Muammo hech qachon urush, janjal, tartibsizlik bilan hal etilmaydi

Biz yashayotgan jamiyatda – XXI asrda maksimalist odamlar, ya’ni haddan tashqari ko‘p narsani birdaniga qo‘lga kiritish ilinjidagi kishilar ko‘payib ketayotgandek nazarimda. Sababi, shu qadar taraqqiyot, sharoit, imkoniyat va erkinlikka qaramay, dunyoning turli mintaqalarida hamon ziddiyat, norozichilik, qarama-qarshiliklar avj olmoqda. Afsuski, buni ijtimoiy ehtiyojlar deb bo‘lmaydi. Bu ixtilof va tartibsizliklarning zamirida egoizm, ma’lum bir guruhlarning manfaatlari aks ettirilgan.

 OAV va ijtimoiy tarmoqlar orqali ayrim hududlarda odamlar qoni to‘kilayotgani, o‘zaro nizo va adovatlar avj olib, notinchlik yuzaga kelayotgani, qurbonlik, ekstremistik, millatchilik va shovinistik g‘oyalar bilan yo‘g‘rilgan urush-janjallar global xavf-xatarlarni olib kelayotgani hammamizni hushyor torttirishi kerak. Chunki bu kabi jarayonlar ortidan paydo bo‘lgan va yangicha talqinlari yuzaga kelayotgan «rangli inqiloblar» jamiyatda xos holatini keltirib, tanazzul sari yetaklaydi. Bu esa boshqa, aniqrog‘i, «rangli inqilob» mualliflariga maqsadlarini amalga oshirishi uchun muhim omil hisoblanadi. Sodda qilib aytganda, har bir jamiyat a’zosi o‘z manfaatlarini ongli anglab, o‘zgalar manfaati qurboni bo‘lmasligi kerak.

 Hech qiziqib ko‘rdingizmi, rangli yo «tviter» cha inqiloblar qayerdan paydo bo‘ldi? Ularning mualliflari kimlar?

Gap shundaki, gegemonlik vasvasasiga berilgan ba’zi bir mamlakatlarning nisbatan kuchsizroq mamlakatlarni bo‘ysundirib, undan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishi uchun bu kabi inqiloblar ssenariylari o‘ylab topilgan. 

 Qizig‘i shundaki, «rangli inqilob» yuz bergan Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi mamlakatlarda faqat tartibsizlik, xunrezlik, iqtisodiy nochorlik va parokandalikni keltirib chiqardi. Aslida yashashdan maqsad farovonlik, tinchlik va osoyishtalik-ku.

 Tahlilchilar fikriga ko‘ra, bu kabi inqiloblar xalq uchun faqat kulfat va mashaqqatni kuchaytirgan, imkoniyat va sharoitlarni toraytirgan, zo‘ravonlik va tartibsizliklarni kuchaytirib, o‘n yillab taraqqiyotni ortga surishiga sababchi bo‘lgan. Faqat tashqi kuchlargina bundan foyda ko‘rgan, xolos. Tabiiyki, bu hech bir axloqiy, ijtimoiy-siyosiy adolat mezoniga to‘g‘ri kelmaydi. Terminologik jihatdan ta’rif berilganda, aslida «inqilob» so‘zi ko‘pincha ijtimoiy-siyosiy tuzumni qo‘qqisdan, zo‘rlik bilan, e’tibor bering, zo‘rlik bilan o‘zgartirishni anglatadi. Ya’ni, bu bosqichma-bosqich, evolyusion o‘zgarish, taraqqiyotning aksi hisoblanadi. Vaholanki, har qancha urinmaylik tabiat ham, uning qonuniyatlari bilan «yashayotgan» jamiyat, inson ham evolyusion jarayonlar orqali shakllanadi.

 Yaqin Sharqda o‘n yilcha oldin avj olgan «rangli inqilob» xunuk oqibatlarga olib kelingani shunchaki gap bo‘lmasligi uchun, bir ma’lumotni yodga olsak: inqilob natijasida qochoqlar soni 9 baravar oshdi, terrorizm xavfi kuchaydi, ayrim xorijiy kuchlarning bilvosita ishtiroki kabi holatlar mamlakatda erkinlik o‘rniga ko‘proq qaramlik hissini kuchaytirdi.

