Navoiy — buyuk shoir, davlat arbobi, iqtisodchi va mutafakkir

An’anaga ko‘ra, bugun Samarqand shahridagi Alisher Navoiy nomli markaziy istirohat bog‘i ertalabdan davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, professor-o‘qituvchilar, yozuvchi, shoirlar, talabalar va o‘quvchilar bilan gavjum bo‘ldi.

Bog‘ markazida o‘rnatilgan Hazrat haykali poyida buyuk mutafakkir tavalludining 583 yilligi munosabati bilan tadbir o‘tkazildi. Unda Navoiy hayoti, boy madaniy merosi va bugungi kunda yoshlar tarbiyasidagi o‘rni xususida fikr yuritildi.

Hazrat Navoiy asarlari dunyo xalqlarining bebaho ma’naviy merosiga aylangani qayd etildi. Turli tillarda g‘azal va ruboiylaridan namunalar o‘qildi.

Viloyat musiqali drama teatri san’atkorlari tomonidan Navoiy siymosi aks ettirilgan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.
Tadbir ishtirokchilari Alisher Navoiy haykali poyiga gulchambarlar qo‘ydi.

Sanaga bag‘ishlangan tadbir viloyat musiqali drama teatrida "Nazm va navo" ma’rifiy tadbiri, konsert dasturi va mushoira kechasi bilan davom etdi.