Mebel do‘koniga xarid uchun kirgan shaxs 10 million so‘m pulni o‘g‘irlab ketdi
Joriy yilning 13 avgust kuni Jizzax viloyati Zomin tumani G‘allakor qishloq fuqarolar yig‘ini Boymoqli qishlog‘ida yashovchi, 1986 yilda tug‘ilgan A.A. murojaat qilgan, deb xabar berdi Jizzax viloyati IIB axborot xizmati.
U mebel do‘konidagi stol tortmasida bo‘lgan 10 million 600 ming so‘m pulni noma’lum shaxs o‘g‘irlab ketganligini bildirgan. Surishtiruv davomida jabrlanuvchi gumonlarini bayon qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, o‘g‘irlik sodir bo‘lgan kuni do‘konga kirgan mijoz kiyim javoni olish niyati borligini aytib, do‘konning ikkinchi xonasidagi javonning changini artishni so‘raydi. A.A. javonni changdan tozalab bo‘lganida mijoz ketib qolgandi. Bu voqeadan 1 soat o‘tar-o‘tmas jabrlanuvchi tortmadagi pullarning o‘g‘irlanganligini sezdi. Qisqasi, voqea joyiga yetib kelgan ichki ishlar organlari xodimlari do‘kondagi barmoq izlaridan nusxa olib, A.A. bergan ma’lumotlar asosida “mijoz”ni qidira boshlashdi.
Ayni shu vaqtda ichki ishlar organlari xodimlari Zomin tumanining Dashtobod shahri hududidagi dehqon bozori qarshisida daydilikda gumonlab, Bekobod shahrining "Navro‘z" mahallasida yashovchi, 1985 yilda tug‘ilgan N.U.ni Jizzax viloyati IIB PPX va JTSB reabilitatsiya qilish markaziga joylashtirishadi. Mazkur jarayonda N.U.dan barmoq izlari olindi.
Ushbu barmoq izlari o‘g‘rilik sodir bo‘lgan do‘kondan olingan izlarga mos keldi. Surishtiruv davomida N.U. mazkur jinoyatni sodir etganligini tan oldi. Ayblanuvchining bayon qilishicha, u tasodifan mebel do‘koniga kiradi va kimdir sotuvchiga bir talay pul berayotganligini ko‘rib qoladi. Shundan so‘ng N.U. tezgina o‘g‘rilik rejasini tuzib, do‘kon egasini chalg‘itadi va pullarni o‘maradi.
Ayblanuvchidan daliliy ashyo sifatida 7 million 300 ming so‘m pul hujjatlashtirib olingan. Holat yuzasidan tegishli tartibda jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.