Markaziy Osiyoning dastlabki muzeyi Samarqandda tashkil etilgan

Samarqand muzeyi Markaziy Osiyoda tashkil etilgan dastlabki muzeylardan biri hisoblanadi. Muzey avvalo, o‘sha vaqtda mustamlakachi Rossiya imperiyasi ma’murlari uchun o‘lkani chuqurroq o‘rganish, uning tabiiy boyliklarini o‘zlashtirish uchun tashkil etilgan bo‘lsa, Turkistondagi mahalliy ziyolilar va yevropalik aholining bir qismi uchun qadimiy asori-atiqalarning chetga chiqib ketmasligini ta’minlovchi, ularni bir joyga to‘plovchi vosita hisoblangan.

1868 yilda Samarqand ruslar tomonidan istilo etilgach, ko‘p o‘tmay 1874 yilda qurib bitkazilgan Zarafshon okrugi boshqaruvi binosi (hozirgi Samarqand shahar hokimiyati binosi)da arxeologik muzey tashkil etildi. Tez orada muzeyda 5 mingdan ziyod arxeologik, numizmatik ashyolar va qo‘lyozmalar to‘plandi. Samarqand muzeyi ashyolari 1876 yilda Moskvadagi ko‘rgazmada, 1878 yilda Toshkentdagi ko‘rgazmalarda namoyish etildi. 1881 yilda imperator Aleksandr II ning o‘rniga taxtga Aleksandr III ning kelishi Turkiston o‘lkasiga ham ta’sir qildi. O‘z navbatida, Turkiston general-gubernatori va Zarafshon okrugi gubernatori ham almashdi.

M.Chernyayev fon Kaufman davrida amalga oshirilgan o‘zgarishlarni yo‘qqa chiqara boshladi. Masalan, Toshkentdagi xalq kutubxonasi (hozirgi O‘zbekiston milliy kutubxonasi) Toshkent muzeyining kitob omboriga aylantirildi. 1882-1883 yillarda Samarqand muzeyining kolleksiyasi ham Toshkent muzeyiga olib ketildi.

Shunday keyin ham okrug kanselyariyasida qolgan ba’zi arxeologik ashyolar asosida muzey kolleksiyasi boyishda davom etdi. 1894 yilda Samarqandda o‘tkazilgan ko‘rgazmada Samarqand muzeyi ashyolari qatnashganligi buning dalilidir.

1896 yilda kapitan Barщyevskiy kolleksiyasini 1-gildiya savdogari Reshetnikov sotib oldi va Samarqand muzeyiga sovg‘a qildi. Shu yil 21 iyulda Georgiy cherkovi (hozirgi O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi joylashgan) binosida Samarqand muzeyi rasmiy ravishda qaytadan ochildi.

1911 yilda muzey uchun alohida bino qurildi (hozirgi Abu Rayhon Beruniy nomidagi yoshlar kutubxonasi binosi) va muzey shu binoga ko‘chib o‘tdi.

1933 yilda muzey kolleksiyasining bir qismi Registon ansamblidagi Ulug‘bek madrasasi ichiga ko‘chirildi.

1939 yilda savdogar Avraam Kalontarovning uyi (hozirgi viloyat o‘lkashunoslik muzeyi binosi) muzey uchun foydalanishga topshirildi va muzey shu joyda faoliyat boshladi.

1979 yilda Registon maydoni yaqinida Samarqand muzeyi uchun yangi bino qurib bitkazildi va ushbu binoda 2009 yilgacha Samarqand muzeyi faoliyat olib bordi.

1982 yilda O‘zbekiston hukumati qarori bilan Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi tashkil etildi va viloyatdagi barcha yodgorliklar hamda muzeylar ushbu tuzilma tarkibiga kiritildi.

2009 yildan Samarqand muzeyi Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi, 148-uyda faoliyatini olib bormoqda.

2017 yilda O‘zbekiston hukumati tomonidan Samarqand muzeyi uchun shaharning eski shahar qismidan yangi maxsus bino qurish uchun 70 milliard so‘m mablag‘ ajratildi va qurilish ishlari 2020-2027 yillar davomida amalga oshirilishi belgilandi.

Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi tarkibiga bugungi kunda 8 ta muzey va 10 ta me’moriy yodgorlik hamda 2 ta ziyoratgoh kiradi. Ushbu muzey va yodgorliklarda 300 ga yaqin ilmiy va boshqa xodimlar mehnat qilishmoqda.

Mahmudxon YuNUSOV,

Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi bosh muhofizi.