Muammolar o‘rganilyapti, ammo ularga yechim topilyaptimi?
Bu gal “Bir kelib keting qishlog‘imizga” rukni ostida reportaj tayyorlash uchun Toyloq tumanining eng olis hududida joylashgan O‘ray-Elipok mahallasiga borishga qaror qildik. Tuman hokimligidan kerakli ma’lumotlarni olib, yo‘lga chiqayotganimizda 3-4 nafar fuqaro Fayziobod mahallasiga ham bir borishimizni, u yerdagi yangi maktabning achinarli ahvoli bilan tanishishimizni iltimos qildi.
Fayziobodning fayzi qayerda?
Tuman markazidan chiqib, chamasi 10 kilometrcha masofa bosganimizdan keyin, ravon yo‘llar ortda qoldi. Mashinamiz o‘ydim-chuqur ko‘chalardan o‘tayotganda, bizga hamrohlik qilayotgan tuman hokimligi vakillari Fayziobod mahallasiga kirib borayotganimizni aytishmaganida, qayerga yetganimizni bilmas edik. Sababi birorta yo‘lko‘rsatkich belgilarini uchratmadik.
Ikki qavatli maktab yonida to‘xtadik. Bu zamonaviy ko‘rinishdagi ta’lim muassasasi va yana bir u yoq-bu yog‘i ta’mirlangan eski imorat, ya’ni mahalla binosini hisobga olmasangiz, Fayziobodning fayzi qayerda ekan, deb o‘ylanib qolishingiz tabiiy.
- Hududimizda obodonlashtirish ishlarini amalga oshiryapmiz, - deydi mahalla raisi o‘rinbosari Adham Qoraboyev. – Sektor rahbarlari tez-tez kelib uchrashuvlar o‘tkazyapti. Muammolarga yechim topishga harakat qilyapmiz. Aholimizni ko‘proq elektr energiyasidagi uzilishlar qiynab kelyapti. Sababi, transformatorlarimizdan biri yiliga ikki marta “portlaydi”. Simyog‘ochlarimiz eskirgan. Ularni almashtirishimiz, yana qo‘shimcha transformatorlar o‘rnatishimiz, 1,5 kilometrga yaqin yo‘llarimizni ta’mirlashimiz kerak. Mahallamizda birgina 25 o‘ringa mo‘ljallangan oilaviy bog‘cha bor. Maktabgacha ta’lim tashkilotiga ham ehtiyoj katta.
O‘quvchilarning ta’lim olishiga sovuq ta’sir qilishi kerakmi?
Mahalladagi 42-umumiy o‘rta ta’lim maktabi binosi zamonaviy. Keng va yorug‘ sinfxonalar va sport zali ham mavjud. Ammo qaysi xonaga kirmaylik, o‘quvchilar qishki kiyimda o‘tirganiga guvoh bo‘ldik. Demak, isitish tizimi ko‘ngildagidek emas.
- 280 o‘rinli maktabda 454 nafar o‘quvchi ta’lim oladi, - deydi maktab direktori Hilola Jo‘rayeva. – Bor imkoniyatdan foydalanib ta’lim berib kelyapmiz. Muassasamiz ikki yil avval 11 yillik maktabga aylantirildi. 2019 yilda 16 nafar, 2020 yilda 12 nafar bitiruvchi oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirdi. Sinfxonalarimizning sovuqligiga sabab qor yoqqan kuni qishlog‘imizdagi transformator portlab ketgan. Elektr energiyasida uzilish bo‘lganligi uchun isitish tizimidagi suvning aylanma harakati to‘xtagan.
Maktabning ikki nafar o‘quvchisi stol tennisi bo‘yicha viloyat musobaqasida birinchi o‘rinni egallagan ekan. Sport zalini ham ko‘zdan kechirishga chog‘langanimizda maktab direktori biroz qarshilik ko‘rsatganday bo‘ldi. Keyin bilsak, o‘quvchilar sport anjomlari yetarli bo‘lmagan zalda jismoniy tarbiya darslarini ham qishki kiyimda o‘tar ekan.
Navbatchi o‘qituvchining qo‘lidagi qo‘lbola qo‘ng‘iroq ham zamonaviy maktabga umuman yarashmay turibdi.
- Yangi maktab binosi qurilib foydalanishga topshirilganda sport zalga 10 ta to‘shama va 2 ta tennis stoli berilgan, - deydi H.Jo‘rayeva. – Boshqa inventarlarni berish va’da qilinganu, va’daligicha qolgan. Shuning uchun ham sport zalga kirmay qo‘yaveraylik degandim. Hozir bolalar foydalanayotgan voleybol va basketbol sport anjomlarini homiylar hisobidan olganmiz.
