Mutolaa. Adib va Ilhom parisi. Hikoya
Aleksandr Mixan
Poytaxtdan uzoqdagi kichkinagina shahar ijod ixlosmandlari har yili bir marta vokzalda to‘planib, san’atkorlar, bastakorlar va yozuvchilar bo‘lgan poyezdni perrondan qutlash uchun kutib turishardi.
Poyezd garchi to‘xtamasa-da, jo‘shqin olomon yonidan imkon qadar sekinroq o‘tish uchun ataylab tezligini pasaytirardi. Parovoz hushtak chalib, hammaga poyezd kelayotganini, ayniqsa, san’at arboblarini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishga ishtiyoqmand bo‘lganlar guldastalarini u yoki bu san’at ustasiga berish uchun platforma chetiga yaqinroq kelishlari kerakligi to‘g‘risida uzoqdan xabar qilardi. To‘planganlardan omadlilari (asosan Balzak yoshidagi ayollar) gullar bilan birga bo‘sa berishga muvaffaq bo‘lishardi. Bu omadlilar asosan sevgi haqida she’rlar yozadigan mardona ko‘rinishdagi bebosh va bu zerikarli kichik shaharcha aholisining ehtiroslarining allaqachon o‘t olgan vulqonlarini alangalab qo‘ygan shoirlar edi.
“Muhabbatim senga baxshida sevgilim, men esa bo‘lurman seniki abad!”, bir shoir ochiq derazadan she’rlarini ifodali o‘qib berardi.
“O‘zing u yerda-yu, jisming bu yerda” kuylardi boshqasi va shu zahotiyoq bir to‘da gullar, qutilar, shirinliklar, ayniqsa nozik tabiat ayollarning butun "xalta"laridagi sevgi izhori qilingan xat va otkritkalari ular tomon otildi.
Shovqinli olomondan unchalik uzoq bo‘lmagan joyda, nilufar butasi soyasida hech kim tanimaydigan mahalliy yozuvchi turardi. Alhol, bir yildan ko‘proq vaqt davomida poyezd yo‘lovchilarining ismlari hammaga ma’lum bo‘lsa-da, bu mahalliy “adib”ning borligi haqida hech kimning xabari yo‘q edi.
Olomon yana bir mohir shoirni ko‘rib, zavq bilan guvillab hayajonga tushdi va bizning qahramonimiz ularga e’tibor bermay, boshqalar qatori yildan-yilga sababi faqat o‘zigagina ma’lum va bu yerga kim uchun kela boshlagan aybdorini nigohi bilan izlay boshladi.
Bir necha yil oldin u birinchi marta poyezd o‘tayotgan vaqtda bekatga to‘satdan kelib qolgan edi. Aynan o‘shanda uning ko‘z oldida – uning Ilhom parisi hozir bo‘lgandi. Adib uni ko‘rishi bilanoq tildan qoldi, uni go‘yo chaqmoq urgandek bo‘ldi.
U yugurib uyiga keldi va darhol ushbu hodisotga bag‘ishlab she’rlar yozishga kirishdi.
O‘sha kundan boshlab u faqat yozdi, yozdi va taqdirini tubdan o‘zgartirishga muvaffaq bo‘lgan Ilhom parisi bilan hech bo‘lmaganda bir lahzaga, uni tasodifiy va tushunarsiz tarzda yana uchratishini umid qilib yashadi.
Bugun esa poyezd to‘satdan barchani hayratda qoldirib to‘xtab qoldi, dvigatel guvilladi va katta po‘lat mushukdek qattiq pishilladi. Dovdirab qolgan stansiya boshlig‘i bundan-da yaxshiroq narsani o‘ylab topa olmasdan, furajkasini tepaga otib baqira boshladi: “Ura! Bravo! Bravissimo!”.
Poyezd birinchi marta to‘xtadi. “Jamiyat gullari” bunday holatda nima qilish kerakligini tushuna olmay, jimgina bir-biriga qaray boshladi. Platformaga achchiqlanib, dehqon yon yoqa ko‘ylak kiygan uzun oq soqolli chol chiqdi:
- Yana shu poyezdni deb ishlamayapsizlar, takasaltanglik qilyapsizlar. Axir, Anna aynan shunday poyezd ostida...
Hech kim cholga gapini oxiriga yetkazishiga qo‘ymadi. Hamma go‘yo topshiriq olgandek, bu ulug‘ yo‘lovchini qurshab olib, uning romanlarini maqtashga kirishdi. Chol qo‘lini siltab, o‘z vagoniga yashirinishga shoshildi. Hozirgina chol turgan platformadagi joydan “U” tushib keldi va hech kimga e’tibor bermay, to‘g‘ri nilufar soyasi ostida o‘tirgan mahalliy adib tomon yura boshladi.
- Ha, ha, siz! Atrofga qaramang! Men sizni olib ketgani kelyapman! – ayol o‘ng qo‘lini oldinga cho‘zdi va xuddi injiq bolani yetaklagandek yozuvchini poyezd tomon boshlab bordi.
- Men tushunmadim, bu... nima degani? – arang eshitiladigan ovozda gapirdi erkak.
- Bu siz biz bilan birga ketasiz, degani! Siz uchun poyezdni to‘xtatdim. Yura qolsangizchi! Tezroq, shoshiling!
- Men uchun? Lekin u yerda...
Ayol tabassum qildi.
- Bir paytlar bularning hammasini ham shu poyezdga majburan o‘tqazib qo‘ygandim, menga ishonavering, hech kim o‘zi chiqishga botina olmagan. Shuning uchun sizning qarshiligingiz meni hayratga solmadi, alqissa, hali ham menga ergashishingizni talab qilaman. Sizning vaqtingiz keldi va biz bu yerdan birga jo‘nab ketishimiz kerak!
Yozuvchi jur’atsizlik bilan birinchi zinapoyaga chiqdi va orqaga o‘girildi. U shaharliklarning qandaydir tanilmagan kishi uchun ulug‘ odamlar to‘la poyezd birinchi marta to‘xtab qolganidan, yozuvchi oyog‘ini yerdan olishi bilan darhol yo‘lga tushganidan taajjub ifodalagan rangpar yuzlarini ko‘rdi.
- Oh, yaramas! – shivirladi ayollardan biri. – U o‘zini hech kimni tanimaydigandek tutyapti. O‘zi esa qayerdandir bo‘lsayam poyezdga chipta olgan!
- Qayerdan ham olardi? O‘g‘irlagandir-da, - ma’qulladi boshqa odam. – Ha, mayli! U qaytib keladi – o‘shanda biz u bilan gaplashamiz!
Lekin yozuvchi bu so‘zlarni eshitmadi, chunki u hech qachon bu shaharga ham, o‘tgan hayotiga ham qaytmasligini bilar edi. Oldinda qo‘lidan tutib, uni boshqa barcha yo‘lovchilar bilan birga abadiyatga yo‘l olgan aravada Ilhom parisi kutib turardi.
Rus tilidan Bahora Muhammadiyeva tarjima qildi.