Myanmaning 76 yoshli sobiq davlat maslahatchisiga korrupsiyaga aralashgani uchun qo‘shimcha besh yil qamoq jazosi hukm qilindi

Sobiq siyosatchi Aun San Su Chji Yangonning sobiq bosh vaziridan 600 ming dollar pora va yettita quyma oltin olganlikda ayblangan. U aybini tan olmagan.

Aun San Su Chji yana bir qancha korrupsiyada ayblanib, o‘tgan yilning dekabr oyi boshida harbiylarga nisbatan nafrat qo‘zg‘agani va COVIDga qarshi kurash qoidalarini buzgani uchun yana ikki yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi.

76 yoshli Aun San Su demokratik faoliyati uchun 15 yildan ortiq vaqtni uy qamog‘ida o‘tkazgan va 2016 yil aprel oyida saylovlardan so‘ng Myanma Davlat maslahatchisi lavozimini egallagan. 1991 yilda u Tinchlik uchun Nobel mukofotiga, bir yil oldin esa Saxarov nomidagi «Fikr erkinligi uchun» mukofotga sazovor bo‘lgan.

O‘tgan yilning 1 fevralida esa Myanma harbiylari mamlakatda favqulodda holat joriy etib, saylovdagi yirik firibgarlikda ayblangan Aun San Su boshliq hukumatni chetlatishgan edi.