“Mona Liza“ni mashhur qilgan o‘g‘irlik
Ha, shunday. Buyuk rassom Leonardo da Vinchining “Mona Liza“ asari agar o‘g‘irlanmaganda hozirgidek mashhur bo‘lmasdi.
Rassom dahosining bebaho mahsuli shundoq ham tasviriy san’at bilimdonlarini hayratda qoldirishda davom ettirgan bo‘lishi mumkin edi. Ammo jahon darajasida emas.
“Mono Liza“ 1911 yilda Parijdagi Luvr muzeyidan o‘g‘irlab ketildi. Vinchenso Peruja ko‘zgular va oynalar bo‘yicha usta bo‘lib ishlardi. U niyatini amalga oshirish uchun bir necha bor muzeyning shu kartina joylashgan hududida oynalarni ta’mirlagan kishidek yurdi. Angladiki, kartina qo‘riqlanmas ekan. Bu Vinchenso uchun ayni muddao edi. U kartinani plashi ostiga yashirib, muzeydan bemalol olib chiqib ketdi.
U ikki yil kartinani Parijdagi xonadonida saqladi. Bu vaqt davomida esa Parijda “U qanday zo‘r kartina ekan? Kimning asari ekan?”, degan gap-so‘zlar, to‘s-tupolon, shov-shuv, mish-mishlar avjiga chiqadi. O‘g‘irlikda gumon qilinib, shoir Giyom Apolliner qamoqqa olinadi. Hatto Pablo Pikasso shubha ostida qoladi...
Tevarak-atrofda gazetalar ko‘targan shovqin-suronni aytmaysizmi? Agar Peruja kartinani Italiyada sotmoqchi bo‘lib, qo‘lga tushmaganida bu voqea sirligicha qolarmidi? Leonardo da Vinchi dahosini kamsitmagan holda nafsilambrini aytganda, agar 100 yil muqaddam o‘g‘irlik sodir bo‘lmaganida “Mono Liza“ muzey zalida shunchaki, oddiy ayol siymosi mohirona aks etgan kartina bo‘lib qolaverarmidi?
Chunki o‘g‘irlikdan keyin bu kartina hatto tasviriy san’atni yaxshi tushunmaydigan odamlarda ham qiziqishni orttirib yubordi. Shundan keyin suratni bir marta ko‘rishni orzu qilgan odamlar soni ortgandan ortdi. Tadqiqotchilarni-ku qo‘yavering.
Eng qizig‘i, kartinadan xiyol hayo bilan jilmayib turgan ayol qiyofasidan o‘zlaricha yangi-yangi ma’nolar topishga urinishlar hamon davom etmoqda.
T. Shomurodov tayyorladi.