Narpayda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirsa bo‘ladi(mi?)
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2021 yil 1 may holatida Samarqand viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan 8008 ta oilaviy korxonaning 7479 tasi faoliyat yuritmoqda. Oilaviy korxonalar soni bo‘yicha Samarqand shahri (165 ta), Past Darg‘om (121 ta) va Samarqand tumani (112 ta) yetakchi bo‘lsa, Nurobod tumanida atigi 3 ta, Qo‘shrabotda 8 ta, Paxtachi tumanida 10 ta ekan. Ushbu holat viloyatimizning ayrim hududlarida oilaviy korxonalarni tashkil etishga jiddiy e’tibor qaratish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Oilaviy tadbirkorlikni tashkil etish va rivojlantirish maqsadida olib borilgan ishlarni Narpay tumani misolida tahlil qilsak. 2021 yil 1 yanvar holatida mazkur tuman bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan oilaviy korxonalarning soni 224 tani tashkil etgan va ularning 218 tasi faoliyat ko‘rsatgan. O‘tgan yilning o‘zida 112 ta shu turdagi korxona ochilib, 7 tasi tugatilgan. Oilaviy tadbirkorlikning rivojlanish ko‘rsatkichlari bo‘yicha Narpay viloyatda sakkizinchi o‘rinni egalaydi.
Tumandagi oilaviy korxonalarning 109 tasi savdo sohasiga, 55 tasi sanoatga, 24 tasi yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlarga, 14 tasi qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligiga to‘g‘ri keladi.
Oilaviy tadbirkorlikning rivojlanish tasnifiga ko‘ra, tuman o‘rta darajadagi “sariq” toifaga xos hudud hisoblanadi. Ya’ni, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida ushbu tarmoqning o‘rni yetarli emas. Hududda xizmatlar sohasining axborot va aloqa hamda sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish kabi faoliyat yo‘nalishlarida oilaviy tadbirkorlik sub’yektlari deyarli mavjud emas. Shu bois, tumanda “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida xizmatlar sohasidagi loyihalarni kreditlashga ustuvorlik berilishi maqsadga muvofiq. Shuningdek, “sariq” toifadan “yashil” toifadagi hududga o‘tish bo‘yicha aniq rejalashtirilgan “yo‘l xaritasini” ishlab chiqish taklif etiladi.
2020 yilda Narpay tumanida oilaviy tadbirkorlikning sektorbay va mahallabay rivojlanish holatini tahlil qilish asosida 2021 yil uchun tumanning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturida oilaviy tadbirkorlik yo‘nalishi ham belgilandi va bu boradagi muhim chora-tadbirlarni amalga oshirish vazifasi qo‘yildi.
Bunda, birinchidan, oilaviy tadbirkorlikning rivojlanish ko‘rsatkichlari bo‘yicha viloyat ko‘rsatkichlari darajasiga erishish, buning uchun har bir mahalla kesimida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha aniq yo‘nalishlarini belgilab olish maqsadga muvofiq.
Ikkinchidan, xizmatlar sohasining axborot va aloqa hamda sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish kabi faoliyat yo‘nalishlarida oilaviy tadbirkorlikni tashkil etishni jadallashtirish lozim. Zero, ushbu xizmatlarga talab ko‘paymoqda, talab bor joyda taklif shunga mos bo‘lishi kerak.
Uchinchidan, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun davlat tomonidan ajratilayotgan subsidiyalar hajmini “yashil” – 5 foiz, “sariq” – 15 foiz va “qizil” toifadagi mahallalarga – 80 foizgacha tabaqalashtirilgan holda ajratish lozim deb hisoblaymiz.
Gulnora Shodiyeva,
Samarqand iqtisodiyot va servis instituti professori.
Shuxrat Quvondiqov,
Samarqand iqtisodiyot va servis instituti doktoranti.