Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Mutolaa: Reklama qurboni. Hikoya

Emil Zolya

Per Landri bekorchilar dorilomon sanqib yuradigan Sen-Onore ko‘chasidagi bozor yaqinida dunyoga keldi. Enagasi unga omborlar peshtaxtasida osig‘liq e’lon va reklamlarni bo‘g‘imlarga bo‘lib o‘qishni o‘rgatdi. Per bu ulkan qizil, sariq, ko‘k qog‘oz parchalari bilan do‘stlashdi, o‘sib ulg‘ayganida va ko‘chalarda aylanib yura boshlaganida bu ko‘p sonli jimjimador harflar bilan yozilgan reklamalarga xushtor bo‘lib qoldi.

Uning o‘z ishlarini ortda qoldirgan paypoqdo‘z otasi har oqshom unga o‘qish uchun gazetaning oxirgi sahifasini berardi, axir bolalar uchun reklamalarni o‘qish oson, deb ishoniladi, chunki ular katta hajmdagi rangdor harflar bilan bosilardi.

Yigirma yoshida Per Landri yetim qoldi. Otasi unga juda katta boylik qoldirdi. Endi u taraqqiyot va sivilizatsiyaning barcha afzalliklaridan foydalanib, faqat o‘zi uchun yashashga qaror qildi. Otasi ko‘p mehnat qilgan edi, lekin Per shahar bo‘ylab yopishtirilgan e’lonlar va son-sanoqsiz reklamalardan darak beradigan oltin asrning ta’riflab bo‘lmaydigan shodliklari orasida dam oladi.

“Bizning asrimiz buyuk asr”, - o‘ylardi u, - dunyoni anglash va rohat-farog‘at olish davri. O‘zini insoniyat baxtiga baxshida etgan odamlardan ko‘ra ta’sirchanroq narsani tasavvur qilib bo‘lmaydi; ular hayotning tinch va farovon bo‘lish tashvishida doimo mo‘’jizalar ixtiro qilishadi va barcha ne’matlar hammabop va hamma uchun hamyonbop bo‘lishi uchun g‘amxo‘rlik qilishadi. O‘ylab ko‘ring-a, bu valine’matlar bizga tirikchilikning barcha ne’matlarini mayda-chuydasidan tortib, kattalarigacha qayerdan va qanday bahoda topishimiz mumkinligini e’lon qilishni o‘z zimmasiga oladi! Lekin shundaylar borki (ularga tasannolar aytish kerak!) ular biz o‘zimizni baxtiyor his etishimiz uchun hatto o‘z molini zararga sotishga rozi bo‘ladi. Va ularning hech biri foyda haqida o‘ylamaydi – ularning barchasi insoniyat  farovonlikda yashashi uchun jon-jahdi bilan tirishadi. Bo‘ldi, mening hayot rejam oldindan belgilab qo‘yildi! Zamonamning barcha noz-ne’matlariga to‘g‘ri ergashaman. Taraqqiyot bilan hamnafas bo‘lish uchun ertalab va kechqurun gazetalardagi e’lonlarni o‘qish va buning uchun bu oliy rahbarlar menga maslahat bergan barcha narsalarni diqqat bilan kuzatib borishgina kifoya. Mana haqiqiy donolig-u, mana baxtga olib boradigan yagona haqiqiy yo‘l!”.

O‘sha kundan boshlab Per Landri reklamalarni o‘zining mavjudligini bo‘ysundirishi kerak bo‘lgan asosiy hayot qonuni sifatida qabul qila boshladi. Reklama uning uchun uni har bir hayotiy ehtimolga yo‘llaydigan ajralmas qo‘llanmaga aylanib, o‘zgarmas yo‘l ko‘rsatkich bo‘lib qoldi; u reklamaning qudratli ovoziga quloq tutmasdan hech bir narsa sotib olmas, biror bir ish qilmas edi. Ertalab u viqor bilan gazetalarni ko‘zdan kechirib, yangi  ixtiro va yangiliklarning barchasini vijdonan o‘rganardi. Uning uyi Parijda ishlab chiqarilgan nomdor barcha bema’ni yangilik va barcha namunalar uyumini topish mumkin bo‘lgan turli xil lash-lushlar omboriga aylandi.

