Mo‘l-ko‘lchilikda va boy-badavlat yashashni xohlasak...

Mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar, tanlangan strategiya Yangi O‘zbekistonni dunyoning iqtisodiy jihatdan ustun rivojlangan mamlakatlaridan biriga aylantirish, zahmatkash xalqining mo‘l-ko‘lchilikda, boy-badavlat hayot kechirish baxtiga muyassar qilish uchun real imkoniyatlar yaratib bermoqda.

Bunday imkoniyat tarixda juda kam uchraydigan noyob iqtisodiy voqelik, faqat biz undan unumli foydalanishimiz kerak.

Yangi O‘zbekistonni dunyoning iqtisodiy jihatdan qudratli davlatlaridan biriga aylantirishning uchta asosiy omili

Har qanday davlatning, jumladan, O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga va aholining turmush darajasiga bevosita va bilvosita ta’sir ko‘rsatuvchi son-sanoqsiz omillar bor. Bizning nazarimizda, ushbu omillar qatorida Yangi O‘zbekistonni qisqa muddatlarda dunyoning iqtisodiy jihatdan rivojlangan, taraqqiyotga yuz tutgan, andaza olishga arziydigan davlatlaridan biriga aylantirishning uchta asosiy omili mavjud.

Birinchisi, asrlar davomida ajdodlarimiz mehnati va aql-zakovati bilan yaratilgan va bugungi kunda biz o‘z ehtiyojlarimiz yo‘lida foydalanish baxtiga muyassar bo‘lgan bebaho tarixiy meros.

Ikkinchisi, Yaratgan saxiylik bilan bizga in’om etgan nodir va noyob tabiiy resurslar.

Uchinchisi, iqtisodiy taraqqiyotda tom ma’noda to‘ntarish yasashga, bu boradagi ulug‘ maqsadni amaliy natijaga aylantirishga qodir, lekin vaziyat taqozosi bilan muayyan qismi xorijda bo‘lgan ishchi kuchi resurslari.

Har uchala omilning ulkan imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish, Yangi O‘zbekistonni aholi to‘q va farovon hayot kechiradigan yurtga aylantirish avvalo, xalqning iqtisodiy savodxonligini oshirish bilan uzviy bog‘liq.

Imkoniyatlar katta, lekin natijalar oqsayapti. Kim aybdor?

To‘kin-sochinlikda, qulay sharoitlarda to‘q-farovon hayot kechirish, boy-badavlat yashash ishtiyoqi barcha mamlakatlar xalqlariga xos. Mamlakatimizda ushbu maqsadga erishishga nima to‘sqinlik qiladi?

Iqtisodiyot sohasida chuqur bilimga ega bo‘lmagan kishilarda nima uchun dunyoning ayrim mamlakatlarida aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan nominal yalpi ichki mahsulot 100 ming AQSh dollaridan oshib ketganda (Lyuksemburgda 135 ming AQSh dollari), bizning mamlakatimizda u atigi 2,3 ming (paritet xarid quvvati bo‘yicha 6,9 ming) AQSh dollarini tashkil qiladi, degan savolning tug‘ilishi tabiiy. Aksariyat kishilar buning asosiy sababi tabiiy boyliklarda bo‘lsa kerak, deb o‘ylaydi yoki boshqa haqiqatdan yiroq sabablarni ko‘rsatadi. Lekin, afsuski, kamdan-kam kishilar ushbu g‘ayritabiiy paradoksal holatning asosiy aybdori o‘zimiz ekanligimizni, mamlakatimizning iqtisodiy qudrati va kelajagi, xalqimizning mo‘l-ko‘lchilikda boy-badavlat farovon hayot kechirishi faqat o‘zimizga bog‘liq ekanligini idrok etmaydi.

