Namunali maktabda muammolar bor, boshqalarida-chi?
Bugungi kunda Jomboy tumanida 56 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi faoliyat olib bormoqda. Mazkur ta’lim muassasalari kuz-qish mavsumiga tayyormi? Shu savolga javob izlab tumandagi ayrim maktablarda bo‘ldik.
Qalovini topolmayotgan o‘t yoquvchilarmi yoki mas’ullar?
Beshbola mahallasidagi 51-maktab tumandagi eng namunali ta’lim muassasalaridan biri. Maktab 2018 yilda «Obod qishloq» dasturi asosida 2,5 milliard so‘m mablag‘ evaziga kapital ta’mirlangan. 536 o‘ringa mo‘ljallangan 2 qavatli zamonaviy bino, ta’lim muassasasi hovlisida ekilgan gullarni ko‘rib ko‘zingiz quvnaydi. Ammo kuz-qish mavsumida sinfxonalarni, ayniqsa sport zalini isitishda muammolar borligi ayon bo‘ldi.
Maktabda ko‘mir bilan ishlaydigan 7 ta qozonxonaning barchasi soz holatda. Faqat isitish qozonlariga sifatli ko‘mir yetkazib turilsa kifoya. Bu yerda kuz-qish mavsumi uchun 50 tonna yoqilg‘i jamg‘arilishi rejalashtirilgan. Shundan 20 tonnasi keltirilgan. Ammo uning asosiy qismi kukundan iborat. Bu kabi sifatsiz yoqilg‘i bilan kuz-qish mavsumi betalofat o‘tishi mumkinmi, degan savolga maktabning xo‘jalik ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Nilufar Rahmatovadan javob ololmadik. U “To‘g‘risini aytib “katta”lardan boshim baloga qolmasin”, dedi, xolos.
– Bu savolingizga men javob bersam maylimi? – deb suhbatimizga qo‘shildi bir kishi. – Maktab qorovuliman. Sovuq kunlarda o‘t yoquvchilarga yordamlashaman. Keltirilgan ko‘mirning 60 foizi kukun. Elakdan o‘tkazib ishlatiladigan bo‘lsa bu ko‘mir bir oygayam yetmaydi. O‘tgan yili ham xuddi shunday sifatsiz ko‘mir berilgandi. Sektor rahbariga bu muammo haqida murojaat qilganimizda xalq ta’limi bo‘limi vakillari shu ko‘mir bilan ham isitish mumkinligini, qalovini topolmayotganimizni aytib, o‘zimizni ayblagandi. Keyin o‘t yoqishni o‘rgatish maqsadida qozonxonalar bo‘yicha mutaxassislar keldi. Ular ham kun bo‘yi urinib xonalarni isitolmagach, haq ekanligimizga amin bo‘ldi va maktabimizga ikki yuk mashinasida sifatli ko‘mir keltirildi. Shundan keyingina xonalarimiz isiy boshladi. Maktabimizni ta’mirlagan quruvchilar qozonxonalarning mo‘risini joylashtirishda uzoqni o‘ylamagan. Mo‘rilar odatda binoning tom qismidan balandroq bo‘lishi kerak. Bizda aksincha bo‘lgani uchun mo‘rilardan chiqayotgan issiqlik, tutun va uchqunlar bino tom qismidagi tunuka va yog‘ochlarga borib uriladi. Bu esa yong‘in xavfsizligiga zid.
Tumanning namunali maktabida shuncha muammo bo‘lsa, boshqalarida sharoit qanday ekan, deb o‘ylanib turganimizda, qorovul amaki so‘zini davom ettirib qoldi:
– Muxbir ukalar, yozaman desangiz yana bir muammomiz bor. Maktabda o‘t yoquvchi bo‘lib ishlashni hech kim xohlamaydi. Chunki kuniga 24 soat ish. Har bir qozonxonaga bir sutkada 200 kilogramdan, yettita qozonxona bo‘ladigan bo‘lsa 1 tonna 400 kilogram ko‘mir tashib, o‘t yoqib turish kerak. O‘tgan yili uch nafar ishchi navbatchilik asosida shu yumush bilan shug‘ullandi. Ishi og‘ir, oylik maoshi esa 500 ming so‘mdan ziyodroq.
Naymandagi maktab muammolarining yagona yechimi – yangi bino
Tumanning eng chekka hududi - Nayman mahallasida 2002 yilda hashar yo‘li bilan qurilgan 320 o‘rinli maktab bor. 20 ta xonadan iborat bu pastqam binoning ahvoli ancha og‘ir. 5 tonna kukunli ko‘mir keltirilganini hisobga olmasak, maktabda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari olib borilmagan, desa ham bo‘laveradi.
Maktab o‘qituvchilarining aytishicha, qurilgandan beri yaqinda pandemiya sabab xonalarni shamollatish uchun ochilgan deraza romlari shishib, qayta yopilmay qolgan. Ayrimlari chiriy boshlagan. Bino ichkarisiga kirishingiz bilan zax bosgan zalga ko‘zingiz tushadi. Birov suv sepib qo‘ygandek go‘yo. Devorlar yorilib ketgan. Zal va xonalar shifti sarg‘ayganiga qaraganda tomdan chakka o‘tadi. Mavjud 4 ta isitish qozonidan 2 tasi nosoz.
- Ko‘rib turganingizdek binomiz achinarli ahvolda, - dedi maktab direktori Vohid Mavlonov. – Imkon qadar o‘quvchilarimizga sharoit yaratishga harakat qilyapmiz. Yomg‘ir yog‘sa maktab tomidan chakka o‘tishini o‘ylab xavotirga tushamiz. Singan shiferlarni almashtirishga harakat qilamiz. Mahallamiz odamlari yordam qilishadi. Kimdir yangi, kimdir eski bo‘lsayam shifer ko‘tarib keladi. Qozonxonalarimizning 2 tasida suvni aylantirish tizimi yaxshi ishlamaydi. Xonalarning eshik va deraza romlari ham eskirgan.
Bir so‘z bilan aytganda, o‘qituvchilar ham, o‘quvchilar va ularning ota-onalari ham maktab uchun yangi bino qurilishidan umidvor. Shundagina muammolar bartaraf etilishi mumkin.
Qog‘ozda – hammasi yaxshi. Amalda-chi?
Tuman xalq ta’limi bo‘limidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda Jomboydagi 16 maktab tabiiy gaz bilan, qolganlari esa ko‘mir bilan istiladi. Bu maktablarga 2020-2021 o‘quv yili kuz-qish mavsumi uchun 285 tonna ko‘mir va 882 tonna ko‘mir briketi tarqatilishi rejalashtirilgan. Shu paytga qadar rejadagi ko‘mirning barchasi va ko‘mir briketining 266 tonnasi ta’lim muassasalariga yetkazilgan. Shuningdek, 24 ta maktabga 300 metr kvadrat oyna tarqatilgan.
Bu raqamlar faqat qog‘ozda emasmi? Eng namunali, deb aytilgan 51-maktabga shu paytgacha 50 tonna ko‘mirning 20 tonnasi keltirilgani va uning ham asosiy qismi kukunligini e’tiborga olsak, boshqa maktablarda vaziyat qanday ekan?
To‘lqin SIDDIQOV,
Baxtiyor MUSTANOV,
«Zarafshon».