Mehnat jamoalarida 2 mingga yaqin xotin-qizlarning huquqlari poymol etilgani ma’lum qilindi

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Unda O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi va “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi mutasaddilari ishtirok etdi.

Matbuot anjumanida aytilishicha, joriy yilning o‘tgan 9 oyida 250 mingdan ortiq ishsiz xotin-qizlar ishga joylashtirilgan. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan 5 mingdan ortiq xotin-qizga Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘lari hisobidan nogironlik aravachalari va boshqa reabilitatsiya vositalari olib berildi.

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining birinchi o‘rinbosari Zulayxo Mahkamova tizimda shu va boshqa qilinayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tar ekan, mavjud muammolardan ayrimlarini ham sanab o‘tdi:

– Qo‘mitaga murojaatlarning asosiy qismi uy-joy, oilaviy muammolar, bandlik, kredit olish hamda zo‘ravonlik masalalarida bo‘lmoqda. Shu o‘rinda mehnat jamoalaridagi xotin-qizlarimizning huquqlari poymol etilayotganini ham aytib o‘tishni joiz deb bilaman. Joylarda xotin-qizlarimizni ish joylaridan nohaq bo‘shatilishlari, ularga nisbatan qisqartirishlarning noto‘g‘ri qo‘llanganligi bilan bog‘liq shikoyatlar ko‘p. Shu davrgacha 2 mingga yaqin ish beruvchilar bilan shunday holatlar ro‘y berganligi aniqlandi. Ularga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish bilan va sud darajasigacha xotin-qizlarni himoya qilish orqali murojaatlarni ijobiy hal etishga erishildi.