganda o‘qituvchi emas, texnik xodimlar maktab hududidagi obodonlashtirish ishlariga jalb qilingani ma’lum bo‘lmoqda.
Shunday holatlardan biri Samarqand shahridagi 28-maktabda ro‘y berganligi to‘g‘risida ijtimoiy tarmoqlarda ma’lumot tarqaldi. Zudlik bilan ushbu holat o‘rganildi. Maktabda o‘qituvchilar emas, farroshlar hovlidagi begona o‘tlarni tozalayotgani ma’lum bo‘ldi.
Xo‘p, bu holatni majburiy mehnat, dedik. Ammo, aytingchi, maktabni kim obod qiladi? O‘qituvchi o‘zi mehnat qilib, halollab bola-chaqasining rizqini topayotgan ishxonasi — maktabning obodligiga hissa qo‘shsa nima qilibdi?! Begona o‘t bosib, tashlandiq joyga aylanayozgan maktab hovlisiga fayz kiritishda ba’zida farroshlarga yordam bersa yomonmi?! Xalqning farzandi voyaga yetayotgan muqaddas maskanning bir metr joyiga suv sepib qo‘ysa kam bo‘lmas! Vaholanki, ushbu kichik yumushlarga o‘qituvchining darsi qolib ketib yoki majburlab jalb qilinayotgani yo‘q va bunga yo‘l qo‘yilmaydi.
Qolaversa, maktabda o‘quvchilarni mehnatga, turli hunarlarga o‘rgatish ta’lim tizimining bir qismi bo‘lib kelgan. Nazarimda maktab hududida o‘qituvchi va o‘quvchilar belgilangan soatlarda ta’lim muassasasi obodonchiligi uchun birgalikda harakat qilib, ayni paytda bolalarimizni mehnat qilishga undash foydadan holi bo‘lmaydi.
Keyin yana bir gap. Yuqorida aytganimizdek, ayrim shaxsini yashirib, ig‘vo tarqatadigan kishilar bugun ijtimoiy tarmoqlarda go‘yo o‘qituvchining huquqini talab qilib, maktab hududida chelak yoki supurgi ko‘tarib yurganlarni pana-panadan rasmga olib, jar solyapti.
Misol uchun, Jomboy tumanidagi 15-maktabda uch nafar ayol kishining maktab hududidagi gul ekilgan maydonda obodonlashtirish ishlarini olib borayotgani yashirincha videoga olib tarqatildi. Video ostiga esa o‘qituvchilarga maktabga ketmon ko‘tarib kelish, o‘t o‘rish topshirilgani bo‘rttirilib, fikr qoldirilgan.
Albatta, ushbu holat ham o‘rganildi. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu video joriy yilning may oyida olingan bo‘lib, ijtimoiy tarmoqlarga avgust oyida tarqatilyapti. Afsuski, shaxsi noma’lum fuqaro real holatni bo‘rttirib ta’riflaganidek, maktabda o‘qituvchini ishga majburlangan holatning o‘zi yo‘q.
Eski videoning bugun tarqatilishi sog‘lom fikrlovchi insonning ishi emas. Ming afsuski, ayrim o‘qituvchilarning maktab direktori yoki rahbariyatiga shaxsiy xusumati borligi ortidan ham ana shunday safsatalar tarqatilayotgani yanada achinarlidir.
Darhaqiqat, o‘qituvchining o‘zi mehnat qilayotgan ma’rifat maskanining toza-ozodaligi, obod va ko‘rkamligiga oylab emas, o‘z ixtiyori bilan bir necha soatga bir jamoa bo‘lib, hashar qilib, og‘ir bo‘lmagan ishlarga o‘z hissasini qo‘shishidan fojia yasamaslik kerak. Axir har birimiz o‘rni kelganda tashkilot, korxonamizni obodligi uchun o‘z hissamizni qo‘shamiz-ku. Qolaversa, hashardek ota-bobolarimizdan qolgan ulug‘ an’analar bor.
Xullas, maktabni tashqaridan kelib, kimdir obod qilib bermaydi. Yangi o‘quv yiliga oz fursat qolgan ayni kunlarda, butun bir jamoa manfaatdor bo‘lib, rizqini shu yerdan topayotgan maskanda barcha ishni farroshlarning yelkasiga tashlab qo‘yish ham insofsizlik. O‘z ish joyimizni mehr va e’tibor bilan obod va ko‘rkamligiga hissa qo‘shaylik. Har qanday holatni “majburiy mehnat” deb, atashdan va yashirincha rasm, videoga olib uni tarqatishdan oldin, uning qayerda va qanday maqsadda tashkil etilganiga ozgina e’tibor qaratilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Nabixon G‘afurov,
Samarqand viloyati xalq ta’limi
boshqarmasi Faxriylar uyushmasi raisi.