Mutolaa: Devorlardan o‘ta oladigan odam. (Hikoya, qisqartirilgan)

Marsel Eme

Monmartrda, Orshan ko‘chasidagi 75-uyning to‘rtinchi qavatida Leon Dyutiyell ismli ajoyib odam yashar edi. Kichkina qora soqolli, zanjirli pensne taqib yuradigan Dyutiyell Ro‘yxatga olish vazirligida kichik amaldor bo‘lib ishlardi va g‘aroyib - zarracha noqulaylik sezmasdan devorlardan o‘tish qobiliyatiga egaligi bilan boshqalardan ajralib turardi.

43 yoshli Dyutiyell bu qobiliyatini tasodifan payqab qoldi. Bir kuni  kechqurun u o‘zi bo‘ydoq yashaydigan kvartirasining dahlizida turgan edi, to‘satdan chiroq o‘chib qoldi. Zulmatda tusmollab yurgan Dyutiyell chiroq yonganda o‘zini to‘rtinchi qavatning maydonchasida ko‘rdi. Uyining eshigi ichkaridan berkitilgani bois, bu g‘alati voqea uni o‘ylantirib qo‘ydi va idroki bahonalariga qaramay, qanday qilib chiqqan bo‘lsa, xuddi shu tarzda, ya’ni, devor orqali uyiga qaytishga qaror qildi. Ertaga - shanba kuni ish kunining qisqarganidan foydalanib, vaziyatni tushuntirish uchun shifokorga bordi. Shifokor bemorga faqatgina sog‘lom turmush tarzini olib borishni va yiliga ikki marta guruch kukunidan tayyorlangan dorivor ichishni maslahat berdi. Birinchi kukunni ichib, Dyutiyell dorini tortmachaga tashlab, u haqda butunlay unutdi. 

Shu tarzda bir yil o‘tdi, uning devorlardan o‘tish qobiliyati hali ham o‘zi bilan saqlanib qolingan edi, lekin tasavvur vasvasasiga befarq va sarguzashtlarga moyilligi bo‘lmagan Dyutiyell o‘z qobiliyatidan foydalanib qolgudek bo‘lsa, u faqat e’tiborsizlik oqibatida sodir bo‘lgan bo‘lardi. U hatto o‘z kvartirasiga ham hamma oddiy odamlar singari eshik qulfini ochib kirardi. 

Agar kutilmagan bir o‘zgarish uning borlig‘ini bezovta qilmaganda edi ehtimol, u qobiliyatini ko‘z-ko‘z qilmasdan, o‘z odatlari dunyosida qarigan bo‘lardi. Uning boshlig‘i janob Mouron boshqa lavozimga tayinlandi va uning o‘rniga uzuk-uzuk gapiradigan, cho‘tka mo‘ylovli janob Lekyuyer tayinlandi. Yangi boshliq birinchi kundanoq zanjirli pensneli va qora soqolli xodimiga qandaydir malollik keltiradigan, foydasiz lash-lush sifatida qaray boshladi. Eng yomoni, Lekyuyerning go‘yo atayin qo‘l ostidagisi tinchiligini buzish niyatida o‘z bo‘limida jiddiy islohotlar o‘tkazish niyati borday ko‘rinardi. Kamida yigirma yil davomida Dyutiyell o‘z xatlarini “...Joriy yilning falon sanasida yozilgan xatingizga javoban va avvalgi maktub almashinuvimizni eslatib, Sizga shuni ma’lum qilish sharafiga egamanki...” deb boshlardi. Janob Lekyuyer esa bu ifodani boshqacha, ko‘proq amerikacha uslub, ya’ni, “Falon sanadagi xatingizga javoban shuni ma’lum qilamizki...” bilan almashtirishni talab qildi. Biroq Dyutiyell bu yangi epistolyar shaklga ko‘nika olmadi. Ro‘yxatga olish vazirligidagi muhit borgan sari og‘irlashardi.

Uning barcha islohotlarini bekor qilgan teskarichining qarshiligidan g‘azablangan Lekyuyer Dyutiyelni o‘z xonasiga tutashgan koridorga chiqadigan tor eshigida katta harflar bilan “OMBORXONA” degan yozuvi bor yarim qorong‘i tor xonachaga surgun qildi. 

Bir kuni boshliq bir maktubni ko‘targancha xonaga bostirib kirdi va baqira ketdi:

- Darhol bu qog‘ozni qayta yozing! Eshityapsizmi, mening bo‘limimni sharmanda qilayotgan bu bemaza qog‘oz parchasini qaytadan yozing!

