Milliy valyuta dollarga nisbatan qariyb 14 foizga qadrsizlangan. Nega?

2020 yilda pul bozorini rivojlantirish va pul-kredit siyosati instrumentlari samaradorligini oshirish, pul-kredit sohasidagi qarorlar shaffofligini ta’minlash va Markaziy bankning iqtisodiyotdagi inflyasion kutilmalarni pasaytirishdagi rolini yanada kuchaytirish bugungi kundagi dolzarb masalalardan bo‘lib turibdi.

To‘lov balansidagi manfiy saldo YaIMga nisbatan 5 foizni yoki 3,2 milliard dollarni tashkil etayotganligi iqtisodiyotga katta salbiy ta’sir beruvchi omil bo‘lib qolmoqda. Yil yakuni bo‘yicha yalpi tashqi qarzning YaIMga nisbatan 40 foizni tashkil etishi, mazkur ko‘rsatkichning yil davomida 7,6 foizga oshganligini ijobiy baholab bo‘lmaydi.

Banklar tomonidan berilgan jami kreditlarda uzoq muddatli kreditlarning salmog‘i 2018 yilgi 95 foizdan 92 foizga tushib ketishi banklarning strategik maqsadlarni kam ko‘zlab faoliyat yuritayotganligidan dalolat beradi. Xorijiy valyutada berilgan kreditlar salmog‘i 48 foizni tashkil etib, bu “dollarlashuv” darajasi yuqori ekanligini ko‘rsatadi.

Yil davomida umumiy pul massasi deyarli 14 foizga ortgani holda, faqat naqd pullar miqdorining o‘zi 9,4 foizga ortgan. Ya’ni, muomalada naqd pulning ko‘payib borishi o‘z-o‘zidan “yashirin” iqtisodiyot ulushining saqlanib qolishiga sabab bo‘lmoqda.

Valyuta siyosatini olib borishdagi muammolar tufayli milliy valyuta dollarga nisbatan 13,9 foizga qadrsizlanib, inflyasiyaning o‘sishiga sabab bo‘lgan. Mamlakat xalqaro zaxiralarining YaIMdagi ulushi 2018 yildagi 54 foizdan 50 foizga tushib qolgan. Bunga bugungi davlat ko‘p miqdorda tibbiyot mahsulotlarini import qilishi lozim bo‘lgan sharoitda muammo tug‘diruvchi holat deb qarash mumkin.

Markaziy bank boshqaruv raisining Oliy Majlis Senatiga hisobotidan.