 Bu mulohazalarni shunchaki bayon qilmayotganimizni yaxshi anglayapsiz. Muddao: borining qadrini bilmagan, boridan ham ayrilishi mumkin. Shuni unutmasligimiz kerak! Zero, qo‘shni mamlakatlarimizda, ayni vaqtda Qozog‘istonda bo‘layotgan voqea-hodisalardan to‘g‘ri xulosa chiqarishimiz, sub’yektiv fikrimizni bildirishdan oldin ijtimoiy umummanfaatlarni, fikrlarni tahlil etishimiz kerak. Erkin fikr, erkin so‘z degani bugun kallasiga nima gap kelsa, darrov uni keng jamoatchilikka, ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilish degani emas. Zero, ijtimoiy tarmoqda bildirilayotgan, aytilayotgan fikrlarning ayrimlari sub’yektiv, bir tomonlama va hissiyotga berilish, bo‘rttirishni anglatmoqda.

 Unutmaslik kerakki, hech qachon muammo urush, janjal, tartibsizlik bilan hal etilmagan, aksincha qayerdaki qarama-qarshilik, zo‘ravonlik, tartibsizlik bo‘lsa, o‘sha joy muammolar girdobiga tushib qolgan. Shuning uchun hamma holatda me’yorni bilish lozim. Faylasuf Demokrit ta’kidlaganidek, «Me’yor hissi ezgu va baxtli hayot uchun zarurdir». Vaholanki, qo‘shni mamlakatdagi keyingi voqealar, qonli to‘qnashuvlarda bu narsa ko‘rinmayapti.

E’tibor bergan bo‘lsangiz, avval gaz narxining oshishidan norozi odamlarning talabi qondirilgach, ijtimoiy-siyosiy namoyish va harakatlarga aylanib, vaziyat va talablar keskin o‘zgarib, boshqacha tus oldi. Eng achinarlisi, bu mamlakat suverenitetiga tahdid solish bilan birga, iqtisodiy, ijtimoiy va axloqiy zararlarni keltirib chiqarmoqda. 

 Bu masala mamlakatning ichki ishi, muammosi albatta. Biroq «Qo‘shning tinch – sen tinch» degan xalqimiz maqoli bejiz emas. Biz qo‘shni mamlakatlarimizda faqat tinchlik va osoyishtalik bo‘lishi tarafdorimiz. 

 Afsuski, Qozog‘istonda harbiylar va qurollangan kimsalar o‘rtasida otishmalar oqibatida o‘nlab odamlar qurbon bo‘lib, yuzlab odamlar notinch yashamoqda. Xo‘sh, bu nimani anglatadi? Demokratiyanimi, erkinliknimi? Aslo! Aksincha, bu voqealar rivoji zo‘ravonlik va tanazzulni keltirib chiqarishi mumkin. Yana bir gap. Bu qadar g‘ala-g‘ovur va notinch namoyishlarda na aniq maqsad, na aniq reja, na aniq strategiya bor. Shu joyda umuman rejasiz harakatdan ko‘ra, u qadar mukammal bo‘lmasa-da, mavjud amal qilayotgan reja afzalroqdir, degan siyosiy fikr to‘g‘riroq, menimcha.

 Butun insoniyatning ezgu orzu-intilishi, bu – erkin, farovon, tinch osoyishta yashab, urush degan baloni ko‘rmaslik. Qolaversa, baxtli, saodatli yashash. Hech kim urushni istamaydi, qashshoqlik va tanazzulni ham. Shunday ekan, biz qayerda yashashimiz, qayerda bo‘lishimizdan qat’iy nazar, o‘zaro tinchlik-totuvlikni, o‘zaro ahillik, aqlona va odilona muzokara, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat kabi insoniy fazilatlarni yuksak qadrlashimiz, targ‘ib etishimiz va bunga, albatta, amal qilishimiz kerak.

Bahodir Rahmonov,

xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashi deputati,

falsafa fanlari bo‘yicha falsafa doktori.