«Mobil targ‘ibot» tadbirlari samarasida yo‘l-transport hodisalari o‘tgan yilga nisbatan 27,4 foizga kamaydi

Samarqand viloyati IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi hududdagi yo‘llarda yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, yo‘l harakati qoidalarini targ‘ib qilish va harakat ishtirokchilarini hushyorlikka chaqirish maqsadida ta’sirchan usullardan foydalanmoqda.

Ular televizor, noutbuk, proyektor va ekran, qo‘shimcha elektr energiya beruvchi uskunalar bilan jihozlangan «Mobil targ‘ibot» avtomashinasi yordamida mahallalar, mehnat jamoalari, bozorlar, ta’lim muassasalari, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bo‘lib, sodir etilayotgan og‘ir oqibatli yo‘l-transport hodisalarini muhokama qilmoqda. Fuqarolarga yo‘l harakati qoidalariga rioya qilmaslik qanday ayanchli oqibatlarga olib kelishi sodda usullarda tushuntirilmoqda.

«Mobil targ‘ibot» tadbirlari doirasida yo‘l harakati qoidalariga rioya etishni targ‘ib qiluvchi plakatlar, bukletlar va boshqa ko‘rgazmali vositalar tarqatilayotir.

Ushbu profilaktik chora-tadbirlar natijasida joriy yilning o‘tgan 7 oyi mobaynida viloyatda yo‘l-transport hodisalari o‘tgan yilga nisbatan 27,4 foizga, vafot etganlar soni 7,9 foizga, tan jarohati olganlar 30,5 foizga kamaydi.

Shunday «Mobil targ‘ibot» tadbiri bugun “Samarqand” xalqaro aeroporti hamda IIBning alohida batalonida o‘tkazildi.

Xurshid SAFAROV.