Mutolaa: Uxlatadigan "dori"
Sa’dulla Siyoyev
Kim nima desa desinu, ammo bizning do‘xtirlarimiz orasida ham o‘sha maqtanchoq chet elliklar oldiga poxol to‘shab ketadigan ustomonlar bor. Ishonmasangiz, mana bu voqeaga quloq soling.
Bir kishining ahvoli og‘irlashib kasalxonaga tushdi. Uni operatsiyaga yotqizdilar. Jarrohlar yuvinib-chayinib taxt bo‘lishdi. Endi bemorga narkoz berish kerak edi. Biroq aksiga olib, narkozchi do‘xtir kelavermadi.
Shu payt eshikda Shoymardon degan shumxayol, hazilkash do‘xtir ko‘rindi. U jarrohlarning bir narsadan dilgir bo‘lib turganini sezib ichkari o‘tdi. Ikki og‘iz gapdan masalaga tushundi. Sekin bemorning tepasiga bordi, engashib uning qulog‘iga shivirladi:
— Yoriyev, sizni bir yo‘la uchta katta do‘xtir operatsiya qilmoqchi. O‘zingiz tushunasiz, ularning har biriga bitta-bitta ko‘kidan berish kerak. Sigir-buzoq, deganday, bordir uyda?! Sotasiz-da, tog‘a. Joningiz omon bo‘lsa, mol topiladi.
Bemor ko‘zlarini pirpiratdi, bir nima demoqchi bo‘lib tamshandi va… hushidan ketdi. Shoymardon kasbdoshlariga o‘girildi:
— Ana, tekin narkoz! Bir soat o‘ziga kelmaydi. Bemalol kesaveringlar.
Yoriyevning kasali ko‘richak ekan, yarim soatga qolmay bajo qilishdi. Bemor ko‘zini ochganda tepasida Shoymardon iljayib turardi:
— Hazillashdik, tog‘a, xafa bo‘lmaysiz. Bir so‘mingiz kerak emas. Sigir-buzog‘ingiz o‘zingizga buyursin. Otday bo‘lib keting.
***
Hushini yig‘ib oldi
Yangi chiqqan o‘zbek boylaridan biri shohko‘chada «Mersedes»ini uchirib ketayotgan edi. Shu payt yon ko‘chadan ko‘hnaroq bir «Volga» chiqdiyu «Mersedes»ning yo‘lini kesib o‘tdi. Bu boyvachchaga alam qildi.
«Voy, xumpar-yey, hali siz bizning oldimizga tushadigan bo‘ldingizmi?», deb uni quvib ketdi. Hash-pash deguncha yetib oldi. Mashinasini «Volga»ning tumshug‘iga tirab qo‘ydi. Qo‘liga katta tosh olib, «g‘o‘daygan mashina»ning oynasini ura ketdi. «Volga» pachaq bo‘ldi. Boyvachcha nafas rostlab ichkariga mo‘raladi. Qarasa, kimsan tuman prokurorining o‘zi o‘tiribdi! Boyvachchaning miyasiga qon urdi. Darrov hushini yig‘ib olib, ta’zim qildi:
— Assalomu alaykum, xo‘jayin… Yangi yillari muborak bo‘lsin! Derazangizni taqillataman, eshitmaydilar. O‘zlariga atab qo‘ygan arzimagan narsamiz bor edi, qaysi uylariga oborsak ekan, deb so‘ramoqchiydik…