Myanmada harbiylar hukumatni egalladi va favqulodda holat e’lon qildi
Myanmada harbiylar davlat to‘ntarishini amalga oshirdi va vitse-prezident Min Shveni mamlakatning muvaqqat prezidenti etib tayinladi. Davlat hukumati to‘liq Myanma Qurolli kuchlarining bosh qo‘mondoni, katta general Min Aung Xlaynga topshirildi, deb xabar qilmoqda Ria novosti.
Ta’kidlash lozimki, o‘tgan haftada Myanma Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni qonunlar tegishlicha bajarilmasa, konstitutsiya bekor qilinishi mumkinligini ma’lum qilgach, mamlakatdagi siyosiy keskinlik oshib ketgan edi.
Mint Shve 2018 yilda ham sobiq prezident Txin Chjo iste’foga chiqarilgandan keyin Myanma muvaqqat prezidenti vazifasini bajargan edi. Sinxua axborot agentligining xabar berishicha, muvaqqat prezident Mint Shve imzolagan deklaratsiya o‘sha kuni faoliyat yuritgan yagona «Myavadi» harbiy telekanali efirida eshittirilgan. Deklaratsiyada aytilishicha, davlat hukumati to‘liq Myanma qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni, katta general Min Aung Xlaynga topshiriladi.
Avvalroq, «Demokratiya uchun milliy liga» hukumat partiyasining vakili Mio Nyunt turli ommaviy axborot vositalariga Myanma rahbari, davlat maslahatchisi Aun San Su Chji hamda mamlakat prezidenti Vin Minning noma’lum shaxslar tomonidan hibsga olinganligi haqida ma’lumot bergan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ular bilan birga, hibsga olinganlar orasida partiyaning mintaqalardagi vakillari va bir qator mahalliy amaldorlar bo‘lgan.
Yangonning yirik shahri meriyasi atrofida ham qo‘shinlar joylashtirildi, deb xabar qilmoqda Reuters.