Dyutiyell e’tiroz bildirmoqchi bo‘lgandi, lekin janob Lekyuyer uni keksa suvarak deb la’natladi va ketishidan oldin xatni g‘ijimlab qo‘l osti xodimining yuziga otib yubordi. Dyutiyell kamtarin, ammo mag‘rur odam edi. Xonada yolg‘iz o‘zi qolganida yonoqlari qizib ketganini sezdi va birdaniga miyasida bir fikr ravshanlashdi. Joyidan turib o‘zi va boshlig‘ini ajratib turgan devorga kirdi-da, undan shunday egilib chiqdiki, boshqa tomondan faqat boshi ko‘rinib turardi. Stolda o‘tirgan janob Lekyyuer qalami hamon g‘azabdan raqsga tushardi, u xodimlaridan birining matnidagi vergulini o‘zgartirayotgan edi, to‘satdan qulog‘iga yo‘tal eshitildi. Boshini ko‘tarib, dahshat bilan Dyutiyelning ovlangan ilvasindek boshi devorga yopishib qolganini ko‘rib qoldi. Bundan tashqari, bosh tirik edi va zanjirdagi pensne orqali boshlig‘iga to‘la nafrat bilan tikilib qarardi. Bu ham yetmaganday, u gapirdi.

- Muhtaram janoblari,  - xitob etdi kalla, - siz surbet, yaramas va ablahsiz!

Dahshatdan og‘zini ochgan janob Lekyuyer, devordan ko‘zini uzolmay qoldi. Nihoyat, u qandaydir tarzda o‘rindig‘idan uzilib, koridorga chiqdi va omborxona tomon  yugurdi. Dyutiyell qo‘lida qalam bilan odatdagi o‘rnida o‘tirar, osoyishta qiyofasi uning qunt bilan ishlayotganini ko‘rsatardi. Boshliq unga uzoq qarab turdi-da, so‘ng bir-ikki og‘iz so‘z g‘o‘ldirab, xonasiga qaytdi. U ish stoliga o‘tirishi bilanoq devordagi bosh yana paydo bo‘ldi.

- Muhtaram janoblari, - siz surbet, yaramas va ablahsiz!

O‘sha kunning o‘zida dahshatli bosh 23 marta paydo bo‘ldi, keyingi kunlarda ham u tez-tez “tashrif” buyurib turdi. U boshlig‘iga vahimali qarar, tahdid qilar, bo‘g‘iq ovozi iblisona kulgiga o‘tib ketardi:

- Guru-Garu! Bo‘ri keldi! (kulgi) Havo shunchalik sovuq bo‘ldiki, sumalaklar dumi muzlab qoldi (kulgi). 

Buni eshitgan bechora boshlig‘ining rangi oqarib, bo‘g‘ila boshladi. Birinchi kuni u tanasidagi vaznining uchdan birini yo‘qotdi. Keyingi haftada u sho‘rvani sanchqi bilan ichar, tartibot xodimlariga harbiylarcha salom berishdek nomaqbul odatlarga ham ega bo‘ldi. Ikkinchi haftaning boshida uning uyiga tez tibbiy yordam xodimlari kelib, janob Lekyuyerni ruhiy kasalliklar shifoxonasiga olib ketishdi.

Xo‘jayinining zulmidan xalos bo‘lgan Dyutiyell o‘zining qimmatli “oldi-berdi”siga qaytishga muvaffaq bo‘ldi: “...Joriy yilning falon sanasida yozilgan xatingizga javoban va...”. Lekin endi bu uning uchun yetarli emasdek tuyula boshladi. U qandaydir tarzda yuzaga chiqishni, yangi, kuchli ehtiyojni - bu esa kammas-ko‘pmas devorlardan o‘tish zaruratidan boshqa narsani talab qilmas edi.

Dyutiyell tomonidan amalga oshirilgan birinchi o‘g‘irlik Sena daryosining o‘ng qirg‘og‘idagi yirik kredit muassasasida sodir bo‘ldi. U o‘nlab devor va to‘siqlardan o‘tib, seyflarga kirib, cho‘ntaklarini banknotalar bilan to‘ldirdi va ketishidan oldin Garu-Garu taxallusini tanlab, qizil bo‘r bilan imzo qoldirdi. O‘sha haftada sodir bo‘lgan mashhur Bordugal olmosi va Munitsipal kredit uyining o‘g‘irlanishidan so‘ng, olomonning ishtiyoqi avjiga chiqdi. Ichki ishlar vaziri iste’foga chiqishiga to‘g‘ri keldi, ro‘yxatga olish vaziri esa unga ergashdi. Dyutiyell endi Parijdagi eng boy odamlardan biri bo‘lsa-da, u baribir ishga o‘z vaqtida kelardi. Ertalablari ro‘yxatga olish vazirligida u hamkasblarining o‘zi to‘g‘risida yangiliklarni muhokama qilayotganini tinglashni yaxshi ko‘rardi. “Bu Garu-Garu – ta’kidlashardi ular, - g‘ayrioddiy odam, shunchaki daho!”. Bunday maqtovni eshitgan Dyutiyell xijolatdan qizarib ketar, pensne ostidagi ko‘zlari minnatdorchilik va mamnuniyat bilan porlardi. U tortinchoqlik bilan gazeta ustida to‘planib, Fransiya bankining talon-taloj qilinishi haqida hayajon bilan gapirayotgan hamkasblariga qarab, kamtarona e’lon qildi:

- Bilasizlarmi, Garu-Garu menman.

