“Motamsaro ona” haykali oldida huquqbuzarlik qilgan shaxs 15 sutkaga qamaldi
Ijtimoiy tarmoqlarda G‘azalkent shahrida joylashgan “Xotira” maydonidagi “Motamsaro ona” haykali ustiga chiqib, uyat so‘zlarni aytib, baqir-chaqir qilgan fuqaroning xatti-harakatlari aks etgan video tarqalgan edi.
Bundan tashqari, u ichki ishlar organi xodimining qonuniy talabini bajarmasdan, uni ham haqorat qilgan. Boz ustiga, u tibbiy niqob taqmasdan, karantin qoidasini ham qo‘pol ravishda buzgan.
Shu kabi sabablar tufayli ushbu holat bo‘yicha ma’muriy ish qo‘zg‘atildi, deb xabar berdi O‘zA.
Ma’muriy ishlar bo‘yicha Bo‘stonliq tumani sudida ushbu ishga oid sud majlisi bo‘lib o‘tdi.
Sudya S.Matniyazov raisligida o‘tgan majlisda aniqlanishicha, yuqoridagi huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxs 1980 yilda tug‘ilgan, shu tumanda yashovchi A.T. bo‘lib, u zerikib ketganidan shunday holatga yo‘l qo‘ygani, mast holda haqoratli so‘zlarni aytganini, ammo hozir bundan pushaymon ekanini bildirgan.
Sud qaroriga ko‘ra, A.T.ga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Qamoq xarajatlari ham aybdordan undiriladi.