Mo‘minobodliklar nimadan norozi?

Davlat boshqaruv idoralari rahbarlarining sayyor qabuli deysizmi, hokimlar ishtirokidagi "Ochiq muloqot" ko‘rsatuvimi, tahririyatimizga kelayotgan shikoyatlarmi, ularning aksariyatida ko‘tarilayotgan muammo bir birini takrorlaydi: xarob yo‘l, elektr ta’minotidagi uzilish, gaz bosimi pastligi... Bu esa mazkur sohalar uzoq yillar davomida e’tibordan chetda qolganini anglatadi.

Tahririyatimizga Urgut tumanining Mo‘min­obod va Mo‘minobod-2 mahallalarida yashovchi bir guruh fuqarodan kelgan shikoyat xatida ham shu kabi muammolar tilga olingan.

Jumladan, xatda shunday deyiladi:

"… Avtomobil yo‘llari bundan qirq yil oldin qurilgan bo‘lib, bugungi kunda ta’mirlashning iloji qolmagan. Atrofdagi beshta qishloqda yashovchi 30 ming aholi uchun qurilgan elektr tarmoqlari – ustunlar, simlar, transformatorlar yaroqsiz holga kelib qolganligi uchun chiroq tez-tez o‘chib turadi. Qo‘shni qishloqlarda bu muammolar hal etilgan, ammo bizda muammo – Mo‘minobod va uning atrofidagi Terak, Chumchuqli, Xo‘jabdol, Qatag‘on qishloqlari uchun oilaviy poliklinika zarur, bolalar bog‘chasi ham kerak…"

Masalani joyida o‘rganish uchun Urgutga yo‘l oldik. Mo‘minobod mahallasiga borar ekanmiz, yo‘ldagi bir holat bizni hayron qoldirdi. Tuman markazidan Mo‘minobodga borishda Ispanza qishlog‘i orqali o‘tilarkan. Ispanza – qadimiy, savdo-sotiq rivojlangan, aholisining tadbirkorligi bilan azaldan nom qozongan qishloq. Ana shu qishloq yo‘llarini ko‘rib beixtiyor "Mo‘minobodga yetib kelibmiz" degan xayolga bordik. Bizningcha, qishloq yo‘lining bu holatidan faqat mahalliy hokimlik emas, aholi ham uyalishi kerak. Ana shu o‘y-xayollar bilan qishloqqa kirib keldik.

"Elektrik"ni chaqirish osonmas...

Bir vaqtlar Mo‘minobod va tuman markazi oralig‘i mashinada 12 daqiqalik yo‘l bo‘lgan ekan. Biz esa yarim soatdan ortiqroq vaqt sarf­ladik.

– Eng og‘riqli muammomiz ham ana shu yo‘llarning xarobligi, – deydi 73 yoshli Amir Haydarov. – Shukur, elektr ta’minoti so‘nggi bir yilda yaxshilandi. Ammo qish kelgach, turli avariyalar ko‘payib ketadi. Avariya yuzaga kelib uzilish bo‘lgach, elektrikni chaqirish ham oson bo‘lmaydi. Qator qo‘ng‘iroqlar, mahalla aralashuvi va iltimoslar bilan mutaxassis kelgunicha yarim kun o‘tib ketadi. Qishlog‘imiz tog‘lar bag‘rida joylashgani uchun shamol ko‘p, salgina kuchliroq esgan shamol yana uzilishlarga sabab bo‘laveradi.

– Bu muammolarga aslida tomoshabin bo‘lib turganimiz yo‘q, – dedi Mo‘minobod-2 mahallasi raisi o‘ayrat Ahadov. – Hashar qilib 70 mashina qum, tosh to‘kkan vaqtimiz ham bor. Qo‘ldan kelguncha tekislaymiz. Aholini o‘z yo‘llarimizni obod qilishga chaqirganimizda ko‘pchilik bu ishga bosh qo‘shadi. Elektr uskunalarini esa o‘zimizcha ta’mirlash yoki avariya holatlarini bartaraf etishga, tabiiyki, haqimiz yo‘q.