Uning so‘zlari istiholasiz, uzoq davom etgan qahqaha bilan kutib olindi va hamkasblari tomonidan unga hazil aralash “Garu-Garu” laqabi berildi. Kechqurun, u  vazirlikdan ketgach, o‘rtoqlari uni tinimsiz masxara qilishardi va hayot unga zerikarli tuyula boshladi. 

Bir necha kundan so‘ng tungi patrul Garu-Garuni ryu-de lya Pe  ko‘chasidagi zargarlik do‘konida qo‘lga oldi. Dyutiyell uchun devorga kirib, politsiyadan yashirinish oppaoson edi, biroq barcha alomatlar uning o‘zi qo‘lga olinishini istayotganini va ehtimol hamkasblarini lol qoldirish uchun bo‘lgandir, chunki ishonchsizlik uni qattiq haqorat qilgan edi. Darhaqiqat, ertasi kuni barcha gazetalarning birinchi sahifasida Dyutiyelning fotosurati chiqqanda, ular juda hayron qolishidi. Ular o‘zlarining daho o‘rtoqlarini vaqtida e’tirof etmaganliklaridan afsusda edi va uning sharafiga kichik soqol o‘stira boshlashdi.

Dyutiyell qo‘rqchinli Sante qamoqxonasiga joylashtirilishi bilanoq, soqchilar mahbus devorga mix qoqib, unga qamoqxona boshlig‘ining oltin soatini osib qo‘yganidan hayratga qolishdi. Sante xodimlari butunlay izdan chiqdi, bundan tashqari xodimlar hamma joyda ularni kelib chiqishi mutlaqo tushunarsiz tarzdagi tepib yuborishlar haqida shikoyat qilishardi. Go‘yo devorlarning nafaqat quloqlari, balki oyoqlari ham bordek.

Garu-Garu bir hafta qamoqda o‘tirgan edi, bir kuni ertalab o‘z kabinetiga kirgan Sante boshlig‘i stoli ustida quyidagi mazmundagi xatni topdi:

“Janob boshliq, shu oyning 17 kunidagi suhbatimizga javoban va 15 maydagi ko‘rsatmalaringizni eslatib, “Uch mushketyorlar”ning ikkinchi va oxirgi jildini endigina o‘qishni tugatganimni va bugun tunda soat 11.25dan 11.35gacha qochib ketishimni ma’lum qilish sharafiga egaman. Sizdan hurmat-ehtiromimni qabul qilishingizni so‘rayman. Garu-Garu”.

Dyutiyell jiddiy nazoratga olinishiga qaramay, u o‘sha kecha soat 11.30da g‘oyib bo‘ldi. Qamoqxonadan qochganidan uch kun o‘tib, u do‘stlari bilan Kolenkur ko‘chasidagi “Mechta” kafesida limon rangli sharob ichgan paytida qo‘lga olindi. Tushga yaqin mahbus qamoqxona yaqinidagi restoranda tushlik qila turib, u yerdan qamoqhona boshlig‘iga qo‘ng‘iroq qildi:

- Allo! Janob boshliq, juda xijolat tortib turibman, lekin muassasangizdan chiqayotganimda hamyoningizni olishni unutibman. Iltimos, hisobni to‘lash uchun biron kishini yuborsangiz. 

Boshliq shaxsan o‘zi yugurib kelib, mahbusning boshiga la’nat va haqoratlar yog‘dirdi. Dyutiyelning nafsi jarohatlandi, o‘sha kechasi u hech qachon qaytib kelmaslik uchun qamoqdan qochib ketdi. Bu safar uni tanib qolmasliklari uchun ehtiyot choralarini ko‘rdi. Buning uchun qora soqolini oldi, zanjirli pensneni toshbaqasimon g‘ilofli ko‘zoynakka almashtirdi. Qiyofa o‘zgarishini sport qalpoqchasi va katak-katak kostyum bilan yakunladi. U birinchi hibsga olinishidan oldin o‘zi uchun eng qadrli bo‘lgan ba’zi jihoz va narsalarini keltirib qo‘yishga muvaffaq bo‘lgan Jyuno ko‘chasidagi kichkina kvartiraga joylashdi. Mashhurlik uni charchatib qo‘ygan edi, endi u eng ulkan piramidalardan birining yuragiga chiqishni orzu qilardi va Misrga sayohat qilish rejasini tuza boshladi.

