Mutolaa: Yo‘li topildi. Hajviya
Muhammad Ochil.
Ikki oshna – Salim va Halim bozorligini qilishmoqda. Salim somon tiqilgan qopdek yum-yumaloq. Halim esa “yem tegmagandek” ozg‘in va novcha.
Salimning ikki qo‘ltig‘ida xarid qilingan mahsulot-masalliqlar. Halimning qo‘lida esa bor-yo‘g‘i bir varaq qog‘oz. Salim yuz ko‘zidan sharros quyilayotgan terni qiyshaygancha yelkasiga artarkan, toliqqan tovushda dedi:
– Qo‘lingdagi ro‘yxatga qara-chi… Yana nimalar qolibdi… Uf-f!
Halim yarim g‘ijimlangan qog‘ozning taxini yozib hijjalaydi:
– Olma… olindi. Sabzi… solindi. Sholg‘om, turp, ko‘kat… Demak, sha-a… bo‘yalib ketibdi. Sha-a-f…
Salim betoqatlandi.
– Shap-shap demay, shaftoli demaysanmi, naynov! Qo‘l toldi-ku…
– Shoshma… sha-a… Qara, haqiqatan shaftoli bilan anjir qolibdi…
– Anjir bilan shaftoli?! Xaltada axir, joy qolmadi-ku! Hammol qilib o‘ldirarkansan-da meni…
Halim “ro‘yxat” bilan og‘zini berkitib xomuza tortdi.
– Boshida kelishdik-a? Savdolashish mendan, bozorlikni ko‘tarib yurish sendan… Lekin, yana bir qog‘ozxalta olsak, qanday qilib ko‘tararkansan…
Salim hansiragancha og‘irligini bir oyog‘idan ikkinchisiga soladi.
– Shoshma… shu, kallaga bir fikr keldi.
Halim esnagancha qo‘l siltaydi.
– Xo‘sh? Xaltaning bittasini ko‘tarasan demoqchimisan?! Bekorlarning beshtasiga beshtosh o‘ynabsan! Qani yur! Oldin anjir, so‘ng shaftoli olamiz.
– Yo‘-o‘q, – Salim qashingisi keldi shekilli, qiyshanglagancha yelka uchirdi. – Shu aytmoqchiman-ki…
Shunday deya Salim meva-chevalar rastasiga bir muddat tikilib qoldi.
– Shu aytmoqchimanki… Anjir, shaftoli… deb mayda-chuyda qilib yuramizmi! Undan keyin xaltada ham joy oz qolgan. Ke, shuning uchun birato‘lasiga anjirshaftoli xarid qilib qo‘ya qolamiz! Nima deding?! Ana, huv momoda bor ekan…
“Xalta ko‘tarish xavfi” dan cho‘chib turgan Halimga bu taklif halimdek yoqdimi barmog‘ini osmonga nuqidi.
– Vo-o! Qoyil… Qorning semiz desam, kallang ham qolishmaskan. Ana topqirlik… Ham hamyon tejaladi, ham xalta… Qani ketdik jo‘rajon! Iqtisod qilgan pulga esa… mayli yarimta bizdan!