Darhaqiqat, mahalladagi elektr tarmoqlari 40 yildan buyon ta’mirlanmagan. Sim­yog‘ochlar eskirib ketgan. Transformatorlar ham aynan mana shu sabab bilan tez-tez ishdan chiqarkan. Mazkur holatni tuman elektr tarmoqlari korxonasi rahbari Jumaniyoz Aripov quyidagicha izohladi:

– Bu muammo faqat Mo‘minobod yoki Urgut tumaniga xos emas. Ko‘p hududlarda elektr tarmoqlari eskirib ketgan. Ammo keyingi yillarda tarmoqlar yangilanmoqda. Eskirgan uskunalar tez-tez avariya holatini yuzaga keltirishi bilan bir qatorda 15-30 foizgacha quvvatning yo‘qotilishiga sabab bo‘ladi. Har yili o‘rtacha 4-5 tadan transformatorni yangilayapmiz. 2018 yilda esa 6 ta transformator yangilanib, 30 kilometrlik simlar yangisiga almashtirildi. Mo‘minobod hududida eskirgan transformatorlarni joriy yilda yangilashni rejalashtirganmiz.

30 ming aholiga bitta QVP

Hududda qishloq vrachlik punkti, hatto tez yordam xizmati ham bor ekan. 6 nafar umumiy amaliyot vrachi, 20 patronaj hamshira faoliyat ko‘rsatadi. Ammo sharoitlar yetarli emas, xonalarning ayrimlari ta’mirtalab. Shuning­dek, tor mutaxassislarning yo‘qligi, tibbiy asbob-uskunalar yetishmasligi sabab aholi oilaviy poliklinika so‘ramoqda.

– Yo‘limizning ahvolini ko‘rdingiz, – deydi mahalla faoli Fayzi Karimov. – Qishloq vrachlik punktida mutaxassislar bo‘lmagach, ba’zan bemorni shoshilinch tuman markaziga olib borishga to‘g‘ri keladi. Agar o‘zimizda oilaviy poliklinika bo‘lsa, barcha zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan ta’minlansa, 30 ming aholi yashaydigan to‘rtta mahalla uchun ham qulay bo‘lardi.

Mazkur masalalar yuzasidan Urgut tumani hokimi M.Turdiyevga murojaat qildik. Hokim barcha muammodan xabardor ekan.

– Ha, yo‘llar eng og‘ir muammo bo‘lib turibdi, – dedi M.Turdiyev. –  Uzoq yillar davomida ortga surilib kelayotgan masala bu. Bir yil ichida barcha yo‘llarni ta’mirlashimiz qiyin. Har yili eng og‘ir yo‘llarni ta’mirlayapmiz. Birgina o‘tgan yil tumanda 18 kilometr yo‘lni asfalt qildik. Mo‘minoboddagi qishloq oilaviy poliklinikasi esa joriy yilda kapital rekonstruksiya qilinadi. Bu haqda qarorimiz bor. Bolalar bog‘chasini tashkil etish masalasida shuni aytishim kerakki, oilaviy va davlat xususiy sherikchilik asosidagi maktabgacha ta’lim muassasasi ochish bo‘yicha mo‘minobodlik tadbirkorlarning arizasi bor. Ularga sharoit yaratib beramiz. Aholining hech bir shikoyatini noo‘rin deyolmaymiz, albatta. Navbati bilan muammolarni hal etamiz.

Mo‘minobodliklar qancha soliq to‘laydi?

Tuman hokimi suhbat jarayonida Mo‘minoboddagi singari muammolarni hal qilish, obodonlashtirish, ta’mirlash ishlarini bajarish mahalliy byudjetga aholidan tushadigan soliqlarga ham bog‘liqligini ta’kidladi.

Shu o‘rinda biz Mo‘minoboddan byudjetga qancha soliq kelib tushishiga qiziqib ko‘rdik. Tuman davlat soliq inspeksiyasiga ana shu masala bo‘yicha murojaat qildik. Aholining necha foizi yer-mulk solig‘ini o‘z vaqtida to‘lash-to‘lamasligiga oydinlik kiritishini so‘radik. Afsuski, oradan bir necha kun o‘tib ham mazkur idoradan hech qanday ma’lumot ololmadik. Muhimi, tuman hokimi muammolarga yechim topishga va’da berdi. Qolganini vaqt ko‘rsatadi.

Lekin baribir Urgut tuman davlat soliq inspeksiyasidan savolimizga javob kutamiz.

Anvar MUSTAFOQULOV,

«Zarafshon» muxbiri.