Misrga jo‘nab ketish arafasida Lepik ko‘chasida u chorak soat oralig‘ida ikki marta uchratgan malla sochli go‘zal ayolni sevib qoldi. Malla sochli ayol ham unga katta qiziqish bilan qaradi. Afsuski, bu go‘zalning rashkchi qo‘pol eri bor ekan. Er muntazam ravishda kechqurun soat o‘ndan ertalab to‘rtgacha kalitni ikki marta aylantirib qulflab uni uyga qoldirib ketardi. Kunduzi ham xotinini kuzatishdan to‘xtamas, hatto sayr qilgan paytlari ham uning ortidan ergashishdan qolmas ekan.

Keyingi kuni Dyutiyell bu go‘zalni Toloze ko‘chasida uchratdi va uni sut do‘konigacha kuzatib bordi, do‘konda u o‘ziga xizmat ko‘rsatishni kutatayotanida oldiga borib uning jirkanch eri, qulflangan eshik va  hamma-hamma narsani bilishi, shunga ham qaramasdan uni hurmat bilan sevishini va kechqurun uning xonasiga kelishini aytdi. Mallasoch go‘zal qizarib ketdi, ko‘zlarida minnatdorchilik yoshlari keldi, u zo‘rg‘a pichirladi: 

- “Janob, afsuski buning iloji yo‘q!”.

O‘sha ajoyib kunning oqshomida Dyutiyell Norvin ko‘chasida poylab o‘tirdi, eshik ochilib, undan bir kishi chiqdi. U ehtiyotkorlik bilan eshikni kalit bilan qulflab, boshqa tomonga qarab ketdi. Dyutiyell rashkchi odam nihoyat ko‘zdan g‘oyib bo‘lguncha kutdi. Ishonchli qadamlar bilan u barcha to‘siqlarni yengib o‘tdi va nihoyat uzlatda yashaydigan go‘zalning xonasiga kirdi. Qiz uni xursand bo‘lib kutib oldi va ular ancha mahalgacha suhbatlashib o‘tirishdi.

Devordan chiqib ketayotib Dyutiyel oyoqlari va yelkalarida qandaydir g‘ayrioddiy siqilishni his qildi, lekin bunga ahamiyat bermadi. Tosh devordan o‘tayotgandagina uning qarshiligini aniq his qildi. U go‘yo bir qalin yelimshakl suyuqlik bo‘ylab harakatlanayotgandek, bu suyuqlik esa har lahza tobora zichlashib borardi. Butun vujudini devor ichiga suqib qo‘yarkan,  u uzoqqa harakat qilolmasligini tushunib yetdi va dahshat bilan bir kun oldin ichgan ikkita kukunni esladi. U aspirin deb o‘ylagan bu kukunlar aslida shifokor o‘tgan yili yozib bergan dorivor edi. Dorining ta’siri faol dam olishga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi va barchasi birgalikda shu natijaga olib keldi.

Dyutiyell devor ichida qotib qoldi. U hamon o‘sha yerda, har tomondan toshlar bilan siqilgancha turadi. Kechalari Parij shovqinlari so‘nayotgan vaqtda Norvin ko‘chasidan tushib ketayotgan tungi yo‘lovchilar go‘yo yerdan chiqayotgandek bo‘g‘iq ovozni eshitishadi, bu ovoz ularga Monmartr chorrahasidagi hushtak chalayotgan shamoldek tuyuladi. Bu - Dyutiyell, ya’ni Garu-Garu, o‘zining yakunlangan buyuk shuhrati va erta so‘nggan muhabbatidan qayg‘urib yig‘laydi.

Tahririyatdan: Parijning Monmartrida yozuvchi Marsel Eme va uning “Devorlardan o‘ta oladigan odam” hikoyasiga bag‘ishlangan haykal bor. San’at asarida tosh devordan chiqayotgan erkak kishining boshi, tanasining tepa qismi, qo‘llari va bir oyog‘i ko‘rinib turadigan bronzadan yasalgan jussasi mujassamlashgan. Go‘yo bir necha soniyadan so‘ng u chiqib keladi, lekin u sovuq tosh asirida qolishga mahkumlangan. 

“Devorlardan o‘ta oladigan odam” haykalining yana bir siri bor. Aytishlaricha, Dyutiyelning chap qo‘lidan tutib, tilak qilgan kishining niyatlari albatta amalga oshar ekan. Bu to‘g‘rimi-yo‘qmi bilmadik, siz buni faqat shaxsiy tajribangizda tekshirib ko‘rishingiz mumkin. Shuning uchun Parijda bo‘lganingizda baxtsiz Leon Dyutiyelning chap qo‘lini silkitish imkoniyatidan foydalanmay qolmang.

Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.