Mirbozorda sodir bo‘lgan YTH bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berildi

Avvalroq, 2020 yilning 16 mart kuni soat 21:40 da Narpay tumanida yirik yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgani haqida xabar bergan edik.

Tekshirish natijasida aniqlashicha, 29 yoshli A.Ya. “Lacetti” rusumli avtomashinani “Oqtosh-Mirbozor-Langar” 4R-56 yo‘lida boshqarib kelib, yo‘l-harakat xavfsizligi qoidalarini buzgan holda M-37 avtomobil yo‘lini ikkiga ajratib turuvchi beton to‘siqni urib o‘tib, ushbu yo‘lning ikkinchi qismining 105-kilometrida “Toshkent-Xorazm” yo‘nalishi bo‘ylab 53 yoshli I.J. boshqaruvida bo‘lgan, 18 nafar yo‘lovchilar bilan harakatlanib kelayotgan “Gazel” rusumli avtomashinaga urilib, yo‘l-transport hodisasi sodir qilgan.

Yo‘l-transport hodisasi oqibatida “Gazel” rusumli avtomashina haydovchisi I.J. va shu avtomashinaning yo‘lovchisi 61 yoshli R.S. hodisa joyida vafot etgan. Ushbu avtomashinaning 2 nafar yo‘lovchilari og‘ir va 9 nafar yo‘lovchilari yengil darajadagi tan jarohati olgan bo‘lib, ularga tibbiy yordam ko‘rsatilgan, qolgan 6 nafar yo‘lovchilar tan jarohati olmaganligi aniqlangan. Shuningdek, “Lacetti” rusumli avtomashina haydovchisi A.Ya., tan jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Bundan tashqari, mazkur yo‘l-transport hodisasi oqibatida S.E.ga tegishli “VAZ-2106” rusumli hamda S.Sh.ga tegishli “Nexia” rusumli avtomashinalarga “Gazel” rusumli avtomashina to‘qnashishi tufayli transport vositalariga shikast yetkazilganligi, haydovchilar esa tan jarohatlari olmaganligi aniqlangan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan Narpay tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositasini boshqaruvchi shaxs tomonidan transport vositalarining harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.