Nafaqat OAV, balki noshirlik-matbaa, kutubxona faoliyati uchun ham mas’ul

Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining asosiy vazifalari quyidagicha belgilandi:

• fuqarolarning so‘z va axborot erkinligiga doir konstitutsiyaviy huquqlarining ro‘yobini ta’minlaydi, ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytiradi, media-bozorda ular uchun teng sharoitlar yaratadi, jurnalistlar huquqlarini himoya qiladi;

• ommaviy axborot vositalari, matbuot, noshirlik-matbaa va axborot-kutubxona faoliyatining rivojlanishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini ishlab chiqadi;

• davlat organlari va boshqa tashkilotlarga ular faoliyatining ochiqligini ta’minlashda, davlat xizmatchilariga ommaviy axborot vositalari bilan ochiq, ommaviy o‘zaro hamkorlik qilish madaniyatini singdiradi;

• mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng miqyosli islohotlarni xorijiy ishbilarmon doiralar, tadbirkorlar, salohiyatli investorlar, davlat va jamoat arboblari orasida targ‘ib etadi va keng xabardor qilish masalalarida davlat organlari va boshqa tashkilotlar, O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari bilan o‘zaro hamkorlik qiladi;

• tarmoq korxonalarining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish va mustahkamlash, shuningdek, zamonaviy standartlashtirish va sertifikatlashtirish tizimlari, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqadi va amalga oshiradi;

• kitob nashr etish, elektron va audio kitoblar yaratish, kitob mutolaasi madaniyatini oshirish, xorijda o‘zbek adabiyotini ommalashtirish sohasida dasturiy chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va ularning amalga oshirilishini ta’minlaydi;

• jurnalistlar hamda ommaviy axborot vositalari, matbuot, noshirlik-matbaa va axborot-kutubxona korxonalari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshiradi, tarmoqning muhandislik-texnik mutaxassislarini tayyorlashda ko‘maklashadi, ularning ijtimoiy va huquqiy himoyasini ta’minlaydi;

• respublika axborot xavfsizligini ta’minlashda ishtirok etish hamda axborot sohasidagi xatar va tahdidlarga qarshi o‘z vaqtida va munosib ravishda kurashish choralarini ko‘radi;

• Agentlik vakolatiga taalluqli masalalar bo‘yicha xalqaro hamkorlikni tashkil etadi.