Mutolaa: Padarkush

Xurshid Davron

Samarqand shahrining bir chekkasida

Qabr bor – odamlar yuz burib o‘tar.

Unda Abdullatif yotar, deydilar,

Deydilar: “Bu yerda padarkush yotar”.

 

Bilmayman, rostmi bu,

Bilmayman, yolg‘on.

Ammo bu qabrning qoshiga kelsam,

Birdan soviy boshlar tomirimda qon,

Birdan tiqiladi bo‘g‘zimga g‘ussam.

 

Go‘daklar o‘ynasa bu yerga kelib,

Otalar quvadi,

Onalar qarg‘ar.

Bu yer tinch, chechaklar o‘sadi kulib,

Qish kelsa to‘planar bunda qarg‘alar.

 

Yo‘lchilar o‘tarkan ba’zan yarim tun

Duolar aytadi qo‘rquvdan abgor.

Men bo‘lsam kimligim anglamoq uchun

Shu qabr boshiga kelaman takror.

 

Men uni yodlamoq uchun kelmayman,

Kelmayman yodiga o‘qiy deb oyat,

Bu g‘arib qabrning qoshiga meni

Yetaklab keladi o‘zga hikoyat.

 

…Uch kecha Ulug‘bek tushimga kirdi,

Bir qo‘lda kitobu, bir qo‘lda shamshir.

“O‘g‘lim qani? – dedi. – Kitob keltirdim…”

“O‘g‘lim qani? – dedi. – Oh, uni yashir…

 

Yashir, axir, o‘g‘lim o‘ldirolmayman,

O‘z gulimni o‘zim so‘ldirolmayman.

O‘z dilimni o‘zim iztiroblarga,

G‘amu-hasratlarga to‘ldirolmayman.

 

So‘ragin, qanday qo‘l urdi bu ishga,

Aldadi qay xudbin o‘ylar dilini,

“Otamni o‘ldiring”, deya aytishga

Oh, u qanday majbur etdi tilini.

 

So‘ra, bilarmidi: ishi kelmas o‘ng

Kim-ki otasi-yu og‘asin so‘yar.

Nizomiy bitgandek:

Olti oydan so‘ng

Saltanat taxtini boy berib qo‘yar.

 

So‘ra, bilarmidi: otasin so‘ygan

Yurtni o‘ldirmoqqa qodir bo‘lishin,

Dushmanlar yuborgan josusdan battar

Xo‘rlanib, zorlanib itdek o‘lishin.

 

So‘ra, bilarmidi: hamisha nomard

Otasi, onasi, bolasin sotar,

Dilini, tilini, elini sotar,

Yo ortdan tig‘ sanchar, yo ortdan otar.

 

So‘ra, biladimi erka farzandim,

Bilmasa bilgani yaxshi, kech emas.

Uni bu dunyoda, u dunyodayam

Otasidan boshqa hech kim kechirmas.

 

So‘ragin, agar u javob bermasa,

Yoshlar oqizmagin aslo ko‘zingdan.

Qabrning boshida chekmagin g‘ussa,

O‘zingdan so‘ragin, so‘ra o‘zingdan…”

 

So‘ng jimib zulmatning qo‘yniga kirdi…

Men uning ortidan chopdim hapriqib,

“O‘g‘ling qani?” – deya dilim qichqirdi,

Uning ko‘zlariga boqishdan qo‘rqib.

 

O‘sha dam zulmatdan keldi bir sado:

“Birisi shahiddir, birisi qotil,

Uchinchisi esa,

Uchinchisi, voh,

Hamon uxlab yotar, bu sensan, g‘ofil!”

 

Men shunda angladim

Uyg‘onmoq kerak,

Qorda ungan guldek to‘lg‘onmoq kerak,

Adoqsiz tunlarni yoritmoq uchun

O‘g‘illar barchasi to‘planmoq kerak.

 

Ammo qichqirmayin qanchalar bo‘zlab,

Tovush chiqarmadi biror-bir odam.

Go‘yo qulog‘i kar, jonini ko‘zlab

Yurganlar yurtiga aylanmish olam.

 

Qancha baqirmayin dala-dashtlarda

Hurkitib, toliqib qo‘ngan qushlarni,

Uchratdim Samarqand, Qo‘qon, Toshkandda

Faqat tan qullari – padarkushlarni.

 

…Vatanim, ko‘ksingga so‘ngsiz alamlar

Og‘usin quyganlar kimligini ayt?

Orolni quritgan kim, – deb odamlar

So‘rasa, ko‘rsatay uni o‘sha payt.

 

Yeringni zo‘rlagan qay mal’un kimsa?

Bilmasdan men qanday ortimga qaytay,

Tuproqni o‘ldirgan kim, – deb so‘rasa,

O‘g‘limga men kimning nomini aytay?

 

Padarkushlar davri bo‘ldi bu davron,

Dillar alamlaru-ohlarga to‘ldi.

Dilingni o‘ldirmoq bo‘lgan shum, nodon

O‘g‘illaring senga hukmdor bo‘ldi.

 

Ularning ko‘ksini tark etgach g‘ussa,

G‘ussalar o‘rnini oldi nishonlar.

Nishonlar taqdi-yu,

Aslida esa

Sening qo‘llaringga osdi kishanlar.

 

Bobolar hikmatin tili kesildi,

Momolar sarvati qilindi g‘orat.

Erkin daryolarning yo‘li to‘sildi,

Nodonlar tarixing qildi haqorat.

 

Seni deb jonini bergan o‘g‘loning –

Tarobiy maqbarin buzdi padarkush,

Yangi Tarobiylar chiqmasin, deya

Tarixing qaytadan tuzdi padarkush.

 

Padarkush qor tushgan paxtazorlarga

Quvdi dili xasta bolalaringni,

Padarkush o‘t qo‘ydi chamanzorlarga,

Zaharlab o‘ldirdi dalalaringni.

 

O‘zi qul bo‘ldi-yu,

Seniyam qulga

Aylantirmoq uchun erkingni sotdi,

Vijdonu-imonni almashdi pulga,

Vatan desa suydi, erk desa otdi.

 

Jonim, og‘riqlardan chinqirgan jonim,

Ey, olis bobolar nijosi – qonim,

Ey, dardim, ey yerim, ey sen mozorim,

Yuragim ozori – O‘zbekistonim.

 

Seni jondan suygan,

Dardingda kuygan

O‘g‘illaring nomi ataldi harom.

Qodiriy otildi, Cho‘lpon otildi,

Fayzulla Xo‘jayev qilindi badnom.

 

Seni jondan ortiq,

Jahondan ortiq

Ko‘rganlarning dili og‘riqqa to‘ldi,

Fitratu-Behbudiy ko‘kragida tig‘,

Usmon Nosir sovuq Sibirda o‘ldi.

 

Kuyinma, padarkush zoti ko‘p, desam,

Mardi yo‘q ularning, hammasi qo‘rqoq.

Vatanim, seni deb yurganlar esa

Bitta bo‘lgandayam ulardan ko‘proq...