Masxaraboz-shoumen Ukrainaga prezident bo‘ladimi?
Ukrainalik teleboshlovchi va aktyor Vladimir Zelenskiy mamlakat prezidentligi uchun o‘tayotgan saylovoldi kurashlarining birinchi bosqichida g‘olib chiqdi. Dastlab u o‘z nomzodini mamlakat prezidentligiga qo‘yganida ko‘pchilik xuddi kinodagidek rol o‘ynamoqda, deb o‘ylagandi. Chunki u “Xalq xizmatkori” komediyasida oddiy o‘qituvchilikdan to mamlakat prezidenti lavozimigacha bo‘lgan mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tgan qahramoni rolini qotirib o‘ynab qo‘ygan edi.
Xo‘sh, bu nomzod aslida kim? U nima uchun bunday yuksak lavozimda o‘tirishni istab qoldi? Nima uchun ukrain xalqi siyosat bobida tajribasiz bo‘lgan oddiygina boshlovchini o‘zlariga rahbar qilib qo‘yishni istamoqda?
2000 yillarning boshida Rossiyaning «Quvnoqlar va zukkolar» (KVN) teleo‘yinining oliy ligasida Ukraina sharafini himoya qilgan «95 kvartal» jamoasiga yosh iste’dod egasi Vladimir Zelenskiy sardorlik qilardi. Keyinchalik KVN rahbari V.Maslyakov bilan kelisholmay, jamoasi bilan o‘yinni tark etdi. Kiyev shahrida «95 kvartal» nomli ijodiy studiyani tashkil etish bilan birga o‘z qobiliyatini telekanallardagi qator shou va ko‘rsatuvlarda boshlovchi sifatida namoyon qila boshladi. Uning “Inter” telekanalida namoyish etiladigan «Tungi kvartal»i Ukraina teleko‘rsatuvlari ichida reytingi juda yuqorilab ketdi.
2019 yilning 1 yanvarida «Tungi kvartal»ning yangi yil bayrami sonida Zelenskiy prezidentlikka o‘z nomzodini qo‘yishga qaror qilganini aytdi. Aynan shu kundan boshlab xuddi “Xalq xizmatkori” filmidagi qahramoniga o‘xshab mamlakat yetakchisi bo‘lish orzusini amalga oshirishga harakat qila boshladi. Natijada uch oy ichida qariyb 40 nafar prezidentlikka da’vogarlar orasida eng reytingi baland nomzodga aylandi. Ular orasida taniqli siyosatdonlar, biznesmenlar, sobiq bosh vazir Yu.Timoshenko va amaldagi prezident P.Poroshenkolar ham bor.
Amaldagi prezidentning dastlabki bosqichda nisbatan kam ovoz olgani tabiiyki, mamlakatning bugungi kundagi ahvoli bilan bog‘liq. Ko‘pgina ukrain siyosatchilari uning ikkinchi turdan nariga o‘tolmaydi degan fikrdalar. Chunki u nafaqat ayol-siyosatchi Yu.Timoshenko balki V.Zelenskiyga ham imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
Bu yerda Rossiyaning ham o‘z «nomzodi» bor – tadbirkor Yuriy Boyko saylovlar arafasida Moskvaga kelib Rossiya bosh vaziri D.Medvedev bilan tabiiy gaz masalasida uchrashdi. Ammo, uning saylovlarda g‘alaba qozonish imkoniyati juda past. Dastlabki saralashda u bor-yo‘g‘i, 10 foiz ovoz bilan 4-o‘rinda qoldi. V.Zelenskiy nafaqat mamlakat Prezidenti P.Poroshenko, hatto 15 yildan beri mamlakat yetakchisi bo‘lishga urinib kelayotgan Yu.Timoshenkodan ham ochkolarni yulib oldi.
Ukraina xalqi V.Zelenskiyga eski va shum siyosatdonlarga qarshi bosh ko‘tarib chiqqan yangi nom sifatida ovoz berishdi. Odamlar uning mashhurligi uchun emas, balki, mamlakatni nochor ahvolga solib qo‘ygan hozirgi prezidentdan bezor bo‘lganligi uchun ham «yangi nomzod»ga ovoz berishmoqda. Chunki bugun Poroshenko mamlakatni halokat yoqasiga olib keldi. Aholi jon boshiga YaIM darajasi jahonda 130-o‘rindan ham pastga tushib ketganligi, qashshoqlikdan qiynalgan ukrainlarning ish izlab xorijga ommaviy tarzda chiqib ketishi bunga sabab bo‘lgan bo‘lsa, ne ajab.
