Narpayda 28 nafar fuqaroni chuv tushirgan 17 yoshli yigitga jinoyat ishi ochildi

Narpay tumanida yashovchi yigit firibgarlik orqali fuqarolarni bank kartalaridagi mablag‘larni o‘zlashtirib kelgan.

Qayd etilishicha, Surxondaryo viloyati Bandixon tumanida yashovchi fuqaro A.Yu. ariza bilan murojaat qilib, arizasida telegram messenjeri orqali “Texnomart Aksiya” nomli profil egasi “Samsung A-72” rusumli telefon apparatini yutib oldingiz, deb firibgarlik yo‘li bilan “Humo” bank kartasida bo‘lgan jami 1 500 000 so‘m miqdoridagi pullarini yechib olganligini bildirgan.

Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida A.Yu. ismli fuqaroning bank kartasidan pullarni yechib olgan shaxs Narpay tumanida yashovchi, voyaga yetmagan 2005 yilda tug‘ilgan S.U. ekanligi aniqlandi.

Surishtiruv ishlari davomida, S.U. bundan tashqari yana 27 nafar fuqaroning bank kartasidagi pul mablag‘larini o‘zlashtirib olganligi aniqlangan.

Ushbu fuqaroga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.