Narpay tumani ETK xodimlari qariyb 500 million so‘m mablag‘ni talon-toroj qilgan
Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyati boshqarmasi hamda Narpay tumani bo‘limi tomonidan tuman elektr ta’minoti korxonasida iste’molchilarning shaxsiy hisob-varaqalariga kiritilgan to‘lovlarning qonuniyligi o‘rganildi.
Aniqlanishicha, 2018-2019 yillar davomida korxonaning bir guruh xodimlari korxona hisob raqamidagi 499,1 million so‘m miqdoridagi pul mablag‘larini hududda joylashgan 173 ta korxona va tashkilotlarning “Elektrhisob” dasturidagi shaxsiy hisob-raqamlariga hech qanday hujjatlarsiz o‘tkazib bergan. Ushbu noqonuniy o‘tkazilgan mablag‘lar evaziga korxona va tashkilotlar mas’ul xodimlaridan naqd pullarni olib, ushbu pullarni belgilangan tartibda elektr ta’minoti korxonasiga kirim qilmasdan, bank kassasiga topshirmasdan, o‘zlarining shaxsiy manfaatlari uchun ishlatib yuborgan va o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.
Mazkur holat yuzasidan Majburiy ijro byurosi Narpay tumani bo‘limi tomonidan tuman elektr tarmoqlari korxonasi xodimlariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlarini olib borish uchun tuman prokuraturasiga yuborilgan.
Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyati boshqarmasi axborot xizmati.