Qolaversa, uning mulohazalari qandaydir mantiqdan xoli emas edi. Taraqqiyotga bosqichma-bosqich qadam qo‘yarkan, kundalik hayotida faqat reklama lirik shoirlari alohida ishtiyoq bilan maqtab ko‘klarga ko‘targan narsalarni tanlab, to‘liq farovonlik masalasini hal etayotganini g‘urur bilan aytardi, chunki u eng mukammalangan sivilizatsiyaning faqat asl mahsulotlaridan foydalanardi.

Afsuski, bu shunchaki mulohaza edi. Haqiqat kundan kunga yomonlashib borardi. Hamma narsa iloji boricha yaxshi o‘tishi kerak edi, biroq aksi bo‘lib chiqdi. Aynan ana shu yerda fojia boshlandi.

Per Ladrining hayoti jahannamga aylandi. U bir bo‘lak o‘pirindi yer sotib olib, uning ustida qurgan uyi asta-sekin tuproqqa bota boshladi. Eng so‘nggi tizim bo‘yicha qurilgan bu uy shamolda qaltirab, jala ostida buzildi. Uyning ichida mohir tutun changini yutish vositalari bilan jihozlangan kaminning dudlashidan ko‘r bo‘lib qolish mumkin,  elektr qo‘ng‘iroqlari o‘jarlik bilan jimlik saqlar, patentlangan modelga muvofiq ishlab chiqarilgan vannaxona dahshatli axlat o‘raga aylandi; oddiy va qulay mexanizmlar bilan harakatga keltirilishi kerak bo‘lgan tortma va eshiklar ochilmasdi yoki yopilmasdi. Ustiga-ustak og‘ir, jirkanch ming‘ir ovozli pianino va o‘g‘irlikka berilmaydigan, buzilmaydigan olovga chidamli shkafni qish kechalarining birida o‘g‘rilar xotirjamlik bilan yelkalariga ortib, olib ketishdi.

Garchi boshqacha tarzda bo‘lsa ham, xuddi shunday voqea Perni Arkeylda sotib olgan qishloq uyida takrorlandi. Daraxtlar o‘rniga u yerda kim biladi nima ekilgan; u noyob o‘simliklarni ko‘paytirmoqchi edi, biroq  o‘rniga bug‘doy o‘tining oriq poylari unib chiqdi. E’lonlarning birida quruvchisi jar solib maqtalgan suzish havzasi qulab tushdi va egasi bir vaqtning o‘zida bosilib qolish va cho‘kib ketish xavfidan arang qutulib qoldi.

Per Landri bu noxushliklar va qayg‘u ichida beixtiyor tabassum qildi. Uning e’tiqodi buzilmadi, aksincha tobora oshib bordi. “Dunyolar ichidagi eng yaxshisida hali hamma narsa mukammal emas, - dedi u o‘ziga o‘zi, - lekin oldinga siljish bor va baxtsizlikdan qochishning eng ishonchli yo‘li - reklamani yanada g‘ayrat bilan o‘rganish kerakligi. Hovuzning qulab ketishiga o‘zim aybdorman: gazetada yetarlicha ishtiyoq bilan tavsiya qilinmagan quruvchini taklif qildim; qizg‘inroq reklama qilinganini topish kerak. Oxir-oqibat men shubhasiz, mukammallik va mutlaqo farovonlikka erishaman!".

Baxtsiz Landrining nafaqat mulki, balki uning o‘zi ham jabr ko‘rardi. Ko‘chada chiqqanida uning kiygan kostyumi yorilardi - u ularni faqat mollarni hisobga olish yoki kompaniya tugatilishi bahonasida e’lon qilingan savdolarda ziqnaligi tufayli emas, zamona muruvvatidan foydalanib qolish imkoniyatiga erishish xursandchiligidan sotib olishga intilardi.

Men uni sochlari butunlay to‘kilgan holda ko‘rib qolgan kun keldi. Hamma gap o‘sha taraqqiylikda ekan: miyasiga sochlarini sariqdan qormag‘izga bo‘yash g‘oyasi kelib qolipti. Qo‘llagan suyuqlikdan sochlarining hammasi to‘kilib ketdi, “Endi,  - dedi u, -  reklama qilingan dorini qo‘llasam, oldingisidan ham quyuq, qora sochlar o‘sib chiqadi”.

