Mutolaa: Sultonning to‘rtta xotini. Ular kimlar edi?

U boshqa xotinlaridan ko‘ra yosh va shirinso‘z to‘rtinchi xotinini yaxshi ko‘rardi. Sulton sara kiyim-kechaklar, qimmatbaho taqinchoqlar hadya etib, uni erkalab ardoqlar edi.

U o‘zining nihoyatda go‘zal uchinchi xotinini ham yaxshi ko‘rardi. Boshqa mamlakatlarga safarga chiqqanida boshqalar ham bu go‘zallikdan bahramand bo‘lishi uchun doimo o‘zi bilan olib yurar, lekin bir kun kelib xotini uni tashlab ketishidan xavotirlanardi.

Sulton ayyor va fitnalarda chiniqqan ikkinchi xotiniga ham juda yaxshi munosabat qilar, o‘ta mehribon va sabr-qanoatli xotini uning dono sirdoshiga aylanib qolgan edi. Biror bir muammoni hal qilish kerak bo‘lganda, u ikkinchi xotiniga ishonardi, xotini esa eriga qiyin vaziyatlardan oson chiqishda maslahat berib, og‘ir kunlarni yengib chiqishiga yordam qilardi.

Birinchi xotinining yoshi katta edi va u ota-onasi tomonidan majburlab olib berilgan edi. Ayol eriga juda sadoqatli bo‘lib, uni ortiq darajada hurmat qilardi, Sultonning o‘zi va butun mamlakati boyligini asrab qolish va ko‘paytirish uchun hech narsani ayamasdi. Shunga qaramay, Sulton birinchi xotinini sevmasdi, unga hatto e’tibor ham bermasdi.

Kunlarning birida sulton betob bo‘lib qoldi. Shunda u o‘zining o‘tib ketayotgan hashamatli hayotini ko‘z oldiga keltirdi va o‘yladi: “Mening to‘rtta xotinim bor, agar o‘lsam, yolg‘iz qolib ketaman...”.

U to‘rtinchi xotinini chaqirib so‘radi:

- Seni hammadan ko‘ra ko‘proq sevardim, ehsonlarning eng yaxshisini berardim, seni asrab-avayladim. Endi men o‘lyapman, men bilan birga o‘liklar dunyosiga ketishga tayyormisan?

-  Yo‘q, bu haqda hatto o‘ylab ham ko‘rmang, – javob berdi erka xotin va boshqa bir og‘iz so‘z demasdan chiqib ketdi. Uning so‘zlari erkak yuragiga xanjar kabi sanchilib ketdi.

G‘amga botgan sulton uchinchi xotinidan so‘radi:

- Butun umrim davomida senga maftun bo‘lib yashadim. Endi men o‘lyapman, men bilan birga soyalar dunyosiga borishga tayyormisan?

- Yo‘q! – javob berdi uchinchi xotini. – Hayot shunday shirin va go‘zalki, mabodo siz o‘lsangiz, men boshqaga turmushga chiqaman.

Sulton xafa bo‘ldi, uning yuragi hech qachon bunday dardni bilmagan edi.

Keyin u ikkinchi xotinidan so‘radi:

- Men har doim sendan ko‘mak so‘rab kelganman, sen esa doimo menga yordam berib, mening eng dono maslahatchim bo‘lib kelgansan. Endi o‘layotgan paytimda, men bilan birga xira soyalar nola qilib qalblar hukmdoridan rahm-shafqat so‘raydigan joyga ergashishga tayyormisan?

- Afsusdaman, lekin bu safar sizga yordam bera olmayman, - javob berdi ikkinchi xotini. – Lekin hurmat bajo keltirib, sizni munosib dafn etishga va’da beraman.

Uning javobi Sulton qalbiga minglab momaqaldiroq va chaqmoqdek zarba berdi.

Shu payt uning qulog‘iga bir ovoz eshitildi:

- Siz qayerga borsangiz, men siz bilan birga boraman va oxirigacha orqangizdan ergashaman!

Sulton ovoz kelgan tomonga qaradi va ozg‘in, qayg‘udan charchagan, deyarli tanib bo‘lmaydigan birinchi xotiniga ko‘zi tushdi. U hayratda qoldi va unga qarab “Meni kechir, aslida iloji boricha senga yaxshi munosabatda bo‘lishim kerak ekan”, dedi.

Qissadan hissa shuki, har bir kishida to‘rtta xotin bo‘ladi:

To‘rtinchi xotin – bu bizning TANAMIZ. Unga qancha kuch va vaqt sarflamaylik, o‘lganimizda u bizni tark etadi.

Uchinchi xotin - bu erishgan MAVQEIMIZ. Jamiyatdagi o‘rnimiz, pulimiz, boyligimiz, ijtimoiy ahvolimiz. Biz o‘lsak, ular boshqalarga tegadi.

Ikkinchi xotin - bu bizning OILAMIZ va qarindoshlarimiz. Ular hayot damida bizga qanchalik yordam berishmasin, o‘lganimizda bizga hurmat bajo keltirib, qabrgacha kuzatib qo‘yishdan boshqa hech narsa qilolmaydi.

Birinchi xotin - bizning RUHIMIZ. Ko‘pincha biz boylikka, kuch-qudratga, huzur-halovat olishga intilishimiz tufayli u e’tibordan chetda qolib ketadi.

Shunga qaramay, qayerga bormasak, ruhimiz har doim, har joyda, qayerda bo‘lganimizdan qat’iy nazar biz bilan birga ergashadi. Unga e’tibor va g‘amxo‘rlik qilib, biz dunyoga va o‘zimizga eng katta tuhfa bera olamiz.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.