 Tabiiy resurslarga juda qashshoq, lekin dunyoning iqtisodiy jihatdan qudratli mamlakatlaridan biriga aylangan Yaponiya va aksincha, resurslarga juda boy, ammo qashshoqlikda, ayanchli ahvolda kun kechirayotgan ayrim Afrika davlatlari tajribasi mazkur muammoning asosiy yechimi moddiy boyliklarda emasligini ko‘rsatadi. Mamlakatda qudratli milliy iqtisodiyotni barpo etish, uning real imkoniyatlaridan kundalik hayotimizda foydalanish baxtiga muyassar bo‘lishning asl sabablari xususidagi o‘zimizning ayrim fikr-mulohazalarimizni bayon etmoqchimiz.

Mo‘l-ko‘lchilikda, boy-badavlat yashashning yashirin siri

Shariat musulmon xalqini sabr-qanoatli bo‘lish, boriga shukur qilish ruhida tarbiyalashni mo‘ljal qiladi va hammaga ayonki, bu borada juda katta amaliy natijalarga erishdi. Lekin, u insonning halol mehnat qilib, to‘q-farovon yashash yo‘lidagi intilishlariga hech qanday to‘siq qo‘ygan emas. Aksincha, Yaratganning o‘zi muqaddas zaminimizga nodir va noyob tabiiy resurslarni saxiylik bilan in’om etib, bizning boy-badavlat hayot kechirishimiz uchun real imkoniyatlar yaratib bergan. Lekin biz ushbu imkoniyatlardan unumli foydalana olmayapmiz. Jahon mamlakatlarining ko‘p yillik ilg‘or tajribasi shundan guvohlik beradiki, xalqning boy-badavlat yashashi mavjud imkoniyatlar bilangina emas, balki ushbu imkoniyatlardan unumli foydalanib, ularni hayotning real natijalariga aylantira olganlik darajasi bilan belgilanadi.

O‘zbekiston tabiiy va mehnat resurslariga boy mamlakat. Ushbu resurslardan unumli foydalanish orqali ko‘plab muammolarni uzil-kesil hal qilish mumkin. Bular sirasiga ishsizlik va aholi bandligini ta’minlash, xodimlarning daromadini oshirish, inflyasion jarayonlarning oldini olish, mamlakat eksport salohiyatini yuksaltirish, uning jahon bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish, mavqeini mustahkamlash va boshqa bir qator muhim masalalarni kiritish mumkin. Ushbu dolzarb muammolarning muvaffaqiyatli hal etilishi birinchi galda, ushbu qimmatbaho resurslardan qay darajada unumli foydalanayotganligimizga bog‘liq.

Qimmatbaho resurslardan foydalanish samaradorligi muayyan ko‘rsatkichlar yordamida aniqlanadi: mehnat unumdorligi (ishchi kuchi resurslaridan foydalanish samaradorligi), kapital qaytimi (asosiy kapitaldan foydalanish samaradorligi), aylanma mablag‘larning aylanish tezligi (aylanma kapitaldan foydalanish samaradorligi), rentabellik (korxona faoliyatining samadorligi) va boshqalar.

Jahon amaliyotida aholi jon boshiga yoki iqtisodiyotda band bo‘lgan har bir xodimga to‘g‘ri keladigan YaIM hajmi ko‘rsatkichi keng qo‘llaniladi. Ushbu ko‘rsatkichlarni aniqlashda formulaning suratida mamlakatda yil davomida yaratilgan tovarlar va xizmatlar hajmi, ya’ni YaIM – ijtimoiy ishlab chiqarishning yakuniy natijasi, uning maxrajida esa ushbu mahsulotni ishlab chiqarish uchun jamiyatda mavjud imkoniyatlar – aholi va uning tarkibidagi iqtisodiyotda band bo‘lganlar soni o‘z ifodasini topgan.

