BMT Myanmadagi zo‘ravonlikni qoraladi
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha Oliy Komissari (UVKPCh) idorasi rasmiy vakili Ravina Shamdasani Myanmadagi harbiy to‘ntarishga qarshi namoyishlarda 149 kishi halok bo‘lganligini aytdi, deb yozadi RIA Novosti.
"Biz Myanmadagi namoyishchilarga nisbatan noqonuniy ravishda kuch qo‘llanganligi sababli 1 fevraldan beri kamida 149 kishini hayotdan mahrum qilinganligini tasdiqlaymiz", dedi Ravina Shamdasani.
UVKPCh vakili aniqlik kiritishicha, o‘tgan dam olish kunlarining o‘zidayoq politsiya bilan to‘qnashuv paytida 57 kishi halok bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, qurbonlar soni ko‘proq bo‘lishi mumkin, ammo bu borada odamlar o‘limi haqida olingan ma’lumotlar qo‘shimcha tasdiqni talab qiladi.
Bundan tashqari, huquq himoyachilari fikriga ko‘ra, mamlakatda harbiy to‘ntarish sodir bo‘lgan paytdan boshlab 2084 kishi noqonuniy hibsga olingan.
Myanma shaharlaridagi to‘qnashuvlar davlat maslahatchisi va tashqi ishlar vaziri lavozimida bo‘lgan, keyinchalik chetlashtirilgan Aun San Su Chining sud jarayoni e’lon qilinishi arafasida sodir bo‘ldi. Sud majlisi 15 mart kuni boshlanishi va onlayn tarzda o‘tkazilishi kerak edi, ammo aloqa vositasi muammolari tufayli uni keyinga qoldirishga qaror qilindi.
Xo‘sh, aslida vaziyat qachon va qanday kelib chiqqan edi?
2020 yilning kuzida Myanmadagi parlament saylovlarida «Demokratiya uchun milliy liga» (NDL) 476 o‘rindan 396 tasini qo‘lga kiritdi. Bu partiyaga keyingi besh yil davomida hukumatni qayta tuzishga imkon berdi. Harbiylar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan «Birdamlik va taraqqiyot partiyasi» atigi 33 mandat oldi. Armiya rasmiylari firibgarlikdan shikoyat qilishdi va natijalarni Oliy sudga berdi, ammo saylov komissiyasi firibgarlikni isbotlovchi dalil topmadi.
Shundan keyin, 2021 yil 1 fevral kuni harbiylar mamlakatda bir yilga favqulodda holat e’lon qildi va davlat rahbarlari - prezident Vin Min va hukmron NDL rahbari Aun San Su Chjini hibsga olishdi.
Shuningdek, hibsga olinganlar orasida partiyalarning mintaqalardagi boshqa yuqori martabali vakillari va bir nechta mahalliy amaldorlar bor edi. Shundan so‘ng, mamlakat bo‘ylab mitinglar to‘lqini boshlandi, ularning tarqatilishi paytida halok bo‘lganlar haqida xabar tarqaldi.
Mart oyi boshida esa Sputnik radiosi Yevropa Ittifoqi Myanma armiyasi bilan bog‘liq kompaniyalarga qarshi sanksiyalar tayyorlayotgani haqida ma’lum qildi.
G.Xoldorova tayyorladi.