Matematika fani o‘qituvchilari nega qattiqqo‘l va talabchan bo‘ladi?

Ko‘pchilikda matematika fani o‘qituvchilari haqida shunday tasavvur mavjud. Emishki, ular qat’iy, talabchan va ba’zan “qattiqqo‘l” bo‘lishadi. Chunki matematika boshqa fanlardan farqli uzviylikka kuchli bog‘langan fan. Birgina mavzudagi bo‘shliq keyingi bilimlarni o‘zlashtirishni qiyinlashtirishi mumkin. Shu sababli ham matematika fani ustozidan qat’iy tartib, aniqlik va talabchanlik talab etiladi. Demak, bu fan o‘qituvchisining qattiqqo‘lligi metodik zaruratdan kelib chiqadi.

Masalan, 1969 yildagi Oyga parvoz jarayonida kichik xatolik butun missiyaning muvaffaqiyatsiz tugashiga olib kelishi mumkin edi. Qiziqarli jihati shundaki, “Apollo-11” missiyasini boshqargan kompyuterlarning hisoblash quvvati bugungi oddiy telefonnikidan ancha past bo‘lgan. Ammo aniq matematik hisob-kitoblar tufayli insoniyat bu ulkan marraga erishdi. Demak, matematika xatoni kechirmaydigan fan. Uni o‘rganishda ham aniqlik, ham intizom zarur.

5–6 sinflarda o‘quvchilar sonlar va kasrlar orqali fikrlashni o‘rganadi. Agar shu bosqichda bilim sust bo‘lsa, 7–9 sinflardagi algebra va geometriya ularga qiyinchilik tug‘diradi. Yuqori sinflarda esa funksiyalar va murakkab tahlillarni tushunish yanada mushkul bo‘ladi. Buni anglagan ustoz tabiiyki, talabchanlikni oshirishga majbur.

Keyingi yillarda ota-onalar orasida matematika fani o‘qituvchilarining “qattiqqo‘lligi” haqida turli fikrlar paydo bo‘lyapti. Ayrim hollarda bu noroziliklarni ham keltirib chiqaryapti. Aslida bu holatni to‘g‘ri tushunish muhim ahamiyatga ega.

Yaponiya ta’lim tizimida matematika darslari “kamroq mavzu – chuqurroq tushunish” tamoyiliga asoslanadi. O‘quvchilar ko‘p misol yechishdan ko‘ra, bitta masalani turli usullar bilan tahlil qilishga o‘rgatiladi. Darslarda o‘qituvchi tayyor yechimni bermaydi, aksincha, o‘quvchilarni mustaqil fikrlashga yo‘naltiradi.

Ayniqsa, Yaponiyada “Lesson study” (darsni birgalikda tahlil qilish) usuli keng qo‘llanadi. Unda o‘qituvchilar bir darsni oldindan birga rejalashtirib, keyin uni kuzatib tahlil qiladi va takomillashtiradi. Ushbu pedagogik uslub tufayli yapon o‘quvchilari xalqaro matematika olimpiadalari reytinglarida doim yuqori o‘rinlarni egallab keladi.
Bundan shuni xulosa qilish lozimki, matematika fanini o‘qitishda qat’iylik bilan birga chuqur tushuntirish va hamkorlik muhim ahamiyatli masala.

Yulduz ABUBAKIROVA,
Past Darg‘om tumanidagi 21-umumiy o‘rta ta’lim maktabining matematika fani o‘qituvchisi.