Internetda iqtisodiy samaradorlikning muhim ko‘rsatkichlaridan biri – unumdorlik xususida qiziqarli ma’lumotlar keltirilgan. Unumdorlik jadvalida 137 ko‘rsatkich bilan Irlandiya peshqadamlik qilmoqda, AQSh 114 ko‘rsatkichi bilan 12-o‘rinni egallagan. Agar ushbu ko‘rsatkich qo‘lga olingan natijaning (mahsulot hajmining) uni ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan sarf-xarajatlarga nisbati bilan o‘lchanishini inobatga olsak, mamlakatimizda qimmatbaho iqtisodiy resurslardan (mehnat, mehnat qurollari, jihozlar, asbob-uskunalar, elektr quvvati, gaz, suv va hokazolar) foydalanish qay darajada samarasiz ekanligi xususida aniq tasavvur hosil qilishimiz mumkin. Xalqimizda “Shayxda hunar bo‘lmasa, machitning ayvoni ham torlik qiladi”, degan ajoyib naql bor.

Modomiki, biz tabiat va jamiyat in’om etgan bebaho iqtisodiy resurslardan unumli foydana olmas ekanmiz, mo‘l-ko‘lchilikda, boy-badavlat yashamayotganligimizga o‘zimizdan boshqa kim aybdor?

Bizningcha, buning xalqaro tajribada o‘zining to‘la isbotini topgan, mantiqan inkor etish qiyin bo‘lgan yo‘li – iqtisodiy ong va iqtisodiy tafakkurni yuksaltirish, ularning cheksiz, yashirin imkoniyatlaridan unumli foydalanib, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni jadallashtirishdan iborat.

Iqtisodiy ong, iqtisodiy tafakkur, iqtisodiy faoliyat tushunchalari xususida ayrim mulohazalar

Iqtisodiy tafakkur iqtisodiy ong zamirida yuzaga keladi, undan ozuqa oladi. O‘z navbatida, iqtisodiy tafakkur iqtisodiy ongni rivojlantirish, uni takomillashtirishning, iqtisodiyot sohasidagi bilimlarni yangi darajalarga ko‘tarishning muhim quroli hisoblanadi. Inson o‘z ongida aksini topgan, xulq-atvor sifatida shakllangan iqtisodiy g‘oyanigina hayotga tatbiq qilishi mumkin. Demak, aynan iqtisodiy ong, iqtisodiy tafakkur insonning iqtisodiy faoliyati unumdorligini oshirishning, unga ushbu faoliyatdan yuqori samara olishga imkoniyat beradigan to‘g‘ri qarorlar qabul qilishning, o‘z mehnatidan tegishli natija olish va boy-badavlat yashashining yagona sharti hisoblanadi.

Insonda iqtisodiy ong bo‘lmasa, iqtisodiy tafakkur ham bo‘lmaganidek, iqtisodiy ong ham iqtisodiy tafakkursiz rivojlanmaydi. Insonning iqtisodiy ongi qancha baland bo‘lsa, uning kognitiv tafakkuri, iqtisodiy mavzularda mushohada yuritish qobiliyati ham shuncha kuchli bo‘ladi.

Iqtisodiy ong – tashqi olamda sodir bo‘layotgan iqtisodiy voqeliklar, iqtisodiy jarayonlar, iqtisodiyot borasidagi nazariy va amaliy bilimlarning in’ikosidir. U ijtimoiy ongning ajralmas tarkibiy qismi bo‘lib, unda iqtisodiy bilimlar, iqtisodiy hayot borasida jamlangan boy tajriba bilan birgalikda, insonning shaxsiy va ijtimoiy ehtiyojlari, ijtimoiy-iqtisodiy reallikni baholash to‘g‘risidagi dunyoqarashi va xulq-atvori o‘z aksini topadi.

