Murojaatnoma: Taraqqiyotimizni ta’minlovchi dastur

Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida bildirilgan fikrlar, taklif hamda ilgari surilgan gʻoyalar yurtimizni yanada obod qilishga, xalqimizning farovon yashashini taʼminlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Bosh vazir va hukumat aʼzolarining Murojaatnomada belgilab berilgan vazifalar ijrosi boʻyicha qilinayotgan ishlar yuzasidan har chorakda parlamentga xisobot berib borishi olib borilayotgan islohotlarda shaffoflikni taʼminlashga xizmat qiladi. Belgilangan chora-tadbirlarning qay darajada bajarilayotganidan Senat va Qonunchilik palatasi xabardor boʻlib turadi. Bu esa Murojaatnomada ilgari surilgan takliflarning qogʻozda qolib ketmasligi, amalda ijro etilishi ustidan partament nazorati oʻrnatilishini kuchaytiradi.

Prezidentimiz viloyat, tuman va shahar hokimlarining mahalliy kengashlarga raislik qilish amaliyoti bekor qilinishini, deputatlarning vakolatlari kengaytirilishini alohida qayd etib oʻtdi. Bu kelgusida xalq deputatlari mahalliy kengashlarining jamiyatdagi nufuzini yanada oshiradi. Hokimlarning kengash oldida hisobot berishi ularni oʻz ishiga masʼuliyat bilan yondashishga, faoliyatida xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻymaslikka undaydi.

Shuningdek, sud hokimiyatining mustaqilligini taʼminlash uchun sudyalikka nomzodlarni tanlash va tayinlash tizimini yanada takomillashtirish zarurligiga eʼtibor qaratildi. Tuman, shahar va viloyat sudi sudyalarini tanlash va tayinlash vakolati Sudyalar oliy kengashiga beriladi.

Endilikda sudyalarni tanlashda jamoatchilik fikri va ular oldidagi hisobdorlik masalasi toʻliq oʻz ifodasini topadi. Bu ushbu tizimda shaffoflik taʼminlanishi, eng muhimi, munosib shaxslar sudya boʻlishiga yoʻl ochadi.

Azimjon SOLIYEV,

OʻzMTDP Samarqand viloyat kengashi devoni rahbari.