Mardon boboning xazinasi yoxud paxtachilik fidoyi inson, qatag‘on qurboni Mardon Rayimqulovni eslab

Mardon Rayimqul juvozchining to‘ng‘ich farzandi bo‘lgan. Paxtachining Zarafshon daryosiga yaqin Xarsang qishlog‘ida yashashgan, juvozchilikdan kun ko‘rgan. Tirikchiligini bir amallab o‘tkazgan.

Ra­yimqul bobo "Karmana paxta tozalash zavodi"da 13 soatgacha ishlagani, tinka-madori qurib uyga qaytgani alam qildimi, bolalariga o‘qish imkoniyatini berdi.

Qolaversa, Mardon yoshiga nisbatan ancha tetik rivojlandi. Farosati, zehni ham o‘tkir. Biror ishni bir marta qilib ko‘rsatsang, binoyidek uddalab ketadi. Ota-onasining zamona haqidagi suhbatlarini ham berilib tinglaydi. Shuning uchun er-xotin ana shu farzandiga katta umid bog‘ladi.

Rayimqul bobo Mardonni o‘zi ishlayotgan paxta tozalash zavodiga olib ketdi. Ziyrak o‘spirin u yerdagi ishchilar davrasida yana ham o‘sdi, ishlash barobarida dunyodan xabardor bo‘ldi. Bir-ikki safdoshiga qo‘shilib, savodsizlikni bitirish maktabida o‘qidi, otasining qistovi bilan muallimlardan qo‘shimcha tahsil oldi. Ishda ham Mardon tezda nazarga tushdi. Shu sababli bir yil ichida o‘sha davr yoshlarining avangardi - komsomol safiga qabul qilindi. Keyin Sankt-Peterburgdagi bir yillik maxsus harbiy maktabga o‘qishga yuborildi. Darvoqe, u bu yerda o‘zbek armiyasining bo‘lg‘usi asoschilaridan biri Mirkomil Mirsharopov bilan birga tahsil oldi. Maktabni muvaffaqiyatli tamomlagach, 126-tog‘ kavaleriya polkining 3-eskadroniga siyosiy komissar etib tayinlandi. Bu eskadronning vazifasi Chorjo‘, Qarshi, Nurota va Xatirchi hududlari aholisi xavfsizligini ta’minlashdan iborat edi.

M.Rayimqulov safdoshlari qatorida bu vazifani sidqidildan bajardi va M.Frunzening qo‘lidan qilich sovg‘asini oldi.

1926 yilda armiya safidan zaxiraga bo‘shagan 23 yoshli Mardon komandir Toshko‘p­rik (hozirgi Paxtachi) va Narpay voloslarida yer-suv islohoti o‘tkazish, komsomol tashkilotlari, batrak va qo‘shchi uyushmalari tuzish, xotin-qizlarni ma’rifatga chorlashga safarbar etildi. U Totkent, Mirbozor, Ziyovuddin va Sultonobodda yangi turmushni barpo etish borasida odamlar o‘rtasida chinakam ibrat ko‘rsatdi. Shuning uchun o‘sha qishloqlarning katta yoshli aholisi hozirgacha Mardon bobo nomini hurmat bilan tilga oladi.

Fidoyilik, tajriba e’tiborsiz qolmadi. Uni 1928 yilda Xatirchi tumani partiya qo‘mitasiga bo‘lim mudiri, yetti oydan keyin esa O‘zKP Markaziy Qo‘mitasining tumandagi tashkilot­chisi etib tayinlashdi. 1930 yilning may oyidan Kattaqo‘rg‘on, 1931 yilning yanvaridan esa Narpay tumanida partiya qo‘mitasi birinchi kotibi bo‘lib ishladi. O‘shanda u Zarafshon okrugi partiya qo‘mitasi byurosi hamda plenum a’zosi etib saylangandi.

Okrug tugatilgach, M.Rayimqulov Narpay, keyinchalik Qorako‘l tumanlari partiya nazorati komissiyasi va ishchi-dehqon inspeksiyasi raisi bo‘lib ishladi.

Ming afsuski… Qatag‘on siyosati Zarafshon vohasining yetuk jamoat arbobi M.Rayimqulovni ham chetlab o‘tmadi. 1933 yilda u bir qator safdoshlari qatori siyosiy ayblov bilan qamoqqa olindi va jazo muddatini Sibirning sovuq o‘lkalarida o‘tadi. Ana shunday alamli va iztirobli kunlarda, og‘ir sharoitlarda bu davlat millat fidoyilariga yon bosmasligini tushunib yetdi. Hayotga bo‘lgan nuqtai nazarini o‘zgartirdi. Garchi, 1938 yilda muddatni o‘tab qaytib kelgan bo‘lsa-da, faqat I.Stalin vafotidan keyin butunlay oqlandi.

Mardon bobo dardini ichiga yutib yashadi. Bir paytlar «xalq dushmani»ning farzandlari bo‘lgan o‘g‘il-qizlarini ilmli qilishga, xalq xizmatida bo‘lishga tayyorladi. Farzandlarining aytishiga qaraganda, Mardon bobo 1991 yil­ning 31 avgust kuni mustaqillik e’lon qilinganida o‘kirib-o‘kirib yig‘lab olgan. Undan keyin umrining oxirgi kuni - 1992 yilning kuzigacha har kuni ertalab fotihaga qo‘l ko‘targan:

- E, Xudo, men ko‘rgan og‘ir kunlar tarix bo‘lsin! Erkinligimizga, bolalarimning baxtiga ko‘z tegmasin.

Maqola sarlavhasini bejiz qo‘ymadik. Juvoz haydagan paytda yosh Mardon bobosiga tuya charchaganini, yoshroq tuya sotib olish kerak­ligini aytdi. «Hozircha mablag‘ yo‘q, hazina izlayapman, topsam, tuya ham olamiz, ot ham olamiz».

- Bobo, xazinangizni qachon topasiz?

- Topaman, bolam, topaman!

Rayimqul bobo o‘shanda bejiz va’da bermagan. Bu xazina o‘zining o‘g‘li bo‘lib chiqdi. Xalqning obro‘siga, davlatning e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Bu xazinaning qolganlarini Mardon boboning o‘zi topdi. Misol uchun, o‘g‘li Otaqul qariyb 40 yil Paxtachida muallim bo‘lib ishladi. Hozirda ham atrofdagilarning izzatida, kattayu kichik bu odamni taniydi.

Darvoqe, M.Rayimqulov Buvish aya bilan to‘qqiz nafar farzandni tarbiyaladi. Qurbon va Melining umri kalta ekan. Saodat, Safar, Muhabbat shifokor bo‘ldi. Bahrom, Sanjar muhandis, Xoliqul esa ichki ishlar tizimini tanladi. Aytganday, Otaqul akaning nevarasi Lolaxon Moskva davlat universitetida tahsil olyapti. Bu ham Mardon boboning bitta xazinasi. 30 nafarga yaqin nevara va 15 dan ortiq chevaralarning barchasi oliy ma’lumotli. Mana bunisi esa tuganmas xazinadir. Umuman, paxtachiliklar Rayimqulovlar sulolasiga hamisha havas qilishadi. Bu gaplarimizdan esa tug‘ilganiga 100 yil to‘lgan Mardon Rayimqulovning pok ruhi shod bo‘lishidan umid qilamiz.

Olim XO‘JAYeV.