Iqtisodiy tafakkur esa inson aqlining oliy mahsuli bo‘lib, inson iqtisodiy ongini yanada rivojlantirish, uni yuksak darajalarga ko‘tarish, inson ongida allaqachon shakllangan iqtisodiy bilimlarni takomillashtirish, uni yangi g‘oya va nazariyalar bilan to‘ldirish, boyitish imkonini beruvchi jarayondir. Iqtisodiy tafakkur jarayonida inson o‘zining kundalik hayoti va kelajagi uchun zarur bo‘lgan iqtisodiy muammolarning innovatsion yechimlarini izlab topadi. Boshqacha so‘zlar bilan ifodalaganda, iqtisodiy tafakkur iqtisodiyot ilmini boyitishning, uni yangi darajalarga olib chiqishning qudratli quroli, lokomotividir. U insonning iqtisodiyotga oid turli-tuman axborotlarni qabul qilib, uni aql yordamida tahlil qilish va unga tayangan holda iqtisodiyot borasida samarali qarorlarni qabul qilishga qaratilgan yaratuvchanlik faoliyati.

Inson faoliyati tarkibida iqtisodiy faoliyat markaziy o‘rinni egallaydi. Chunki inson aynan shu faoliyat yordamida ongida o‘z aksini topgan ilmiy-nazariy g‘oyalar va amaliy tajriba ta’siri ostida shakllangan bilimlarga, uning negizida paydo bo‘lgan xulq-atvoriga tayangan holda tabiatga faol ta’sir ko‘rsatadi. Pirovard natijada, u o‘zining kundalik ehtiyojlari uchun suvdek zarur bo‘lgan turli-tuman moddiy va ma’naviy noz-ne’matlarni ishlab chiqaradi. Yashashimiz va ishlashimiz uchun bizga qulay sharoit yaratib beradigan hashamatli binolar, bog‘-rog‘lar, uzog‘imizni yaqin qilayotgan avtomobillar, charchaganimizda jonimizga oro kiruvchi dam olish maskanlari, ta’lim muassasalari, mazali taomlar, biz sevib o‘qiydigan kitoblar – bularning barcha-barchasi inson iqtisodiy faoliyatining mevalaridir. Jamiyatdagi barcha tirik jon dunyosida faqat insongagina xos ushbu nodir fazilat insonning tabiat ustidan hukmronlikka erishishining bosh omili, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Xalqning (alohida individning) to‘qchilik va mo‘l-ko‘lchilikda, boy-badavlat hayot kechirishi birinchi galda, iqtisodiy ong va iqtisodiy tafakkurning hosilasi, insonning o‘z hayotiy ehtiyojlarini qondirish maqsadida ishlatilayotgan iqtisodiy resurslardan tejamkorlik bilan unumli foydalana olganligi uchun iqtisodiyotning unga hadya etgan tuhfasi, mukofoti.

Afsuski, iqtisodiy ong va iqtisodiy tafakkurning mohiyati, ularning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni jadallashtirishdagi alohida ahamiyati, ularni shakllantirish va rivojlantirish muammolari tadqiqotchilarimiz e’tiboridan chetda qolib ketmoqda. Tovar-pul munosabatlari batamom izdan chiqqan rejali iqtisodiyot sharoitida iqtisodiy ong va tafakkurning jamiyat taraqqiyotidagi roli sezilarli darajada susaygan edi. Lekin tovar-pul munosabatlariga keng yo‘l ochib bergan zamonaviy bozor iqtisodiyoti sharoitida vaziyat tubdan o‘zgardi, ushbu omilning mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotidagi roli esa keskin oshdi. Shu sababli iqtisodiy ong va tafakkurning jamiyat ijtimoiy taraqqiyotidagi rolini oshirish muammolari aktuallashdi va bu borada tizimli tadqiqotlarni amalga oshirish, inson iqtisodiy ongi va tafakkurini zamon talablari darajasiga ko‘tarishning noan’anaviy usul va mexanizmlarini izlab topish, ularni amaliyotga joriy etish zaruratga aylandi.

M.Muxammedov,

iqtisod fanlari doktori, SamISI professori.

M.Pardayev, iqtisod fanlari doktori,

SamISI professori.

(Davomi bor)