V.Zelenskiy so‘zga chechan, serg‘ayrat, eng qiyin vaziyatdan ham chiqib keta oladigan tajribali shoumen bo‘lsa ham shu paytgacha siyosatga umuman aralashmagan. Ko‘pchilik uni AQSh prezidenti D.Trampga o‘xshatishmoqda. Chunki, ularning ikkisi ham ishbilarmon. To‘g‘ri, turli yo‘nalishlarda tadbirkorlik qilishadi, ammo yakunda ikkalasi ham g‘olib bo‘ladi. Zelenskiy o‘z studiyasini rossiyalik ijodiy hamkorlari yordamida klip, kino va turli teleseriallar «ishlab chiqaradigan» yirik korxonaga aylantirdi. Shuningdek, u mamlakatda mashhur bo‘lgan «Inter» telekanalining bosh prodyusseri sifatida ham tanilgan. Eng muhimi, Zelenskiy ham Tramp kabi siyosatdagi ishlarini jamoasiz, noldan boshlashgan.
Ammo, baribir, ular o‘rtasida farq bor. AQSh prezidenti saylovlarda faqat o‘zi harakat qilgan bo‘lsa, ukrainalik nomzodning tayanchi ukrainalik oligarx Igor Kolomoyskiy turibdi. Ularni o‘zaro hamfikrlilik bog‘lab turibdi. Oligarx hozir P.Poroshenko bilan bir-biriga dushmanlik holatda. Chunki Prezident undan urush boshlangan 2014 yilda Dnepropetrovsk shahri rahbarligini olib qo‘ygan edi. Keyinchalik Ukrainadagi yirik banklaridan biri bo‘lgan «Privatbank»ini Kolomoyskiy tasarrufidan chiqarib yubordi. V.Zelenskiyning g‘alaba qozonishi yo‘qotilgan mulklarini qaytarib olish va siyosatda o‘z o‘rnini topishda yordam berishi mumkin.
Savol tug‘iladi, agar masxaraboz-shoumen prezident bo‘lsa, hozirda mamlakatni o‘zaro bo‘lib olgan korchalonlar bilan muammolarni qanday hal qiladi? Rossiya bilan munosabatlar-chi?
So‘nggi paytlarda V.Putin Rossiyani jahon arenalarida doimo tanqid qilib kelgan P.Poroshenkoning qo‘ng‘iroqlariga javob bermay kelayotgandi. Endi-chi, Rossiya yetakchisi uzoq yillar davomida u olib borayotgan siyosat ustidan kulib kelgan masxaraboz bilan teng huquqli hamkorlardek jiddiy gaplasha oladimi?
Buni esa joriy yilning 21 aprel kuni Prezidentlikka saylovlarning ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tgach bilib olishimiz mumkin. Agar u g‘olib bo‘lgan taqdirda ham yolg‘iz o‘zi mamlakat siyosatini o‘zgartirishi juda qiyin. Chunki shu yilning 27 oktyabrida mamlakat parlamentiga ham saylovlar bo‘lib o‘tadi. Bu partiyasi yo‘q bo‘lgan prezident uchun haqiqiy boshog‘riq bo‘lishi mumkin. Nima bo‘lgan taqdirda ham bir necha yillardan buyon urush harakatlari davom etayotgan Ukrainada o‘z fikriga ega, o‘z xalqi bilan hisoblashadigan yetakchi kelishiga umid qilib qolamiz. Prezidentlikka nomzod Vladimir Zelenskiy xuddi kinodagidek xalq xizmatkori bo‘lishi oson bo‘lmasligini his qildi. Chunki mamlakatni boshqarish har hafta televizor ekranlaridan turib, mamlakatni halokat yoqasiga olib kelgan, uquvsiz siyosatchilarni tanqid qilishdan ko‘ra ancha og‘ir bo‘ladi.
Dilmurod TO‘XTAYeV tayyorladi.