Markaziy bank 13 ta bankka nisbatan sanksiya qo‘lladi

O‘zbekistondagi 13 ta tijorat banklari tomonidan iste’molchilarning huquqlarini himoya qilishda qoidabuzarlikka yo‘l qo‘yilgan. Markaziy bank matbuot xizmatining xabar berishicha, ular orasida Samarqand banklari ham bor.

Bank xizmatlari iste’molchilari huquqlarini himoya qilish xizmati tomonidan tijorat banklari va ularning joylardagi muassasalari to‘lov terminallari bilan ta’minlangani, to‘lovlar qabul qilinishi va bank kartalaridan naqd pul mablag‘lari berilishi hamda terminal orqali to‘lovlarni amalga oshirish yoki pul mablag‘ini naqdlashtirish bo‘yicha xizmat ko‘rsatilganda bank karta egasiga “PIN-kod”ini mustaqil terishga imkon yaratib berilgani bo‘yicha nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.

Xususan, tijorat banklarining Andijon, Farg‘ona, Buxoro, Samarqand va Toshkent viloyatlarida faoliyat yuritayotgan muassasalarida nazorat tadbirlari o‘tkazildi.

Mazkur hududlarda ayrim bank muassasalarida mijozlarga bank kartalari orqali xizmat ko‘rsatishda qoidabuzarlik holatlari aniqlandi va bunga yo‘l qo‘ygan tijorat banklariga nisbatan belgilangan tartibda sanksiyalar qo‘llanildi.