Mutolaa: Nahs bosqan ekan. Feleton

Kashmiridan kelgan romchining oldig‘a o‘lturub:

- Qani, bir baxtimizni sinab qarayliq-chi, - dedim.

- Ranjmi, g‘oyibmi, hozirmi? - deb so‘radi.

«Ko‘rning tilagani ikki ko‘zi», «Kampirning dardi g‘o‘zada» degandek, manim ham o‘ylaganim sizga o‘xshag‘an «Choti ayri, boshi yumoloq» dardisarlar emasmi, shuning uchun maqsadimni onglatdim.

- Kimdansiz?

- Kimdan bo‘lar edim, shu ko‘rib turganingiz etaksizlardan.

- Ya’ni?

-  Ya’ni, o‘zbak.

- Istiqbolimiz qalay ekan, demakchisiz-da?

- Ha, shunday, sadag‘a.

Kashmiri qur’a toshlarini yig‘ib olib ro‘mol ustiga chochdi, toshlarni yettiga bo‘lib yetti joyg‘a qo‘ydi va mulohaza bilan so‘zlay boshladi:

- Xalqingizning oshig‘i olchi, pichog‘ingiz moy ustida; xalqingiz rost ko‘chani qo‘yib, past ko‘chadan yurar ekan, ko‘plaringiz eshakka teskari minib chirmanda chalar ekansiz… to‘g‘rimi?

- To‘g‘ri, sadag‘a, - dedim.

- Bandaning boshi - Allohning toshi, deydirlar: biringiz Abdulqafo‘ vallohi azim, ikkinchingiz - shoptoli qoqi do‘st bedanam, uchunchingiz - Moniyning yasag‘an surati, to‘rtinchingiz - bo‘yni g‘avslar uchun laganbardor; shaharlaringiz xaroba, qishloqlaringiz vayrona, xalqingiz aql-hushidan begona, xotunlaringiz shinni, kattalaringiz ninni, shuning uchun bolalaringiz jinni, yigitlaringiz yuraksiz ahmoq, qizlaringiz sochi uzun-pahmoq, otlaringiz eshak, eshaklaringiz xo‘tuk..!_

- Karomat qilasiz, pochcha, - dedim.

Kashmiri davom qildi:

- Toshg‘a qarang, birodar, toshg‘a: bu so‘zlarni man so‘zlamayman, tosh so‘zlaydir, toshlar! Istiqbolingiz kuppa-kunduzidek yoruq, yigirma besh yil desammikan, elli yil desammikan, har holda muddat uncha uzoq emas, pichog‘ingiz moy ustida ko‘rinadir: To‘rt tomoningiz qibla; xalqingiz tomg‘a chiqub «halala hashtu» o‘ynag‘aylar. Mustamlakachilar «Tom tepkanga besh yong‘oq - tepmaganga qo‘y qumaloq!» deb maymun o‘ynatqaylar… Istiqbolingiz juda ajib: ko‘rganlar darmonda, ko‘rmaganlar armonda, yigitlaringiz hez ochqaylar, ko‘blaringiz tabdili surat qilib eshak, ho‘kuz va maymunlashqaylar; ulamolaringizning ishlari tag‘in ham qiziq: bechoralar miyadan ajralib, lozimlarini salla qilg‘aylar va ko‘cha-ko‘ylarda vo dino vo shari’ato, deb chopishub yurgaylar…

Pol shu o‘rung‘a yetkanda ortiq chidab turolmay:

- Yetar, sadag‘a! - dedim.

Ko‘ngil aynab, ko‘z o‘nglarim qorong‘ilanib ketdi. Polning nazrini tashladim-da, boshim oqqan tomong‘a kalavlab ketdim. Yo‘l-yo‘lakay ko‘zimga ko‘ringan akalar endi shox chiqarib kelmakda bo‘lg‘an ho‘kuzga va goho yangi tug‘ulg‘an xo‘tukka o‘xshab ketar edilar, uyimga kirar ekanman:

- Bizni toza nahs bosqan ekan, - deb bir hovuch sovuq suv ichib yubordim…

Julqunboy.

«Mushtum» jurnali, 1923 yil.