Maxsus elektron reyestrda korrupsionerlar ro‘yxati yuritiladi
Mazkur elektron reyestrga kiritilgan shaxslarga esa quyidagilar taqiqlangan:
➖ davlat xizmatiga kirish va davlat mukofotlari bilan taqdirlanish;
saylanadigan va tayinlanadigan lavozimlarga nomzod ko‘rsatish;
➖ jamoatchilik kengashlari hamda idoralararo kollegial organlarga a’zo bo‘lish;
➖ davlat aktivlarini xususiylashtirish bilan bog‘liq tender va tanlov savdolarida ishtirok etish;
➖ davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilot va davlat ta’lim muassasalarida rahbarlik qilish.
Yangi Namangan tuman prokuraturasi tergovchisi, 2 darajali yurist Oybek Tojiboyev korrupsionerlar elektron ro‘yxati va va bu illatga qarshi kurashish xususida fikr bildirdi.
Hech birimizga sir emaski, korrupsiyaga qarshi to‘xtovsiz kurash olib borilmas ekan, har qanday davlatda ilm-fan, sog‘liqni saqlash, iqtisodiyot, bank-moliya, sud-huquq, davlat boshqaruvi va boshqa inson manfaatlari mavjud barcha sohalarda ildiz otib ketishi va mamlakatni ich ichidan yemirib halokatga yetaklashi turgan gap.
Yurtboshimiz ta’kidlaganlaridek, korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga murosasiz bo‘lish kundalik hayot tarzimizga aylanishi shart. Aytish joizki, korrupsiya inson huquq va manfaatlarining qo‘pol ravishda buzilishi yoki uchinchi shaxslar maqsadiga yetishi evaziga kimningdir huquqlari paymol bo‘lishi bilan kechadi.
Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashishda ko‘plab
say-harakatlarning amalga oshirilayotganligini ko‘rishimiz mumkin. Bu borada amalga oshirilgan muhim ishlardan biri sifatida 2008 yilda Birlashgan Millatlar tashkilotining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi Konvensiya”ning ratifikatsiya qilinganini ko‘rsatishimiz mumkin.
Shuningdek, bir necha yillarki, korrupsiyani tag-tomiri bilan quritish, sohalarni undan halos etish, uning asoratlarini bartaraf etish maqsadida 10 dan ortiq qonun hujjatlari, davlat dasturlari qabul qilinib, korrupsiyaga qarshi kurashishning bevosita asosiga aylanib kelmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi asosiy hujjat “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunidir. Qonunda korrupsiya tushunchasining asl mohiyati, korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy prinsiplari, korrupsiyaga qarshi kurashuvchi davlat organlari, ularning vakolatlari, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi kabilarga to‘xtalib o‘tilgan.
2019 yilning 29 mayida “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni qabul qilinishi bilan yoshlarga korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida huquqiy ta’lim berish, sud tizimida korrupsiyaga qarshi kurashishning samaradorligini oshirish, korrupsiya huquqbuzarliklari to‘g‘risida davlat organlariga axborot berish mehanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha choralar belgilandi;
Yana bir muhim hujjat “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni. Farmonning qabul qilinishidan ko‘zlangan asosiy maqsad korrupsiyaviy holatlarning barvaqt oldin olish tizimi samaradorligini oshirish, jarayonga keng jamotchilikni jalb etish va korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini shakllantirishga qaratilgan.
Farmon asosida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan “Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning ochiq elektron reyestri” yuritilishi belgilandi. Reyestrga kiritilgan shaxslarga esa quyidagilar taqiqlangan:
- davlat xizmatiga kirish va davlat mukofotlari bilan taqdirlanish;
- saylanadigan va tayinlanadigan lavozimlarga nomzod ko‘rsatish;
- jamoatchilik kengashlari hamda idoralararo kollegial organlarga a’zo bo‘lish;
- davlat aktivlarini xususiylashtirish bilan bog‘liq tender va tanlov savdolarida ishtirok etish;
- davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilot va davlat ta’lim muassasalarida rahbarlik qilish.
“Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori qabul qilinishi bilan davlat xaridlari sohasida shaffoflik va qonuniylikni ta’minlash, korrupsiyani oldini olish yuzasidan yangi amaliyotlarning joriy etilishi, “halollik vaksinasi” tamoyili asosida davlat xizmatchilarining muntazam ravishda korrupsiyaga qarshi kurashish, manfaatlar to‘qnashuvi va odob-axloq qoidalari bo‘yicha maxsus o‘quv kurslarini o‘qitish lozimligi belgilandi.
Bundan tashqari, korrupsiyani jilovlash sohasida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar sirasiga nazar tashlaganda, “Davlat xaridlari to‘g‘risida”, “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”, “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi muhim qonunlarni ham sanab o‘tish joizdir.
“Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonunga binoan, davlat xaridlarini asosiy prinsiplari sifatida ochiqlik va shaffoflik, raqobat va xolislik, davlat xaridlari tizimining yagonaligi va yaxlitligi, korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik kabilar belgilangan. Qonunning 13-moddasiga ko‘ra, davlat xaridlarida korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik:
insofli raqobatni va qarorlar qabul qilish chog‘ida xolisona mezonlardan foydalanilish;
monitoring va nazorat o‘tkazishni, shu jumladan ichki monitoring va nazorat o‘tkazishning samarali tizimi yaratilishi;
davlat xaridlari sohasidagi boshqa qonunchilik hujjatlari talablarining buzilishi hollari to‘g‘risidagi ma’lumotlar axborotning ochiq manbalarida e’lon qilib borilishi;
davlat xaridlari tartib-taomillari Qonunda belgilangan talablarga muvofiq o‘tkazilishini ta’minlash yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Joriy yilning 8 avgustida “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinishi bilan sohada xizmat qiluvchi xodimlar faoliyatida korrupsiyani oldini olishga qaratilgan qoidalar belgilandi, deyish mumkin. Xususan, davlat fuqarolik xizmatchisi korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar faktlari to‘g‘risida xabar bergan taqdirda, davlat himoyasi bilan ta’minlanishi, davlat fuqarolik xizmatchisi korrupsiyaga olib kelish mumkin bo‘lgan harakatlar yoki harakatsizlikning oldini olishi shartligining huquqiy asosi qabul qilindi.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, korrupsiyaga qarshi kurashishga oid normativ-huquqiy hujjatlar yils ayin takomillashib bormoqda, ammo korrupsiyani oldini olish qabul qilingan qonun hujjatlarining amaliyotda qo‘llanilishini ta’minlab beruvchi aniq mexanizmlar yaratilishini talab etadi. Binobarin, korrupsiyani yo‘qotish va unga qarshi kurashish hujjatlar bilan qanchalik tartibga solinmasin inson omiliga borib taqalishi tabiiy. Bu esa,jamoatchilikdan, har birimizdan korrupsiya deya atalmish illatni vaqtida payqash, o‘zi va yaqinlarini undan himoya qilish, ayniqsa, boshqa shaxslarning huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik kabi insoniylik burchlari ado etilishini talab etadi, deya xabar bermoqda UZA.