«Navbahor» futbolchisi «Dinamo»ga o‘tdi

Karantin munosabati bilan Samarqandning «Dinamo» jamoasi o‘z maydonida mashg‘ulotlarga zo‘r berishgan. Yangi bosh murabbiy S.Lushan rahbarligida Pro-ligada munosib ishtirok etishga harakat qilayotgan jamoaga bir qator jamoalardan yangi futbolchilar taklif etilgan. Jumladan, mavsumning qolgan qismini samarqandliklar safida davom ettirish maqsadida Namanganning «Navbahor» klubidan himoyachi Obid Jo‘raboyev jamoa mashg‘ulotlariga kelib qo‘shilgan. O.Jo‘raboyev ilgari Lushchan qo‘l ostida «Bunyodkor» safida to‘p surgan edi.

«O‘zbekiston Osiyo chempionati-U19 ni o‘tkazishga tayyor»

Bu haqda FIFA hamda OFK rahbarlari o‘rtasida o‘tkazilgan onlayn muloqot vaqtida e’lon qilindi, deyiladi O‘FA rasmiy saytida.

- O‘zbekiston joriy yil oktyabrda o‘tadigan 19 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionatini o‘tkazishga tayyor, - dedi O‘FA prezidenti A.Azizov FIFA prezidenti J.Infantino bilan onlayn muloqotda. - Bu pandemiya vaqtida butun dunyodagi ilk markazlashgan musobaqa bo‘ladi. Futbol uchrashuvlarini muntazam o‘tkazib borilishini ta’minlash uchun xalqaro futbol uyushmalari va a’zo assotsiatsiyalar bir qator sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda.

FIFA prezidenti OFK prezidenti Shayx Salmon bilan birgalikda Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasi tarkibiga kiruvchi futbol assotsiatsiyalari rahbarlari bilan uchrashgan holda mintaqadagi vaziyat bilan yaqindan tanishib, kelajakdagi rejalar bo‘yicha fikr almashishdi.

- O‘zbekistonda karantin va gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda professional ligalar uchrashuvlarini tomoshabinlarsiz davom ettirish uchun Covid-19 maxsus tibbiy protokolini ishlab chiqdi, - deydi O‘FA prezidenti A.Azizov. - 13 iyunda qayta boshlangan Superliga musobaqalari 20 iyulgacha davom etdi. Chempionatni qayta tiklash joriy yilning 14 avgustidan boshlab rejalashtirilgan va liganing birinchi bosqich o‘yinlari markazlashtirilgan formatda o‘tkaziladi. Shuningdek, terma jamoalar uchun karantin qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini tashkil etmoqda.

Shuningdek, bugun O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi 19 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionatiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ushbu tadbir birinchi marta uchta shaharda, 2020 yilning 14-31 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tadi. Bu pandemiya davrida dunyodagi birinchi markazlashtirilgan xalqaro futbol musobaqasi bo‘ladi.

O‘zbekistonda terma jamoalar uchun birinchi Futbol markazini qurish uchun 12 gektar maydon ajratildi. Ushbu markazda 160 o‘rinli mehmonxona majmuasi, 7 ta futbol maydoni, reabilitatsiya va ilmiy-uslubiy markaz va boshqa zarur sharoitlarni o‘z ichiga oladi.

Dilshod O‘TAMURODOV.