Mutolaa: Yozuvchilikni kim o‘rgatadi? Hajviya
Nikolay Samoxin
Yozuvchi bo‘lishni bizda hech qayerda o‘rgatmagani yomonda. Yo‘q, adabiyot institutlari, turli xil darslik va qo‘llanmalar bor albatta, aytishlaricha, ular unchalik qoloq ham emas. Men umuman boshqa narsani nazarda tutyapman. Asosiysi yo‘q. Biror bir qat’iy va yagona yo‘riqnoma yo‘q. Masalan, o‘sha yo‘riqnomada me’yorlar aniq belgilangan bo‘lishi kerak: shunday deyiladi yoki mana bunday. Aynan shuning uchun institut va qo‘llanmalarga qaramay, yozuv masalasida dahshatli kelishmovchiliklar kuzatilmoqda. Har kim o‘z tomoniga egadi va o‘zicha talqin qiladi.
Buni shu qadar ishonch bilan aytganimning sababi shundaki, bu masalada bo‘kib to‘yganman. Ortig‘i bilan. Bu bilag‘onlar meni deyarli yurak xuruji va aqldan ozdirishiga sal qoldi. Chin so‘zim.
Biror bir hikoya yozaman. Qisqagina, odamlarni toliqtirib qo‘ymaslik uchun. Gazeta muharririga olib boraman.
- Iltimos, o‘qib, fikringizni aytsangiz.
U o‘qib aytadi:
- Sxematik ravishda yozilgan.
- Ya’ni? – so‘rayman. – Sizni tushunmayroq turibman. Men rasm emas, hikoya olib keluvdim.
- Bu shunday ma’joziy ibora, - tushuntiradi u.
- Bunisi tushunarliroq, - deyman. Nima qilish kerak? Maslahat bersangiz, har holda siz shu bo‘yicha ta’lim olgansiz.
- Bu sxemani go‘sht bilan to‘ldirish kerak.
- Xo‘sh! – deyman. – juda qiziq. Go‘sht? Nimaga baliq emas?
- Istasangiz baliq bo‘la qolsin, - rozi bo‘ldi u.
- Bilsangiz, e’tiroz bildirdim, - siz professional tarzda gaplashmayapsiz. Sizdan boshqa narsa kutgandim. Bu yer axir tahririyat, qassob do‘koni emas-ku.
U xafa bo‘ldi:
- Unda boshqa joyga bora qoling. Balki u yerda siz bilan professionalroq gaplashilar...
Boshqa joyga - jurnal tahririyatiga boraman. U yerda uzoqdagi narsalarni yaqindagiga qaraganda yaxshiroq ko‘radigan bir xonim o‘tiradi. U mening hikoyamni barmoq uchlari bilan olib, uzoqdan turib, yorug‘likka tutdi va bayon qildi:
- Mujmal.
- Tushuntirib bersangiz, - iltimos. – Qaysi ma’noda?
- Ishlanmagan. Xom.
- Qanday qilib pishirsam ekan?
- Bilasizmi... – ikkilanadi xonim. - Buni darhol qila olmayman... Bu ijodiy... alohida vaqt ajratib qilinadigan ish.
- Har holda, biron bir tavsiyangiz bordir?
- Klassiklardan o‘rganing, - maslahat beradi u.
- Klassiklar-chi, klassiklar kimdan saboq olgan ekan?
Xonim yana ikkilanadi:
- Endi... eng avvalo – iste’dod.
- Ha, tushunib yetyapman. Demak, men g‘irt to‘nka ekanman-da.
- Men bunday deb aytganim yo‘q, - u orqaga qaytdi. Tovba! Go‘yoki devor bilan gaplashayotganday!
Uchinchi joyga – nashriyotga boraman. Nashriyotdagi muharrir hali ancha yosh, lekin ko‘rinishidan o‘qimishli va qattiqqo‘l. Ko‘zoynakda.
- Bilasizmi, - deya tushuntira boshladi u. – Aslida bu yerda hali hikoya yo‘q, aksincha bu mashq, loyiha...
