Murojaatlar mas’uliyatsizlik va e’tiborsizlikdan kelib chiqadi

Viloyat teleradiokompaniyasi "Ochiq muloqot" ko‘rsatuvining bu galgi sonida Narpay tumani hokimining birinchi o‘rinbosari, sektor rahbarlari, tumandagi korxona va tashkilot mutasaddilari ishtirok etdi. Aholini qiynayotgan muammolar, kelib tushayotgan savollarni o‘rganar ekan, tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Sherzod Rahmonov shunday dedi:

– Tumanimizda aholini qiynayotgan katta muammolardan biri bu – ishsizlik. Tuman bo‘yicha ishga yaroqli aholining 9,8 foizi (!) ishsiz hisoblanadi. Doimiy ish  o‘rinlari yaratish va aholi bandligini ta’minlash uchun tumanda ishlab chiqarish, sanoatni rivojlantirishga e’tibor qaratyapmiz. Bu muammoni bartaraf etish uchun 2019 yilda 1 trillion so‘mlik 53 ta loyihani amalga oshirishni belgilab oldik. Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi bilan 600  ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Zirabuloq kichik sanoat zonasida 48 ta loyiha amalga oshirilayotgan bo‘lsa, ularga qo‘shimcha ravishda Tepa va Oromgoh kichik sanoat zonalari ham tashkil etiladi. Tumanda ishlab chiqarishni kengaytirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy inves­titsiyalarni jalb etish maqsadida tadbirkorlarimiz kuni kecha tuman hokimi B.Jabborov boshchiligida Rossiyaning Moskva shahriga jo‘nab ketishdi. Rossiyalik ishbilarmonlar bilan tumanga 1 million dollarlik investitsiya kiritish bo‘yicha kelishuv olib borilmoqda.

Haqiqatan ham muloqot davomida aholi murojaatlarining aksariyati ishsizlik, kommunikatsiya sohalaridagi kamchiliklar, elektr energiyasi, tabiiy va gaz ballonlari, yo‘llarni ta’mirlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, soliq mexanizmlari, bank kreditlari, kam ta’minlangan oilalarga yordam ko‘rsatish, bozorlar obodonchiligi va xizmatlar sifatini oshirish, qishloq xo‘jaligidagi muammolar bilan bog‘liq bo‘ldi. Jumladan, Tinchlik mahallasidan N.Aliyev, Yangiobod mahallasidan S.Umbarova, Zirabuloq mahallasidan M.Ro‘zimurodova, Guliston mahallasidan Z.Ravshanovning ish bo‘yicha murojaati joyida hal etildi. Ammo tumandagi "Sevinch Jo‘raqulova" fermer xo‘jaligi boshlig‘i Fotima Qahhorovaning yetishtirilgan qalampirni sotolmayotgani, Alisher Navoiy mahallasidan U.Xudoyorovning buvisi qisqartirish tufayli ishdan bo‘shatilgani va endilikda ish staji yetmayotganligi tufayli pensiyaga chiqolmayotgan­ligi kabi savollarga aniq javob berilmadi.

Umuman, bir yarim soatlik muloqot davomida teleradiokompaniyaning telefon raqamlari, ijtimoiy tarmoqlar va "Zarafshon" gazetasi orqali 70 dan ortiq muammolar bildirildi.

– Tumandoshlarimizning murojaatlaridan kelib chiqib tumanda o‘sha sohalarda biz hali yetib borolmagan nuqtalarimiz ko‘pligi oydinlashdi, aholini ko‘proq qaysi yo‘nalishlardagi muammolar  qiynayotganini bildik, – dedi Sh.Rahmonov ko‘rsatuv yakunlangach, bizga bergan intervyusida. – Bu murojaatlardan xulosa qilib, biz «Yo‘l xaritasi»ni tuzib olamiz, har bir murojaatni alohida o‘rganib chiqamiz. Tepa, Salovot va Narpay mahallalaridagi qishloqlarimizda "Obod qishloq" dasturi asosida qurilish-ta’mirlash ishlari olib boriladi. Bundan tashqari, 5 ta maktabni joriy va to‘liq ta’mirlash, 22 ta xususiy maktabgacha ta’lim muassasasi qurilish ishlari bajariladi. Hozirda tuman aholisining 50 foizga yaqini toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan bo‘lsa, qolgan aholi uchun 20 dan ortiq maxsus texnikada toza ichimlik suvi yetkazilmoqda. Shuningdek, joriy yilda «Mirbozor» suv inshootini ta’mirlash va 6 kilometr ichimlik suv tarmog‘i tortish uchun 1 milliard 700 million so‘m mablag‘ ajratildi. Oqtosh shahridagi Islomobod mahallasida yangi suv inshooti va kanalizatsiya tarmog‘ini qurishga 20 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltiriladi. Yangiqo‘rg‘on qishlog‘ida 18 kilometrlik suv tarmog‘i, Chaqar qishlog‘iga 13,6  kilometrlik «Damxo‘ja» suv tarmog‘ini, Qoraserob qishlog‘iga 14 kilometrlik suv tarmog‘i tortish rejalashtirilgan. Elektr energiyasidagi uzilishlarni bartaraf etish uchun 2019 yilda 40 kilometrlik yangi elektr tarmog‘i tortiladi, 10 ta yangi transformator qo‘yilib, 5 tasi ta’mirlanadi. Joriy yilgi tuman dasturida belgilangan ushbu vazifalarning bajarilishi aholi muammolariga yechim bo‘ladi.

 O‘ktam XUDOYBERDIYEV.