Uning yonoqlari va iyagi “a’lo” darajadagi ustaralar tufayli to‘xtovsiz tirtiqlar bilan qoplanardi. Bir hafta o‘tmay sotib olgan shlyapasining shakli buzildi, soyabonlari yomg‘ir yog‘ayotgan paytda ochilmay qolardi.

U yutib yuborgan barcha dorilarni tasvirlay olmayman. Ilgari u kuchli va baquvvat edi. Hozir vaznini yo‘qotdi va nafas qisishidan aziyat cheka boshladi. Bu reklamalar uni holdan toydirdi. U o‘zini kasal deb o‘ylab, barcha ajoyib reklama vositalari bilan davolana boshladi. Davolashning yanada samaraliroq bo‘lishi uchun u har bir maqtalgan dori-darmonning qaysi birini tanlashda qiynalib, barcha usullarni bir vaqtning o‘zida qo‘llay qoldi.

U qancha shokolad iste’mol qilganini hisoblab bo‘lmaydi, parfyumeriyadan ham xuddi shunday foydalandi va hech qanday og‘riq yetkazmaslikka qasam ichadigan va tinchgina jag‘ingizni sindiradigan bu xayriyachi stomatologlarni ishsiz qoldirmaslik uchun har qadamda tishlarini yo‘qota boshladi.

Bir tabib barcha kasalliklarni davolaydi deb o‘qib, Per o‘zida bo‘lmagan kasalliklarni davolash uchun uning oldiga yugurdi.  Tabib uni yoshartirishni taklif qilib, bor-yo‘g‘i dorilar tomdirilgan vanna qabul qilishni va ma’lum bir suyuqlikni ichish lozimligini aytdi. Per u bilan xayrlashib, o‘zida yo‘q xursandchilik bilan bunday davolash usuli taraqqiyotning so‘nggi so‘zi ekanligini e’lon qildi.

O‘ziga buyurilgan ichimlikni yutib, u vannaga  sho‘ng‘idi va o‘zini shunchalik yoshartirdiki, ikki soatdan keyin uni o‘lik holda topishdi. Yuzida baxtiyorona qotib qolgan tabassumidan u eng muqaddas reklamaga sig‘inib, so‘nggi nafasini chiqarganini taxmin qilish mumkin edi. Ehtimol, Landrining barcha musibatlari davosi ham shu tabib buyurgan vosita bo‘lsa, ajabmas.

Per Landri hatto o‘limidan keyin ham reklamaning kamtarin xizmatkori bo‘lib qoldi. U bir lo‘ttiboz farmatsevt tomonidan patentlangan usul bo‘yicha jasadini mo‘miyolab qo‘yadigan tobutda dafn qilishni vasiyat qilgan ekan. Qabristonda bu  tobut tarasha yorildi - baxtsiz marhum loyga tushib, tobut parchalari bilan birga ko‘mildi.

Faqat bir qish davridagina karton tosh va taqlid marmardan yasalgan qabr toshi ob-havoga qarshilik ko‘rsata oldi; tez orada qabr ustida jirkanch mog‘ordan boshqa hech narsa qolmadi.

Agar nasihatgo‘y bo‘lganimda, men bu axlat uyumi ustida turib, yerga qorib yuboradigan nutq so‘zlab,  Per Landrining qissasidan foydali xulosa chiqargan bo‘lardim: reklamaning bu ayanchli qurboni bizga, zamonaviy anqovlarga agar baxtli va yoqimli hayotni va’da qiladigan e’lonlarga soddalik bilan ishonsak, nimaga aylanishimizni ko‘rsatdi. Korchalonlar o‘zlariga berilgan erkinlikdan reklama orqali suiiste’mol qilayotgani va zararimizga bizni o‘z do‘konlariga chorlayotgani uchun ularga taslim bo‘lib qolmaylik! Coxta va’dalarga aldanishimizga yo‘l qo‘ymaylik! Biz Per Landriga o‘xshamaylik, biz mustahkam bo‘laylik!

Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.