O‘ray-Elipokka Urgutning o‘ydim-chuqur yo‘llaridan o‘tib bordik
Bizga hamrohlik qilayotgan hokimlik vakillarining ta’kidlashicha, O‘ray-Elipok eng olis hududda joylashgan, ammo shaharcha ko‘rinishidagi mahalla ekan. Maqsadimiz faqat kamchilik va muammolarni emas, qishloqlardagi ijobiy o‘zgarishlarni ham yoritish, deb tumanning chekka hududi tomon yo‘l oldik. O‘ray-Elipok mahallasiga qo‘shni tuman hududidan o‘tib borilarkan. Qarshimizdan chiqqan o‘nqir-cho‘nqir yo‘llar Urgut tumaniga qarashli ekan.
Manzilimizga yetib borganimizda chekka hududda haqiqatan ham shaharcha ko‘rinishidagi mahalla mavjudligiga ishonch hosil qildik.
- Tuman markazi bu yerdan 32 kilometr uzoqlikda, - deydi mahalla raisi Farhod Mavlonov. – Toyloqning Bulung‘ur va Urgut tumanlari bilan chegara hududida joylashgan mahallamizda keyingi yillarda katta o‘zgarishlar ro‘y berdi. Fuqarolar yig‘ini va 39-maktabgacha ta’lim tashkiloti uchun yangi binolar qurildi. Zamonaviy ko‘rinishda maishiy xizmat ko‘rsatish ob’yektlari faoliyat ko‘rsatyapti. Qolgan kamchilik va muammolarimiz ham shu yilning oxirigacha bartaraf etilishi rejalashtirilgan. Sababi, hududimizda muammolarga yechim topish maqsadida “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan.
Ishsizlar 208 nafar
Ma’lumotlarga ko‘ra, mahallada 16 oila “Temir daftar”ga kiritilgan. 120 nafar yigit-qiz “Yoshlar daftari”, 65 nafar xotin-qiz esa “Ayollar daftari” ro‘yxatga olingan. Mahalla aholisining 208 nafari ishsiz. Hududdagi muammolarni bartaraf etish bo‘yicha 2021 yilda amalga oshirilishi belgilangan chora-tadbirlar rejasiga asosan 10 ga yaqin maishiy xizmat ko‘rsatish ob’yektlarini tashkil etish hamda o‘zini-o‘zi band qilish hisobiga 143 nafar fuqaro ish bilan ta’minlanadi. Ammo...
Mahallada yutuqlar ko‘p, shu bilan birga yoshlarning muammosi ham
Mahallada joylashgan 50-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga ham bordik. Ko‘rinishidan katta bo‘lmagan bu muassasada 400 nafardan ziyod o‘quvchi ta’lim olarkan. 10 ta sinfxonadan iborat binoda o‘quvchilar uchun sharoitlar yetarli emas.
- Ona tili va adabiyot fanlariga qiziqaman, kelajakda jurnalist bo‘lmoqchiman, - deydi o‘quvchilardan biri Dilnoza Ahmadova. – Havo issiq kunlari tadbirlar hovlida, qishda esa sinfxonamizda o‘tkaziladi. Sababi, maktabimizda faollar zali yo‘q. Sport zalimiz yo‘qligidan qish kunlarida jismoniy tarbiya darslarini shaxmat-shashka o‘ynab o‘tkazamiz. Kutubxona uchun nomigagina qorong‘i bir xonacha ajratilgan. Bu yerga kirib kitob o‘qishning imkoni yo‘q. Ikki-uch nafardan ziyod o‘quvchi sig‘maydi.
Ha, Dilnozaning gapida jon bor. Shu kunlarda mamlakatimizda yoshlarga alohida e’tibor qaratilayotgan davrda ular zamonaviy sinfxonalarda ta’lim olishni, sharoitlarga ega sport zallaridan foydalanishni istaydi. Maktab koridorining to‘rida bunyod etilgan derazasi yo‘q kutubxona ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari uchun ham, yoshlar yetakchisi uchun ham xizmat qilar ekan.
4 fevral kuni yoqqan qor biz borgan chekka mahallalarga viloyat va tuman markaziga nisbatan ko‘proq tushgan ekanmi, haligacha erimabdi. Demak, bu hududlarga bahor ham kech keladi. O‘ray-Elipok va Fayziobod aholisi, xususan, o‘quvchi-yoshlari iliq va yorug‘ kunlarni kutib yashamoqda. Ularni qiynab kelayotgan masalalarni “mahallabay” o‘rganayotgan sektor rahbarlari va mutasaddilar muammolarni faqat o‘rganish bilan cheklanib qolmasdan, yechimini topadi, deb umid qilamiz.
To‘lqin Siddiqov,
Baxtiyor Mustanov.