MIBga tushayotgan murojaatlarning qariyb 64 foizi aliment undiruvlari bilan bog‘liq
Matbuot uyida Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan sud hujjatlarini ijro etish bo‘yicha joriy yilning o‘tgan davrida amalga oshirilgan ishlar, shuningdek, mazkur sohada amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazildi.
Unda boshqarma boshlig‘i Alisher Zakirov shu yilning o‘tgan 11 oyi davomida viloyatda amalga oshirilgan ishlar xususida ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, joriy yilning o‘tgan 11 oyida jami 272 mingga yaqin ijro hujjatlari yuzasidan majburiy ijro harakatlari amalga oshirilgan bo‘lib, ular bo‘yicha ijroga qaratilgan majburiy mulkiy undiruvlarning umumiy summasi 2 trillion 230 milliard so‘mdan ziyodni tashkil qilgan.
Ushbu davrda amalga oshirilgan majburiy ijro harakatlari samarasida 1 trillion 308 milliard 659 million so‘mlik 168 ming 610 ta ijro hujjati bo‘yicha yakuniy qarorlar qabul qilinib, amalda undirilgan to‘lov va qarzdorliklar miqdori 706,6 milliard so‘mni tashkil qiladi.
Qoldiqdagi 921 milliard 705 million so‘mlik 103 ming 88 ta ijro hujjatlari bo‘yicha tegishli tadbirlar amalga oshirilmoqda.
- Boshqarma tomonidan aliment undiruvlari bilan bog‘liq ijro hujjatlari bo‘yicha majburiy to‘lovlarni undirib borish masalasiga jiddiy e’tibor qaratib kelinmoqda, - deydi A.Zokirov. - Xususan, 2020 yil 1 dekabr holatiga boshqarmaning shahar va tuman bo‘limlari ish yurituvida 28 ming 990 ta ijro hujjatlari mavjud bo‘lib, ular yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Kelib tushgan jami 17 067 ta murojaatlarning 10 882 tasi yoki 63,7 foizini aliment undiruvlari bilan bog‘liq murojaatlar tashkil qilgan.
O‘tgan 11 oyda kelib tushgan aliment undiruvlari bilan bog‘liq 10882 ta murojaatlarning 5870 tasi qanoatlantirilib, aliment oluvchilarga qarzdorlardan 14,4 milliard so‘m mablag‘lar undirib berildi. Surunkali ravishda aliment to‘lovlaridan bo‘yin tovlab kelgan 427 ta qarzdorlar ma’muriy, 26 tasi esa jinoiy javobgarlikka tortilgan.