MTMlarda “Ilk qadam” dasturi asosida bolalarning rivojlanish kartasi to‘ldiriladi

Samarqand shahridagi 104-sonli maktabgacha ta’lim muassasasida “Maktabgacha ta’lim muassasalarida ta’lim-tarbiya jarayonini  “Ilk qadam” davlat o‘quv dasturi asosida tashkil etish va O‘zbekiston Respublikasining ilk va maktabgacha yoshdagi bolalarni rivojlantirish borasidagi davlat talablarini amalga oshirish”  mavzusida amaliy seminar o‘tkazildi.

Unda ishtirok etgan Maktabgacha ta’lim vazirligining O‘quv-metodik majmualarni yaratishni muvofiqlashtirish va metodik xizmatni tashkil etish boshqarmasi xodimlari “Ilk qadam” davlat dasturining asosiy maqsadi, bolalarning intellektual salohiyatini oshirishda turli rivojlantiruvchi dasturlarning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.

- “Ilk qadam” dasturining muhim jihati bolaning rivojlanish kartasining yuritilishidir, - deydi Maktabgacha ta’lim vazirligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Lyubov Yevstafeva.  - U o‘zida bolaning 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan davrini qamrab oladi. Karta bir yilda uch marta to‘ldiriladi va bola bog‘chada tarbiyalanganidan so‘ng, ya’ni 6—7 yoshida uning maktabga tayyorligi kartasi bilan ta’lim dargohiga yuboriladi.

Seminar davomida  ishtirokchilari guruhlarga bo‘lingan holda rivojlantiruvchi markazlar faoliyati bo‘yicha bilimlarini oshirishdi.