Meva-sabzavotlardan koronavirus yuqishi mumkinmi?

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi mutaxassisi Qamariddin Boqiyevning ta’kidlashicha, mamlakatimizga xorijdan kirib kelgan meva-sabzavotlar, xususan, bananlar Vazirlar Mahkamasining sertifikatlashtirish tartibiga oid 318-sonli qaroriga asosan tekshiruvdan o‘tkaziladi.

Birinchi navbatda, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini inspeksiyasi tomonidan fitosanitariya xulosasi beriladi. Keyin Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tarkibidagi Sanitar-epidemiologik xulosalar berish bo‘limlarida xavfsizlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha tekshirilib, sanitar-epedimiologik xulosa taqdim etiladi. Shundan so‘ng “O‘zstandart” agentligidan muvofiqlik sertifikati olingach, xorijdan keltirilgan meva-sabzovotlar sotuviga ruxsat beriladi.

Xo‘sh, meva-sabzavotlardan koronavirus yuqishi mumkinmi?

– Xitoydagi xavotirli epidemik vaziyatdan kelib chiqqan holda qator oziq-ovqatlar, jumladan, meva-sabzovotlar bo‘yicha ham turli tekshiruvlar olib borilyapti. Lekin bu ilmiy jihatdan hali isbotlanmagan, – deydi Qamariddin Boqiyev. – Ayni paytda koronavirus yuqishiga turli hayvonlar va dengiz mahsulotlari sabab bo‘layotgani taxmin qilinmoqda. Ammo aynan qaysi biridan yuqishi mumkinligi haqida ham aniq to‘xtamga kelingani yo‘q. Umuman olganda, meva-sabzavotlarni yuvmasdan yeyish qaysidir kasalliklar kelib chiqishiga sabab bo‘lishi ehtimoli bor. Biroq aynan meva-sabzavotlar iste’moli sabab qandaydir virus yuqtirish holatlari hali kuzatilmagan.

Alohida ta’kidlash lozimki, ushbu koronavirus infeksiyasiga qarshi yurtimizda kerakli barcha choralar ko‘rilmoqda. Xususan, mamlakatimiz hududiga koronavirus infeksiyasining kirib kelishi va tarqalishining oldini olish borasida Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa tegishli tashkilotlar tomonidan barcha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Yana bir bor eslatib o‘tamiz, koronavirus infeksiyasi va u bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining (71) 276-46-65, (71) 276-49-66 telefon raqamlariga murojaat qilishingiz mumkin.

Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.