- Yigitcha! – deyman. – Siz nima deb nomlashingizning menga ahamiyati yo‘q. Asosiysi, bu yerdagi hamma narsa haqiqat. Hayotdan ko‘chirilgan. Borliqdan.
- Bilasizmi, - u qoshlarini ko‘taradi. – Qanday tushuntirsam ekan?.. Hayot haqiqati boshqa, badiiy haqiqat esa...
- Shunday deng! – deyman. Unda tushunarli. Agar sizda haqiqat turi shunchalik ko‘p bo‘lsa, unda adolatga qanday erishar ekanmiz?
Ular meni shu daraja cho‘qishdiki, oxiri adashtirib qo‘yishdi. Qancha hikoya olib borgan bo‘lsam ham - natija bir xil: juda mujma, go‘shti yo‘q – faqat suyaklar, suyagi yo‘q – g‘irt go‘sht... Hatto yoshlar gazetasidagi bir uzunsoch yigit menga hayotni yaxshi tushunmasligimni bildirdi.
Menmi hayotni yaxshi bilmaydigan! Axir men olov va mis quvurlardan o‘tdim, to‘rt marta suvda g‘arq bo‘ldim, topograflar bilan kurashdim, zindonga tushdim, tomdan yiqildim! Ko‘rsatib qo‘yaman senga, mishqi... tirmizak! Menga o‘xshab bir yarim soat karnizda osiliq tursang, qaysi qo‘shiqni kuylagan bo‘larding?!
Bu nima bilan tugashini bilmay turgandim, rahmat, ko‘zimni bitta yaxshi odam ochib qo‘ydi. Yoshi bir joyga borib qolgan jurnal adabiy maslahatchisi. U meni eslab qolgan ekan shekilli, menga hamdardlik bildirdi va chetga tortib aytdi:
- Aralashayotganim uchun uzr so‘rayman, men sizga otalarcha maslahat bermoqchiman. Xafa bo‘lmaysizmi?
- Qanaqa xafagarchilik? – javob berdim, - xafagarchiligi qoldimi?
Shunda qariya yaqinlashishga imo qildi va qulog‘imga pichirladi:
- Siz shunday yozingki, yaxshi yigit, - so‘zlar zich joylashsin, lekin fikrlaringiz erkin bo‘lsin. Uqdingizmi?
- Tushundim, - dedim minnatdorchilik hissi bilan cholning qo‘lini siqib.
Uyda darhol yozuv mashinamni eng kichik oraliqda o‘rnatdim, qog‘oz qo‘yib o‘tirib oldim.
Ikki oy uydan chiqmasdan olti yuzdan ortiq sahifa yozdim. So‘zlar juda zich joylashgan edi. Ba’zilari hatto umuman sig‘madi, men ularni qo‘lda, ikkincha qavatda, yon va orqa tomonda kichik qo‘lyozmalar bilan kiritdim.
Qo‘lyozma shunchalik qalin bo‘ldiki, papkaga sig‘madi. Men uni tizzam bilan bosib turib, kamarlarini tishlarim bilan tortib bog‘ladim.
Nashriyotdagi muharrir (o‘sha ko‘zoynakli, qattiqqo‘l) papkamni ko‘rib, o‘zgardi. U meni mineral suv bilan mehmon qildi, o‘zi ham ikki stakan ichdi. U butunlay boshqacha odam edi – oldingisi qayerga ketdi?
Qo‘lyozma bo‘yicha faqat bittagina fikr bildirdi:
- Xo‘sh, – dedi u, - so‘zlaringiz biroz tiqilishib qolipti.
- Hech qisi yo‘q, - javob berdim men, - tiqilinch bo‘lsa ham, totuvlik bo‘lsin. Unga yaqinlashib yana qo‘shib qo‘ydim: - E’tibor bergan bo‘lsangiz, fikrlar keng joylashgan.
Hozir kitobim bo‘yicha yakuniy qarorni kutmoqdaman. Ayni paytda men vaqtimni behuda o‘tkazmayapman: asosiy tamoyil va yo‘nalish bilan qurollanib, kitobning ikkinchi qismini shoshilinch ravishda yozyapman.
Rus tilidan Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.